SOG‘LOM TURMUSH TARZI-QUR’ON VA HADISLAR NURI OSTIDA
168

Inson sog‘lig‘i – Allohning in’omi bo‘lib, uni asrash va unga e’tibor berish har bir musulmonning burchidir. Qur’oni Karim va hadislar sog‘lom turmush tarziga katta urg‘u beradi, chunki sog‘lom tanada sog‘lom ruh bo‘ladi va inson o‘z vazifalarini mukammal bajara oladi. Agar inson sog’lom bo’lsa ruhiyati tinch va sokin bo’lsa uning kayfiyati va hayotga qiziqishi ortadi.
Alloh taolo insonni mukammal qilib yaratgan va unga o‘z sog‘ligini asrab-avaylashni buyurgan: Alloh taola aytadi: «Biz insonni eng go‘zal qiyofada yaratdik.» (At-Tin surasi, 4-oyat)
Bu oyat insonning jismonan va ruhiy jihatdan mukammal yaratilganini bildiradi va uni asrab-avaylash lozimligini anglatadi. Zero, inson qaysiki ishga qo’l urar ekan, o’sha ishining oqibati u uchun qanchalik foyda-yu va qanchalik zarar keltirishi ustida tafakkur qilmog’i lozimdir.
Shuningdek, Alloh halol va foydali narsalarni iste’mol qilishni buyuradi: «Ey insonlar! Yer yuzidagi halol va pok narsalardan yenglar.» (Al-Baqara surasi, 168-oyat)
Bu oyatdan inson sog‘lom bo‘lishi uchun halol, pok va foydali taomlarni iste’mol qilishi kerakligi tushuniladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda cho’chqa, yirtqich hayvonlar, o’limtiklar va shunga o’xshash bir qancha narsalarning go’shtini yeyishlikni harom qilgan, hazirgi zamonaviy tibbiyot ham bunday mahsulotlarni iste’mol qilishlik inson hayotiga jiddiy zarar keltirishini aniqladi. Bundan ko’rinib turubdiki, islom dinidagi buyurilgan barcha narsalar insonning sog’lig’i uchun foydalidir.
Rasululloh (s.a.v.) sog‘liqning qadriga yetish va unga e’tibor berish haqida ko‘p marotaba ta’kidlaganlar: Rosulimiz (s.a.v) «Ikki ne’mat borki, odamlar ularning qadriga yetmaydi: sog‘lik va bo‘sh vaqt» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati)
Bu hadisda sog‘liqning inson uchun qanchalik katta ne’mat ekani va unga e’tiborsiz bo‘lish zarar keltirishi haqida so‘z boradi. Va yana vaqt ham inson uchun juda qadrlidir.
Rasululloh (s.a.v) to‘g‘ri ovqatlanish haqida ham shunday deganlar: «Inson qornini to‘ldirish uchun yegandan ko‘ra, ozgina yeyishi o‘zi uchun yaxshiroqdir. Odam bolasi qorinni uch qismga bo‘lishi lozim: bir qismi taom, bir qismi suv va bir qismi nafas olsh uchun.» (Imom Termiziy rivoyati)
Bu hadis ovqatlanishda me’yorni saqlash, ortiqcha yeyishdan tiyilish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish muhimligini anglatadi. Zero, ortiqcha va palapartish taomlanishlik, hazm qilish jarayoni buzulishiga va turli boshqa kasalliklarni keldirib chiqaradi. Taomlanishda o’tirishning ham ahamiyati juda katta bo’lib, inson yotib yoki yonboshlab olib yoki tik turub taomlanishligi sog’ligi uchun zarar keltiradi.
Sog’lom turmush tarzi uchun tavfsiyalar
- To‘g‘ri va halol oziq-ovqat iste’mol qilish. Qur’onda halol va pok taomlarni iste’mol qilish tavsiya qilingan. Fastfud, zararli mahsulotlar va ortiqcha ovqat iste’mol qilishdan tiyilish kerak.
- Jismoniy faollik va sport bilan shug‘ullanish. Rasululloh (s.a.v) sport va jismoniy faollikni targ‘ib qilganlar. U zot yugurish, kamon otish, suzish va kurash kabi sport turlariga ahamiyat berganlar.
- Ortiqcha ovqatlanishdan tiyilish. Hadisda qayd etilganidek, ovqatlanishda me’yorni saqlash muhimdir. Haddan ortiq ovqat yeyish kasalliklarning asosiy sabablaridan biridir.
- Tinch uxlash va dam olishga e’tibor berish. Qur’onda uyquning inson hayotidagi muhimligi haqida shunday deyiladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Uxlashingizni dam olish (vositasi) qildik.»(An-Naba’ surasi, 9-oyat) Yetarlicha uyqu tanani tiklaydi va aqliy salohiyatni oshiradi. Inson miyyasini ishlash salohiyatini ashiradi.
- Sof havo va toza suvdan foydalanish. Rasululloh (s.a.v) ichimlik suviga e’tibor berish va uni ifloslantirmaslikni buyurganlar. Toza suv ichish sog‘liq uchun juda muhim.
- G‘am-tashvish va stressdan holi hayot kechirish. Ruhiy salomatlik ham muhim. Qur’onda Allohga tavakkul qilish va sabr bilan harakat qilish tavsiya etilgan. Inson stressdan qutulish uchun tinch va sokin, havosi toza joyga borishligi Allohga tavakkul qilishligi va tinchlanib olishligi va hayotga ijobiy nazar bilan qarashi tavfsiya qilinadi. Alloh taolo o’z kalomida: «Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik bor.» (Ash-Sharh surasi, 6-oyat)
Xulosa o’rnida shunu aytish kerakki, sog‘lom turmush tarzi Qur’on va hadislar nuri ostida inson hayotini baxtli va barakali qiladi. Sog‘lom bo‘lish uchun to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, pokizalik, yetarlicha dam olish va ruhiy xotirjamlik kabi omillarga amal qilish lozim. Alloh taolo barchamizga sog‘lom va foydali hayot kechirishni nasib qilsin.
Hafizulloh NORBOYEV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi
