NAVOIY TO’G’RISIDA NIMALARNI BILASIZ?

219

Ko’pchilik insonlardan Navoiy va Bobur to’g’risida so’ralsa, ular odatda, “Navoiy-g’azal Mulki sultoni”, “Bobur-Shoh va shoir” deyishdan nariga o’tishmaydi. Bu maqolani sarlavhasiga ko’zingiz tushishi bilan sizning ham hayolingizga shu fikrlardan boshqasi aylanmagan bo’lsa, demak, Alisher Navoiy va Bobur Mirzo borasida juda oz bilar ekansiz. Ayni damda Navoiy borasida siz e’tibor bermagan jabhalarga yuzlanamiz.

Alisher Navoiy Hirot va Samarqand madrsalarida tahsil olgan yetuk ulamolardandir. O’z davrining yetuk ulamosi,f aqih, aqida va falsafa, mantiq va balog’at ilmi, nahv olimi Fazlulloh Abullays Samarqandiy ta’limini olgan shoir Islom olamida yetuk tasavvuf olimlaridan biridir. Hayoti davomida doim Rosulullohning (s.a.v.) “Sizlarning eng yaxshilaringiz insonlarga foydasi teguvchirog’ingizdir” degan hadislariga amal qilib xalq dardi bilan yashagan.

Alisher Navoiy falsafa, mantiq, fiqh, hadis, tafsir, arab tili borasida yetuk olimlardan bo’lgan bo’lsa-da, hayotini asosiy vaqtini turkiy til himoyasi uchun o’tkazganligi sababidan ko’pchilik insonlar u zotni faqat shoir sifatida tanib qolishgan xolos. Ilmiy salohiyati yuqori bo’lgan shoir, insonlarning “Arab tili asaldir, Fors tili shakardir, turk tili hunardir” degan so’zlarining ilmiy asosi yo’q ekanligini isbotlab bera oldi.

Temuriylar davrida ilm-fan juda gullab yashnagan. Ajib holki, bunga shohlarning o’zaro jang-u jadallari, toj-u taxt talashishlar ancha ta’sir qilgan bo’lsa-da, Ibn Xaldunning ta’biri bilan aytganda shunday og’ir davrlar buyuk shaxslarni, ilm-ma’rifat uchun hissa qo’shadigan ulug’ zotlarni yetishtirib chiqargan. Husayn Boyqaro o’zi she’riyat oshnosi bo’lishi bilan birga, olimlarni juda hurmat qilgan va tez-tez saroyda ilmiy bahslar uyushtirib turgan. Alisher Navoiy vazirlik davrida ko’plab ilmiy davralar tashkil etgan. Hirot madrasalariga yetuk olimlarni taklif etgan.

Alisher Navoiyning Muarrix shogirdi Xondamir shoirning davlat yuritish ishlaridagi odilligi borasida ko’plab satrlar bitgan bo’lsa-da, bu haqida sara ma’lumotlarni shoirning “Mahbub ul-qulub” va “Vaqfiya” asarlarida yorqin ifodasini topgan.

Shoir hadis va tafsir borasida yuksak ilm va mahorat sohibi bo’lganidan, u kishi haqida o’z davri olimlari agar muhaddis bo’lsa yetuk muhaddis, mufassir bo’lsa, ulug’ mufassirlardan bo’lishligini aytishgan. Darhaqiqat, olimning hadis borasida “Arbain” nomli asari bo’lib, unda Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan qirq dona hadis jamlangan.

O’tgan asrda yashab o’tgan ulamolarimizdan islom uchun tengsiz xizmat qilgan Abdulfattoh Abu G’udda o’zlarining “Oila qurmagan ulamolar” nomli kitoblarida, ularning nima uchun oila qurmaganlarini izohlab turib, “Ular ilmni uylanishdan ustun qo’ygan kishilardir” deb aytadilar. Mana shunday, umrlarini oila qurmasdan, umrini ilmga baxshida etgan ulamolardan Imom Tabariy, Imom Zamaxshariy va Alisher Navoiylarni tilga olish mumkin. Ular o’zlaridan tengsiz ilmiy asarlarni meros qoldirishdi. Bugungi kunda Imom Tabariyning “Tafsiri Tabariy” va “Tarixi Tabariy”lari, Imom Zamaxshariyning “Kashshof” asarlari hanuzgacha ilm-fan sahnasida o’z o’rnini yo’qotgan emas.

Ko’pchilik Navoiyshunos olimlar Alisher Navoiyning uylanmagani haqida gap ochilsa, Navoiyning Guli degan bir qizni yaxshi ko’rgani, uni zaharlab o’ldirilganini vaj qilib, uni umri davomida oila qurmasdan o’tganiga bahona qilishadi. Bu esa qip-qizil yolg’on va Alisher Navoiy sha’niga to’qilgan bo’htondir. Bunday bo’lmag’ur gaplarni faqatgina Navoiy to’g’risida ilmiy salohiyatga ega bo’lmagan insonlargina to’qiydilar.

Alisher Navoiy juda nazokatli, tengsiz farosat sohibi bo’lgan. O’zlarining biror dona asarlarida sevgidan kuyganligiga ishora ham yo’q, qolaversa u zot bilan hamasr bo’lgan biror dona muarrix u zotning sevgidan kuyganligi, yoki, Guli borasida hech narsa yozmaganlar. Arqonni sal uzunroq tashaydigan bo’lsak, bu boradagi “armonli muhabbat” sahnasi faqat XX-XXI asr tarix maydonidagina namoyon bo’ldi.

Alisher Navoiy bilan yaqindan tanish bo’lgan Zaynuddin Vosifiyning aytishicha, Navoiyning oila qurmasligiga sabab, faqat ilm-ma’rifat gulzorini bezatish uchun ovora bo’lganigina xolos. Bu to’g’risida bo’lmag’ur gaplarni aytish, ilm-ma’rifat egasi bo’lgan madaniyatli shaxslar uchun aslo yarashmaydi.

Alisher Navoiyni bugungi kunda Tojikiston, Rossiya, Ozarbayjon, Yaponiya, Amerika Qo’shma Shtatlari va Xitoy kabi mamlakatlarda haykali o’rnatilgan. Ko’plab mamlakatlarda Alisher Navoiy shaxsiyatini tengsiz hurmat va ehtirom bilan tilga olishadi. Barcha davlatlarda Alisher Navoiyni “So’z mulkining sultoni” deb bilishadi.

Yaqinda Fransiya ro’znomalaridan birida Alisher Navoiy va Husayn Boyqaro o’rtasida “ishqiy munosabatlar” bo’lganligi to’g’risida maqola yozilib, bunga eng birinchi planda Navoiyning oila qurmaganligi sabab qilib keltirildi. Navoiy go’yoki ayollarga ta’bi yo’q va oila qurishni ham xohlamas emish. Bu esa XXI asr noxolisliklaridan biridir. Bu gaplarni eshitganingzdan keyin, Frensis Bekonning “Tarixni faqat g’oliblar yozadi” degan gapini yodga olmay iloj yo’q.

Albatta, bu ulug’ mutafakkir uchun behuda otilgan toshlar xolos. Buning misoli, itning oyga qarab vovullashi kabidir. It oyga qarab qancha vovullamasin, unga zarar bera olmaydi. Yoki quyoshni tosh bilan urib yiqitmoqchi bo’lgan kishi qancha quyoshga tosh otmasin, barchasi behuda ketadi.

Shu o’rinda Navoiy hazratlarining tengsiz ijodlaridan namuna keltirishni ma’qul ko’rdim:

Dilbar erur tengsiz jahonda,

             Erur anga-hamma xushtoru banda.

            Tengsiz xushtoru shaydosi manam,

     Jahonda banda manam manga.

Ajib hollardanki, bu she’rni gorizontal o’qisangiz ham, vertikal o’qisangiz ham bir xil o’qiladi.

Ko’pchilik Navoiyshunos olimlar Navoiyning she’rlari Guli obrazi uchun atalganligini aytadilar. Bu esa Navoiyni o’ziga saviyadosh deb o’ylaganlarning xom-xayollarigina xolos. Buni isbotlash uchun mana shu she’rni o’zi ham kifoya qiladi:

        It kibi chun pastlig‘im chog‘ladim,

O‘zni biyiklar ipiga bog‘ladim.

Bo‘lsa alar ozimi dashti adam,

            Men ham o‘lay soya kibi hamqadam.

     Kahfi baqo ichra alar bo‘lsa gum,

              Men ham o‘lay “Robiuhum kalbuhum”.

Alisher Navoiy o’z davrida adabiyot borasida tengsiz natijalarni qo’lga kiritgan bo’lsa-da, ulug’ shoir, mutafakkir, muhaddis, mufassirlar sha’niga bo’lmag’ur gaplarni aytmagan. Balki, doim ularga hurmat va ehtiromda bo’lgan.

U zot haqida yanada yaqinroq tanishmoqchi bo’lsangiz, u zotning asarlarani mutolaa qilib, ustoz Hasanxon Yahyo Abdulmajidning “Navoiyni anglash sari” darslarini tinglashingiz mumkin. Qolaversa, shoirning “Arbain” asarlari ham Hasanxon va Husaynxon Yahyo Abdulmajidlar tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilinib, o’zbek xalqiga taqdim qilingan

 

Sirojiddin BOZOROV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi

“Yosh ilmiy tadqiqotchi” a’zosi