BUYUK AJDODLAR MEROSINI O’RGANISH
278

Mamlakatimiz rahbari 2022-2026 yillarda milliy rivojlanish yo’lida orttirilgan tajribalarga asoslanib “Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi dasturida muhim vazifalarni ta’kidlab o’tdilar. Mazkur taraqqiyot strategiyasida sifatli ta’lim-tarbiya masalasiga va milliy qadriyatlarga nisbatan yoshlarning hurmat e’tiborini oshirish kerakligi ta’kidlanadi.
Azal-azaldan ma’lumki o’zbek xalqi o’z tarixiga, madaniy merosiga hurmat, izzat-ikromli, mehr-oqibatli bo’lgan. O’tmishdoshlarimizga biz qanday munosabatda bo’lsak, farzandlarimizdan bizga shunday javob qaytishligini talabalarimizga tushuntirish masalaning muhim jihatlaridan biri sifatida qaraymiz. O’tmishimizni qanchalik yaxshi bilsak va e’zozlasak, hozirgi davrni, mustaqillikning istiqbolini shunchalik chuqur anglaymiz. Asosiysi mustaqillik tufayli xalqimizning madaniy-ma’naviy taraqqiyotiga keng yo’l ochildi. Hozirda milliy meros mohiyatini anglashgina emas, shu bilan birga uni rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratildi. Juda ko’plab ilmiy, badiiy, tarixiy, falsafiy asarlar, qadimiy qo’lyozmalar ketma-ket qayta nashr qilinmoqda. Noyob tarixiy yodgorliklarni saqlash va ta’mirlash ishlari boshlangan. Buyuk allomalar tomonidan yaratilgan va har xil sabablar bilan respublikadan tashqariga tashib ketilgan, milliy boylik, o’zbek xalqining milliy iftixori bo’lgan san’at asarlarini, qimmatli qo’lyozmalarni izlab topish, o’z ona vataniga qaytarish chora-tadbirlari ko’rilmoqda: “Noyob tarixiy yodgorliklarni saqlash va ta’mirlash, o’zbek xalqi yaratgan va milliy boylik bo’lgan san’at asarlarini izlab topish, ularni O’zbekistonga qaytarish ma’naviyat dasturimizning muhim bo’lagini tashkil qiladi. Bu milliy boylik bizga ota-bobolarimizdan meros bo’lib qolgan. Binobarin, biz ham uni ko’z qorachig’iday asrashimiz va farzandlarimizga meros qilib qoldirishimiz kerak”. Odob-axloq, ta’lim-tarbiya sohasidagi qadriyatlarimiz bizlar uchun bebaho milliy meros, ma’naviy boylikdir. Ana shu milliy qadriyatlarni tiklash, ulardan foydalanish, yosh avlodga yetkazish mustaqillikni mustahkamlashda, unga qarshilik qiladigan har qanday kuchga zarba berishda, farzandlarimizda milliy iftixor tuyg’usini shakllantirishda dasturi amal bo’ladi, degan fikrdamiz. Bilimlarni puxta egallashga intilish, ustozlarni hurmat qilish, odamgarchilik, mardlik, kamtarlik, haqiqatparvarlik, halollik kabi insoniy fazilatlarni ulug’lash borasida ham boshqalar ibrat olishi mumkin bo’lgan qadriyatlarimiz juda ko’pdir.
Milliy qadriyatlarimizda bilim, ayniqsa, bilimdonlik ulug’lanadi. Bilim eng katta boylik ekanligi, dunyoda undan qadrliroq narsa yo’qligi to’g’risida qadimgi hind xalqining “Kalila va Dimna”, Nizomulmulkning “Siyosatnoma”, Nosir Xisravning “Saodatnoma”, “Ro’shnoma”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilik”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq”, Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Mahbub-ul qulub” kabi mashhur asarlarida muhim fikrlar aytilgan. O’zbek millati madaniyati va tarixida insonni ilm asoslarini bilib olishga chaqirmagan, bilimning xosiyati haqida yozmagan birorta shoir, yozuvchi yoki olim bo’lmasa kerak. Buyuk bobokalonlarimiz Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Ahmad al-Farg’oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sinolarning qalamlariga mansub asarlarning har biri insoniyat uchun mislsiz boylik, bitmas tuganmas xazinalar konidir. Bular va o’zbek millatining faxri, iftixori bo’lmish boshqa donishmandlarimizning ilmiy, badiiy, tarixiy, falsafiy, tibbiy, axloqiy, huquqshunoslikka oid va boshqa bir qator asarlari hozirgi yoshlarimiz va kelajak avlodning ham istiqbolini ilm-ma’rifat nurlari bilan yoritib turadi. Zehn-zakovatda, aqlu-idrokda, ilm-fanda tengi yo’q, buyuk kashfiyotlari bilan dunyoni lol qoldirgan mutafakkirlar, mashhur kishilari borligi bilan o’zbek xalqi qancha faxrlansa, iftixor qilsa arziydi! O’zbek xalqiga avlod-ajdodlardan buyuk an’ana, milliy meros bo’lib o’tib kelayotgan ilm-fanga o’chlik, madaniyatga talpinish, odob-axloq qoidalarini chuqur o’zlashtirib hayotga tatbiq etishga intilish, bilimini oshirish, tafakkurini o’stirib borish kabi xislatlar – millatning faxri, iftixoridir. XI asrning iste’dodli shoiri va donishmandi Ahmad Yugnakiy “Hibatul haqoyiq” (“Haqiqatlar armug’oni”) asarida ilmli va ilmsizning, olim va johilning farqli tomonlarini shunday ochib beradi: “…bilimdon kishilarga o’zingni bog’la. Bilim bilan baxt-saodat yo’llari o’rganiladi, bilim egallab, saodat yo’lini top. Bilimli kishi qimmatli oltindir. Johil, bilimsiz kishilar arzimas qalbaki (aqcha)dir. Bilimli bilan bilimsiz qachon teng bo’ladi? Bilimli ayol er(mard)dir, bilimsiz er ayol (zaif)dir. Suyakka ilik, er kishiga ilm kerak. Erning ko’rki aql, suyakning ko’rki ilikdir. Bilimsiz iliksiz suyakdek bo’sh – quruqdir, iliksiz suyakka esa qo’l uzatmaydilar. Er kishi bilim o’rganib, bilguvchi bo’lib qoladi, bilimsiz tiriklikda ko’rguliklar ichida qoladi. Bilimli er o’lsa ham oti o’chmaydi, bilimsiz kishi hayot chog’ida ham uning oti o’likdir”. Bu purhikmat fikrlar hozirda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Ma’rifatning inson qadr-qimmati va izzat-e’tiborini oshirishdagi ahamiyati Kaykovusning “Qobusnoma”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) nomli asarlarida ham o’z ifodasini topgan. Yusuf Xos Hojibning quyidagi fikrlarini o’zlariga hayot dasturi qilib olgan biror inson adashmaydi, alloma va uning asarlari milliy iftixorimiz ekanligini yanayam chuqurroq anglaydi: “Zakovat qorong’u tundagi mash’al kabidir, bilim esa nur tarqatuvchi yorug’likdir. Kimda zakovat bo’lsa, o’sha asil odam bo’ladi, kimda bilim bo’lsa, u martabaga erishadi. Bilim javohir kabi bir yerda to’planib turadi, u zakovatning konidir, bir yerda jamlanib yotadi. Mushk-anbar va bilim bir-biriga o’xshash narsalardir, ularni o’zidan bo’laklardan yashirib saqlab bo’lmaydi. Mushk-anbarni yashirsang, uni hidi oshkora qiladi, bilimni yashirsang, uni tiling oshkora qiladi. Bilim o’z sohibini qashshoq qilmaydigan bitmas-tuganmas boylikdir, o’g’ri va qalloblar uni hech qachon o’g’irlab ola olmaydi”. Inson qanchalik ilmli, hunarli bo’lsa, shunchalik oddiy va kamtar bo’ladi. Kamtar insonning obro’si oshadi, do’stlari ko’payadi, hammaga birday yoqadi. Kamtar inson yumshoq, sahovatli, odob-andishali, sharm-hayoli bo’ladi. Xulosa qiladigan bo’lsak, mamlakatimiz mustaqillik deb nomlanadigan buyuk eshikdan kirdi bu 1991 yili 31 avgust rasmiy hujjatlarda esa 1 sentyabr kunida sodir bo’ldi, shu kundan e’tiboran o’chib ketgan, o’zgartirilgan va yo’qotib yuborilgan o’zbek tarixi va ajdodlar merosini qayta tiklash va qadamjolarni obodonlashtirish ishlari keng ko’lamda amalga oshirila boshlandi va hozirgacha davom etib kelmoqda. Biz buyuk olimlar, sarkardalar, mutafakkir allomalar avlodlarimiz, buni his qilib ularga loyiq avlod bo’lishligimiz uchun ularning tarixini o’rganib asli kimlarning avlodlari ekanimizni bilishligimiz zarur bo’ladi. Zero, tarixi yo’q elni kelajagi ham yo’qdir.
Hafizulloh NORBOYEV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi
