NAFS TARBIYASI – SAODAT KALITI
111

Insonda ruh va nafs bordir. Ruhning ozuqasi shariatga muvofiq bo’lgan barcha amallar bo’lib, kimki biron shar’iy amalni qilsa ruh quvvatlanadi. Mana shu sababdan namoz va boshqa ibodatlardan keyin ruhiy taskinlik topiladi.
Nafsning istagi esa shariatning ziddi bo’lgan narsalar bo’lib, o’sha amal sabab kishining nafsi quvvatlanadi. Namoz qazo bo’lganida, qazoni o’qimay yuraverish yoki ibodatlarni ado etishning qiyin bo’lishi nafs istagi bo’lib, u shundan quvvatlanaveradi.
Musulmon kishi ibodatlarga qancha tashna bo’lsa, namozini vaqtida o’qisa, zakotini kechiktirmay ado qilsa, sadaqalari to’kis bo’lsa, Qur’oni karim tilovatida bardavom bo’laversa, ruhi quvvatlanib, nafsu havosi sinib, ibodatlar unga sevimli bo’laveradi. Nafs Shaytonning eng kuchli qurolidir.
Kimki nafsiga qul bo’lib, ma’siyat ishlarga giriftor bo’lsa, halol-harom farqiga bormasa, nafsi kuchayib, ruhi quvvatsizlanaveradi. Oqibatda ibodatlar uning uchun qiyin, yoqimsiz bo’laveradi. Alloh taolo Qur’oni karimda Yusuf alayhissalomning so’zlarini quydagicha keltiradi:
وَمَا أُبَرِّئُ نَفْسِي ۚ إِنَّ النَّفْسَ لَأَمَّارَةٌ بِالسُّوءِ إِلَّا مَا رَحِمَ رَبِّي ۚ إِنَّ رَبِّي غَفُورٌ رَّحِيمٌ
ya’ni: “Va o’z nafsimni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Robbim rahm qilmasa, yomonlikka ko’p undovchidir. Albatta, Robbim mag’firatli va bilguvchidir” (Yusuf surasi 53-oyat).
Ushbu oyatda Robbimiz bizlarga nafsning mohiyatini bayon qilib, O’zi rahm qilmasa, u sababli holimiz xarob bo’lishini ta’kidlamoqda. Robbimizning bizga rahm qilishi esa, shariatga muvofiq amallarga muyassar qilishi bilan bo’ladi.
Dinimiz bizga nafsimizni doimo nazorat qilib borishga, uni koyib, tarbiya qilishimizga buyurgan. Imom G’azzoliy rahimahulloh: “Nafsni tarbiyalash har bir musulmon uchun farzi ayndir. Zero nafs pok bo’lsagina najotga erishadi”, – deydilar. Alloh taolo bu borada Qur’oni karimda shunday ogohlantiradi:
“Haqiqatan, nafsni poklagan kishi najot topur. Va u (nafs)ni (gunohlar bilan) ko’mib, xorlagan kimsa esa (Allohning rahmatidan) noumid bo’lur!” (Shams surasi 9-10 oyatlar).
Payg’ambarimiz sallalohu alayhi vasallam o’z nafsini tergab turgan kishini aqlli, hushyor inson deb ataganlar:
ya’ni: “Aqlli-hushyor kishi – o’z nafsini tergagan va o’limdan keyingi holat uchun amal qilgan insondir. Ojiz odam – nafsini havosiga ergashtirgan va Allohdan (ko’p narsalarni) umid qilgan kishidir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Boshqa bir oyati karimada Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
ya’ni: “Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo’rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo’lsa, bas, faqat jannatgina (unga) makon bo’lur” (Naziat surasi 40-41 oyatlar).
Demak, kim Qiyomat kunidagi hisob-kitobdan qo’rqib, nafsini gunoh ishlardan tiysa, unga jannat va’da qilingan ekan. Shuning uchun ham Hazrati Umar raziyallohu anhu odamlarga xitob qilib, shunday deganlar:
“Hisob qilinishingizdan oldin o’zingizni hisob-kitob qiling, amallar taroziga qo’yilishdan oldin nafsingizni taroziga qo’ying! Bugun nafsingizni hisob qilishingiz erta – Qiyomatda hisobingizni engillashtiradi. O’zingizni katta hisob-kitob Kuniga hozirlang! Allohga ro’para bo’ladigan kunda biror narsangiz maxfiy qolmaydigan kuningizga hozirlik ko’ring!” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Nafsiga ergashmay, uni tarbiyalagan kishi yutuqqa, muvaffaqiyatga etishadi. Zero, nafsga faqat gumroh kimsalargina ergashadilar. Alloh taolo shunday deydi:
“…O’z havoi nafsiga ergashgan kishidan ko’ra adashganroq kimsa bormi?!” (Qasos surasi 50-oyat).
Inson boshiga tushadigan har xil balo-ofatlar asosan nafs buzuqligidan kelib chiqadi. Shuning uchun ham xalqimizda: “Mening nafsim balodur, o’tdan cho’qqa solodur”, – degan purhikmat gap bejizga aytilmagan.
Nafs tarbiyasining foydalari: Nafsni turli razil odatlardan poklash, uni tarbiya qilish va sayqallash orqali kishi “salomat qalb”ga erishadi. Zero, qalb salomat bo’lsagina insonning boshqa a’zolari ham to’g’ri bo’ladi, turli gunoh ishlardan tiyiladi. Qolaversa, inson Qiyomat kunida salomat qalb bilangina najot topa oladi. Alloh taolo aytadi:
“U Kunda na molu davlat va na bola-chaqa foyda bermas. Magar Alloh huzuriga toza dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)” (Shuaro surasi 88-89 oyatlar).
Boshqa oyati karimada Alloh taolo nafsini poklagan bandalarini “Adn” jannati bilan mukofotlashini va’da qilgan:
“Ostidan anhorlar oqadigan, ular doimiy qoladigan – “Adn” jannatlari bo’lur. Bu (nafsi) pok bo’lgan kishilarning mukofotidir!” (Toha surasi 76 oyat).
Nafsni tarbiyasida muhim bo’lgan omillar: Nafsni tarbiyalaydigan eng yaxshi omil bu farz ibodatlardir. Zero, ushbu ibodatlarning barchasida insonning nafsiy illatlarini davolaydi. Jumladan: Imon nafsni har qanday holda Alloh taologa suyanishga, uni ulug’lashga va o’zini past olishga undaydi. Namoz – Robbiga itoatni shakllantiradi. Ro’za kishida dunyo ne’matlaridan o’zini tiyib turishga odatlantiradi. Zakot esa nafsdan baxillikni ketkazadi. Haj esa nafsga Alloh taolo yo’lida turli mashaqqatlarni ko’tarishni o’rgatadi.
Shuningdek, nafl ibodatlarni ado etish, Qur’on tilovat qilish va tinglash, turli zikrlar bilan tilni band qilish nafs tarbiyasining eng samarali omillaridan hisoblanadi.
Shu bilan birga ruhiy tarbiya mashoyixlari: nafs istaklariga teskari harakat qilish – uni tarbiya qilishning boshidir, deydilar. Bu haqda hazrati Imom Rabboniy quddisa sirruhu o’zlarining “Maktubot”larida shunday deydilar: “Nafsning istaganlarini qilmaslik, istamaganlarini qilish, nafsni zaiflashtiradi. Uni mag’lub etishning eng qulay yo’li esa sunnatga uyg’un yashamoq va qalbni maxluqot sevgisidan pok tutmoqdir”.
Demak, kishi o’z nafsini tarbiya qilgan zotlarga yaqin yurmog’i, ular bilan ham suhbat bo’lmog’i, ilm olmog’i va unga amal qilmog’i lozim bo’ladi.
Shunday qilib aytganda, nafs tarbiyasida inson uchun juda ko’p yaxshiliklar, barakalar bor. Unga ergashish esa yomonliklarning poydevori hisoblanadi. Har kim o’z nafsini tergab, uni isloh qilib borsa, natijada butun jamiyat ma’naviy islohga erishadi.
Alloh taolo barchamizni nafsimiz yomonligidan saqlab, uni tarbiyalash va go’zal axloqlarga odatlantirishga muvaffaq qilsin! Omin!
Olloyor OMONOV
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus ta’lim muassasasi o’qituvchisi
