Islomda sportga bo’lgan e’tibor diniy nuqtai nazardan ham, jamiyatning umumiy rivojlanishiga qo’shgan hissasidan ham katta ahamiyatga ega.  Islom nafaqat ruhiy, balki jismoniy salomatlikka ham katta e’tibor beradi, chunki jasadni parvarish qilish va uni sog’lom saqlash — Allohning bergan ne’matiga nisbatan shukr qilishning bir shaklidir.

Islomda sport faolligi ikki asosiy jihatni o’z ichiga oladi: birinchidan, jismoniy salomatlikni yaxshilash, ikkinchidan, jamiyatning birligini va ijtimoiy aloqalarini mustahkamlash. Zero, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o’zlari ham sahobalari bilan kurashib turganliklari rivoyatlarda keladi. Bir hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam:

عن أَبي هُرَيْرَةَ رضِيَ الله عنهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: الْمُؤْمِنُ الْقَوِىُّ خَيْرٌ وَأَحَبُّ إِلَى اللَّهِ

مِنَ الْمُؤْمِنِ الضَّعِيفِ

«Kuchli mo’min kuchsiz mo’minga qaraganda Allohga yaxshi va mahbubroqdir». deya marhamat qilganlar.

Islomda ba’zi sport turlariga alohida e’tibor qaratilgan. Masalan, ot choptirish, o’q otish, suzish va kurash kabi sportlar paydo bo’lishidan avval ham musulmonlar tomonidan mashq qilingan.

Islomda sport faolligi nafaqat jismoniy sog’likni, balki ruhiy barqarorlikni ham mustahkamlashga yordam beradi. Masalan, sport bilan shug’ullanish stressni kamaytiradi, kayfiyatni ko’taradi va insonni jismoniy va ruhiy jihatdan uyg’unlashtiradi. Islomda dard va qiyinchiliklarga duch kelgan insonlarni sabr va qat’iyat bilan qarshi olishga targ’ib qilinadi, va sport bu maqsadni amalga oshirishda foydali vosita bo’lishi mumkin.

Shunday qilib, Islomda sport faolligi salomatlik, ruhiy barqarorlik va ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Dinimizning ta’limotlari orqali sportni nafaqat jasadni kuchaytirish, balki odamlar orasida bir-biriga hurmat va muhabbatni oshirish vositasi sifatida ko’rish mumkin. Islomda sportga bo’lgan e’tibor insonning to’liq rivojlanishiga xizmat qiluvchi bir yo’ldir.

Hikmatulloxon HOMIDOV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi