MIRZO BOBUR SHA’NIGA QILINGAN TUHMATLAR

97

 

Zahiruddin Muhammad Bobur shaxsiyatiga to’xtaladigan bo’lsak, arab mamlakatlari u zotni Hindistonda musulmonlar imperiyasi asoschisi sifatida ta’riflashadi. Bugungi davr “qahramonlari” esa, u zotni “shoh va shoir” deyishdan nariga o’tmaydilar. Aslida-chi?!

Zahiriddin Muhammad uning ismi bo’lib, Bobur esa laqabidir. O’zining shijoati, qo’rqmasligi sababidan shu laqabni olgan. Bu esa, arab tilida “yo’lbars” deganidir.

Boburning shoirligidan tashqari ko’pgina qirralari inson bo’lgandir. Zahiriddin Muhammad Bobur shoir, faqih, nahv olimi va ajoyib tarixchi hamdir.

Muarrixlar Zahiriddin Boburni shaxsiyati to’g’risida gapirar ekanlar, hattoki, uni fiqh ilmida mujtahid olimlardan ekanligini aytishgan. Fiqh ilmida yozgan “Mubayyin” asari Hanafiy fiqhini bezagan asarlardan bo’ldi. Kitob Hamd va Na’t bilan boshlanib, o’z ichiga “Tahorat kitobi”, “Namoz kitobi”, “Zakot kitobi”, “Haj kitobi” va “Nikoh kitobi”ni qamrab oladi.

Xattotlik borasida ham tengsiz bo’lib, “Xatti Bobur”da bir mushaf ko’chirib, Makkaga jo’natgan.

Bobur o’z davrining podshohlari kabi ichkilikka ruju’ qo’ymagan. Bu to’g’risida o’zining “Boburnoma” asarida yozib, ichimlik ichishdan tavba qilgani, Alloh har bir tavba qiluvchiga mehribon ekanligini aytgan.

Tarixda Bobur sha’niga to’qilgan bir qancha tuhmatlar borki, shulardan biri Boburni shialikni qabul qilgani haqidadir. Bu esa tarix voqealariga bir yoqlama munosabatda bo’lish samarasidir. Xo’sh, aslida bu to’g’risidagi haqiqatlar nimalardan iborat?!

Zahiriddin Muhammad Bobur bobosi qurgan davlatni qayta tiklash uchun, Shayboniyxonga qarshi Eron davlati rahbari Ismoil Safaviy bilan ittifoq tuzadi. Ismoil Safaviy Rofiziy (shia)larning Isna ashariylar toifasiga mansub edi. Ular o’rtasida bir necha bor diplomatik aloqalar o’rnatish maqsadi-da uchrashuvlar bo’lib o’tgan. Shu uchrashuvlardan birida, Bobur va Shoh Ismoil o’rtasida Salla almashish holati kuzatiladi. Bunga o’xshagan holatlar bugungi kun diplomatiyasida ham yaqqol ko’zga tashlanadi. Boburning “Isna ashariy”lar sallasini kiyishdan maqsadi, shialikni qabul qilish emas edi. Bunga dalil o’laroq quyidagi voqealarni keltirish mumkin:

Bobur ikkinchi bor Samarqandni Ismoil Safaviyning yordami bilan egalladi. Shoh Ismoil davlat qo’shinidan bir qismini jo’natgan. Bobur bu kelishuv zamiridagi g’arazli maqsadlarni bilmas edi. Samarqand va Buxoro qayta qo’lga kiritilgach, shaharlardagi aholi Boburni g’alaba bilan qutladilar. Buxoro va Samarqand shaharlariga o’rnashib olgan Eron qo’shinlari aholini shialikka majburlay boshladi. Hattoki, jum’a xutbasiga o’n ikki imom nomi qo’shildi. Buxoro va Samarqandda yuzlab ahli sunna val-jamoa ulamolari qatl etildi. Bobur bu ishlarni ko’rib, juda afsuslandi. Shoh Ismoil bilan tuzgan shartnomasi, go’yo o’z boshiga balo bo’lganday, nima chora topishni bilmay qoldi. Shaharni Shayboniyxonga topshirib, o’zi dastavval Kobulga, keyin esa, Hindiston tomon yuzlandi. Bu haqida o’zining ruboiylaridan birida shunday deydi:

Tole’ yo’qi jonimg’a balolig’ bo’ldi,

Har ishniki, ayladim, xatolig’ bo’ldi.

    O’z yurtni qo’yib, hind sori yuzlandim,

                                     Yo rab, netayin yuz qarolig’ bo’ldi.

 

Bugungi kunda Bobur shaxsiyatiga tosh otadiganlar u zotni yana bachchabozlikda ayblashadi. Bunga dalil keltira turib, Bobur Samarqandni tark qilayotgan vaqtida singlisini Shayboniyxonga berib, so’ngra Kobulga ketganini aytishadi. Emishki, Bobur o’z singlisini Shayboniyxonga berganining sababi, unda erkaklik sifati bo’lmagan, shuning uchun, o’z singlisini o’z dushmaniga berishdan hayiqmagan ham. Bu qip-qizil tuhmat ekanligini “Boburnoma” asarini tadabbur bilan o’qigan har bir kishi juda yaxshi anglaydi. Bobur to’g’risida yozgan tarixchilardan Mirzo Haydar ham bu to’grisida hech keltirmagan. Qolaversa, uning sher deb nom olishligining o’zi ham Bobur tabiatan bunaqa buzuqilikdan uzoq ekanligini ifodalaydi.

O’zlarining bu bo’htonlariga dalil keltrishlik uchun Hindistonda sirg’a taqqanligin aytishadi. Bunga javob berib aytamizki, Bobur o’zi mujtahid faqihlardan bo’lgan. Agar sirg’a taqish harom bo’lganida edi, bu ishni qilmagan bo’lar edi. Masalaning asl mohiyati shundaki, erkaklarga ayollarning sirg’asini taqishlik harom bo’lib, Rosululloh bu ishni qilganlarni la’natlaganlar. Boburning sirg’a taqqanligining sababi, hind madaniyatida shohlarning sirg’a taqish urfi bo’lganidir. Qolaversa, hanafiy fiqhida ko’p narsalar urfga bog’lanadi.

Bu borada xasmlarning pichoqqa ilinarlik dalillari yo’q. Boburning “Mening oldimga bir xushsurat yigit keldi, uni yaxshi ko’rib qoldim” degan gapini dalil qilib keltirmoqchi bo’lishadi. Bunga javoban ayatmizki, gohida erkak kishiga erkak suhbatdosh o’laroq ma’qul bo’lib, u bilan ko’p suhbatlashishni, u bilan birga vaqtini o’tkazishni xush ko’rishi mumkin. Buning sababi, u bilan “ishqiy munosabatlar” o’tkazish emas, balki, do’stona munosabatlar bo’ladi xolos. Qolaversa, sahobalarning ko’pi, Rosulullohni oydan ko’ra go’zal ekanligini, u zotni yaxshi ko’rishlarini izhor qilib turganlar. Bu ular o’rtasidagi “ishqiy munosabatlar”ni ifodalamagan, balki, mehr-muhabbat, mehribonlikni ifodalagan xolos. Erkak kishini erkak kishiga mehribon bo’lishi har doim ham bachchabozlikni ifodalamaydi.

Bugungi kunda, Hindiston hukumati turizm miqyosida Boburiylar tomonidan qurilgan inshootlar orqali mo’maygina daromad oladi. Ko’pchilik insonlar oldida Hindiston nomi tilga olinsa, darrov “Tojmahal” ni yodga oladilar. “Tojmahal” o’z davrining tengsiz me’moriy obidasi va bugungi kunga qadar o’z qiymatini yo’qotgan emas. Uni har yili tomosha qilishlik uchun millionlab sayyohlar mamlakat hududiga tashrif buyuradilar. Mamlaktda Boburiylar davriga oid me’moriy obidalar juda ko’p va davlat ham bu obidalar orqali juda katta daromadga egalik qiladi. Boburiylar mamlakatda ko’plab ariq va kanallar qazdirib, keng obodonchilik ishlarini amalga oshirganlar. Lekin so’nggi yillarda mamlakatda radikal o’nglarning hukumat boshqaruvchiligida yuqori o’rinlarni egallashi oqibatida, Kundan kunga Boburiylar madaniyatiga behurmatlik holati avj olib, keskin tusga kirmoqda. Ularning da’volaricha, mamlakat hududidagi ko’plab Boburiylar davriga oid me’moriy obidalar, aslida, hindlar asl an’analari va dinlarini ifodasi bo’lgan ibodatxonalari ekan. Boburiylar hinduizm diniga e’tiqod qiluvchilarning ibodatxonalarini buzib, uni o’rniga masjid va saroylar qurib olgan emish. Buni yaqqol namunasi o’laroq, yaqinda 500 yillik tarixiy masjidning buzilib, o’rniga hindlar uchun ibodatxona qurilgani yaqqol misol. Bu ishlarni amalga oshirishda Bosh Vazir Narendra Modining xizmatlari “beqiyos”.

So’nggi yillarda bu kabi da’volar Tojmahalga ham ko’chdi. Mahalliy hind aholisining ba’zilari va radikal o’nglarning bu boradagi fikrlari keskinlashib, Tojmahalni buzish kerakligi to’g’risida fikrlarni yuzaga kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Lekin ularning bu “orzulari” hanuzgacha amalga oshgani yo’q. Lekin, Tojmahal oldidan oqib o’tadigan Agra daryosining suvi keskin kamayishi, shahardagi zavodlarning chiqaradigan zaharli gazlari sababidan Tojmahalga ancha zarar yetgan. Amaldagi hukumat esa, hali yetarlicha chora ko’rgani yo’q.

Shubha yo’qki, Boburiylar imperiyasi Hindistonda hukmronlik qilgan davrda, mamlakat gullab yashnadi. Davlatda adolat hukm surib, turli xil din vakillari o’zaro sabr-toqat va bag’rikenglik ruhida yashadilar. Bu gapimizni Hind diyori farzandi R.Sharma va Javaharlal Nerular qo’llab quvvatlaydi. Ular o’zlarining asarlarida Bobur to’g’risida juda iliq fikrlarni aytishgan. Ayniqsa, Javaharlal Neru qamoqdaligida qiziga yozgan xatlarining birida Boburning adolatini maqtagan.

Siyosiy maqsadlar yo’lida aybsiz insonlarni aybdor deb ustidan mag’zava ag’darishga urinish, g’irt pastkash insonlarni ham “Don ki Xot”, “Robin Gud” qilib ko’rsatish avjiga chiqqan davrda, tarix dushmanlarining tuzoqlariga tushmaslik va noxolislik libosiga o’ranmaslik bugungi kun talabidir. Yaqin yuz yil davomida Amir Temurni “kallakesar va zolim, qonxo’r” deb tanigan bu millat, agar o’zligini anglamaydigan bo’lsa, o’z farzandlarini yanada minglarcha balchiqlar girdobida qoldirishi hech gap emas. Maqsadimiz, kimnidir maqtash yoki kamsitish emas, balki, tariximiz osmonini qoplab olgan noxolislliklarni bartaraf etish xolos. Umid qilamanki, bu maqolani o’qib chiqqaningizdan keyin, Bobur va Boburiylar borasidagi noxolis fikrlaringizdan voz kechasiz.

 

2-«B» guruh talabasi Bozorov Sirojiddin

«Mirzo Bobur sha’niga qilingan tuhmatlar»