“Ikki qulog’ingni og’zingdan saqla!” Ya’ni bu so’z, og’zingdan chiqadigan nomaqbul so’zni hatto o’z qulog’ing ham eshitmasin.

“Kim o’limni ko’p eslasa, kamroq hursand bo’ladi va hasad qilmaydi”.

 

Abu Dardo roziyallohu anhuning asl ismlari Uvaymir ibn Molik bo’lib, Dardo (arab tilidagi “أدْرَدُ دَرْداء” so’zidan olingan bo’lib, “tishsiz” degan ma’noni ifodalaydi. Bu ma’nodagi ismni qo’yishlaridan maqsad qizaloqlarini erkalash bo’lsa kerak) qizchalarini ismi edi. Madinalik ansor, Xazraj qabilasidan bo’lganlar. Madina aholisi ichidan eng oxiri iymon keltirgan sahobalar sirasiga kiradilar. Bu zot tijorat bilan shug’ullanadigan savdogar edilar.

Iymonga kelishlari ham ajoyib bo’lgan. Bir kuni uylariga ukalari Abdulloh ibn Ravoha odatdagidek akalarini holidan xabar olishga, iymonga qalbi moyil bo’lishi umidida ziyorat uchun kelganida uyga hali kelmagan bo’ladilar. Shunda Ummu Dardodan uyga kirishga izn so’rab butlari tiradigan xonaga kirib qarasalar but hali hanuz turgan ekan. Qo’llaridagi tayoq bilan urib mayda-mayda qilib xonadan chiqib ketganlar. Oz vaqt o’tmay Abu Dardo uylariga qaytib kelib qarasalar but sinib yotibdi. Shunda ichlarida: “Bunda biror yaxshilik bo’lganida edi, o’zini o’zi himoya qilaolar edi”, deb iymon keltirish maqsadida Rosululloh sollollohu alayhi vasallamning huzurlariga borib musulmon bo’ladilar va sahobalarni taqvoda, ibodatda peshqadamlaridan biriga aylanadilar. Avval iymon keltirgan sahobalardan amalda ortta qolib kettim, deb qilib turgan savdolarini ham hech ikkilanmay tark qilganlar. O’zlari: “Menga masjid oldida bor kichik savdo do’konim bo’lib, namoz vaqti bo’lganda namozni jamoat bilan o’qib yana savdoni davom ettirishimdan ko’ra savdo qilmay qo’ya qolganim afzal. Chunki men oldi-sotti Allohning zikridan, ibodatdan to’smaydigan kimsalar qatorida bo’lgim keladi”, deb aytar edilar.

Umar r.a.ning davrlarida Shom fath qilinib musulmonlar ko’payadi. Tabiiyki ularda islomni ta’lim beradigan muallimga ehtiyoj tushadi. Shunda Shom ahli Amirul mo’minindan muallim yuborishlarini so’rashadi. Umar r.a. besh sahoba Muoz ibn Jabal, Uboda ibn Somit, Ubay ibn Ka’b, Abu Ayyub ansoriy va Abu Dardo r.a.lardan qay birlari borishini hal qilish uchun qur’a tashlanglar, deb aytadilar. Shunda sahobalar: “Qur’aga hojat yo’q. Abu Ayyub qarib qoldi. Ubay ibn Ka’bni bemorligi bor. Muoz ibn Jabal, Uboda ibn Somit va Abu Dardo borisha qoladi”, deb aytishadi. Shunday qilib Abu Dardo Damashiqqa borib musulmonlarga islomdan ta’lim beradilar.

Misr fath qilinganda ham Abu Dardo Amr ibn Os r.a. bilan birga bo’lganlar. Fath qilingandan keyin bir muddat Iskandariyyada ta’lim berganlar. Keyinchalik bu ta’lim bergan joylari Abu Dardo r.a.ning qadamjoylari sifatida saqlab qolingan. Abu Dardo r.a. Misrdagi oz muddatlik ilm safaridan keyin yana Damashiqqa qaytadilar va shu yerda vafot etadilar.

Anasxon TURDIBOYEV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituxchisi