Alloh taolo insonlarga cheksiz neʼmatlarni inʼom qilgan. Bu neʼmatlarning ichida eng buyugi, afzali, nodir boʻlgan neʼmatlardan biri bu – til (soʻzlash, nutq) neʼmatidir. Berilgan ushbu neʼmatni qanday ishlatish kerak, uni nimalar bilan mashgʻul qilmoq kerak bu borada ham koʻp tavsiyalar va koʻrsatmalar berilgan.

Alloh taolo Ar-Rohman surasining 4-oyatida ham

علَّمَهُ الْبَيَانَ

Yaʼni: “Unga bayonni (nutqni) taʼlim berdi”, deb marhamat qilgan.

Til odoblari haqida, xususan, uni fahsh, behayo soʻzlarga emas balki yaxshilikka, tilovatga, zikrga, ibodatga yurtni, jamiyatni, moʻmin-musulmonlarning manfaati yoʻlida ishlatishga dinimiz taʼlimotlarida bod-bod takrorlangan.

Ibn Masʼud (r.a.) rivoyat qiladi: Rasululloh (s.a.v.): “Moʻmin kishi koʻp soʻkuvchi ham, koʻp laʼnatlaguvchi ham, fahsh soʻzlarni aytuvchi ham, odobsiz ham boʻlmaydi”, deb marhamat qilganlar. (Imom Termiziy rivoyati).

Mazkur hadisdan ham tilni behayo fahsh soʻzlarga ishlatmaslik lozimligi maʼlum boʻladi.

Abdulloh (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Nabiy (s.a.v.) “Musulmonni soʻkish fosiqlikdir. U bilan urishish kufrdir”, deb marhamat qilganlar. (Ikki shayx va Imom Termiziy rivoyati).

Anas (r.a.) rivoyat qiladi: Rasululloh (s.a.v.): “Fahsh narsa borki, u sharmandalik keltiradi. Hayo narsa borki, u ziynat keltiradi”, dedilar. (Imom termiziy va Ibn Moja rivoyati).

Ushbu hadisdan ham kishilar tilni faqat yaxshi soʻzlarga ishlatishi lozimligi kelib chiqadi.

Abdulloh ibn Masʼud (r.a.): “Tildan koʻra qamoqda turishga hojatliroq narsa yoʻq” deganlar. Yaʼni kishi koʻproq sukut saqlab tursa, sohibi uchun foydaliroq boʻlishi taʼkidlanmoqda.

Abu Dardo (r.a.): “Ikki qulogʻingni ogʻzingdan saqla. Oz gapirib, koʻp eshitishing uchun senga bitta ogʻiz, ikkita quloq berilgan” deb marhamat qilganlar. Bundan bandalar tillaridan har xil boʻlar-boʻlmas soʻzlar chiqarmasdan, balki koʻproq eshitib, faqat manfaatli soʻzlarni gapirishlari tushuniladi.

Muxalad ibn Husayn: “Ellik yildan beri uzr aytishga sabab boʻladigan biror ogʻiz soʻz aytmadim” deganlar. Yaʼni kishilar uzr soʻraydigan ishni, gapni aytishdan oldin oʻsha holatni yuzaga kelishidan ehtiyot boʻlishlari lozim boʻladi.

Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar: Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qildilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan boʻlsa, qoʻshnisi va mehmonini hurmat qilsin, yaxshilikni gapirsin yoki jim tursin” deganlar.

Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Insonning boshiga keladigan balosi, uning tilidan keladi” deganlar.

Luqmon Hakim oʻgʻliga shunday vasiyat qilganlar: “Ey oʻgʻilginam, kim yomonlik egasining suhbatida boʻlsa, omon boʻlmaydi, kim yomonlik kiradigan joyga kirsa, tuhmatlanadi va kim tiliga egalik qilmasa, pushaymon boʻladi”.

Hasan Basriy aytadilar: “Donishmandning tili yuragining orqasida boʻladi. Agar gapirmoqchi boʻlsa, yuragiga qaraydi, mabodo unda yaxshilik boʻlsa, gapiradi. Agar birovning zarariga boʻlsa, gapirmasdan sukut saqlaydi. Johilning yuragi tilining atrofida boʻladi. U yuragiga qaramaydi. Tiliga nima kelsa gapiraveradi” deganlar. Yaʼni insonlar gapirganda ham e’tibor bilan, odob, axloq, dinimiz taʼlimotlarida kelgan tavsiyalar va koʻrsatmalarga zid boʻlmagan holda soʻzlamak bu insonning koʻrkidir. Aksincha boʻlsa, u insonga ziynat emas, balki kulfat olib keladi.

Hakimlardan marhamat qilinadi: “Jim turishlik (tilni saqlashlik)da yetti ming yaxshilik bor. Uning hammasi yetti kalimada jam boʻladi. Har kalimada ming yaxshilik bor”, deganlar.

  1. Jim turishlik — charchogʻi yoʻq ibodatdir;
  2. Bezaksiz ziynatdir;
  3. Davlatsiz haybatdir;
  4. Devorsiz qoʻrgʻondir;
  5. Birovlarga uzr aytishdan behojatdir;
  6. Yaxshilik va yomonlik amallarni yozuvchi farishtalarga rohatdir;
  7. Ayblari uchun berkituvchidir.

Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) Muoz ibn Jabalni Yamanga yuborayotganlarida Muoz: Ey Allohning rasuli, menga vasiyat qiling dedi. Shunda Paygʻambarimiz (s.a.v.) tillariga ishora qilib, yaʼni tilingni saqlagil, deganlar. Muoz buni oson sanab, “Ey Allohning elchisi, vasiyat qiling” dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Onang seni yoʻqotib qoʻysin. Odamlarning yuzlari bilan doʻzaxga tushishlariga sabab tillarining yomonligidandir”, deb marhamat qilganlar. Bundan koʻrinadiki, insonlar tillarini barcha manfaatsiz soʻzlardan saqlamoqlari lozim ekan.

Hasan Basriy aytadi: “Kimning soʻzi koʻpaysa, xatosi koʻpayadi; kimning moli koʻpaysa, gunohi koʻpayadi; kimni xulqini yomon qilsa, oʻziga azob beradi” dedi. Yaʼni gap-soʻzi koʻpaygan inson dunyoda ham oxiratda ha baraka topmasligi eslatilmoqda.

Alloh barchamizni tillarimizni yomon, faxsh, behayo soʻzlardan saqlab, faqat Oʻzini rozichiligi mujassam boʻlgan soʻzlarni gapirishni nasib etsin. Umrlarimizni oxirigacha til odoblari haqida kelgan barcha koʻrsatmalarga, tavsiyalarga, taʼlim-tarbiyalarga amal qilib hayot kechirishdek baxtga sazavor qilsin.

 

 Xayrulla Qurbonov Yunusovich

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi