O‘zbekiston bag`rikeng diyor
55

Ha, darhaqiqat O‘zbekiston bag`rikeng yurt, bag`rikeng mamlakat. Bu bag`rikenglikni o`zbek halqining mehnatsevar, mehmondo`st, kechirimli, kengfe`l, donishmand, iymoni mustahkam, sabr-toqatli ajdodlarimiz namuna bo`lib ko`rsatib berganlar.
Xususan, sobiq ittifoqda Shomahmud Shorasulovlar oilasi tomonidan II jahon urushi davrida turli millatli yetim bolalarni asrab olib, o`z farzandidek katta qilganligi mashhurdir. Bu bag`rikenglikni ota-bobolarimiz qayerdan o`rganganlar. Albatta dinlari bo`lmish islom dinidan.
Islom dinida yetimlarga g`amxo`lik qilish, miskin-faqirlarga ehson qilish, insonlarga yaxshi muomala qilish, hattoki u o`zga millat o`zga din vakili bo`lsa ham bag`rikenlik qilish ulug` amallardan sanaladi.
Jumladan, Alloh ta`alo Qur`oni karimning Hujurot surasi 13-oyatida “Ey, odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o`zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh huzurida eng hurmatligingiz taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”[1] deb marhamat qilingan.
Bundan tashqari, Mumtahana surasi 8-oyatida “Alloh sizlarni diniy urush qilmagan va diyorlaringizdan quvib chiqarmaganlarga yaxshilik va adolat qilishdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko‘radir”. deyilgan[2].
Shuningdek, Islom dini musulmon davlatga boshqa din vakillarining ibodatxonalarini himoya qilishni, ularning diniy-aqidaviy masalalariga aralashmaslikni hukmda ularga jabr qilmaslikni, ommaviy huquq va mas`uliyatlarda ularni musulmonlar bilan teng ko`rishni, ularning barcha insoniy haq-huquqlarini muhovaza etishni vojib qildi. Bu ma`noda Payg`ambar sallallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi kifoya qiladi.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: Kim bir mu`ohadni o`ldirsa, jannatning hidini hidlamaydi. Holbuki, uning hidi qirq yillik yo`lda tuyuladi”, dedilar[3].
Shu o`rinda bag`rikenglik so`ziga e`tibor qaratsak. Bag`rikenglik so`zi rus tilida “толерантност”, ingliz tilida “tolerance”, arab tilida esa تسامح” tasamuhun ya`ni muruvvat, marhamatlilik, sabr ko`rsatish deb ataladi.
Tolerantlik — bu o’zaro tushunish, boshqa qarashlar va axloqlarga nisbatan bag’rikenglik. Bu qat’iyat va o’ziga ishonch belgisi, hamma uchun ochiq va boshqa nuqtai nazarlar bilan solishtirishdan qo’rqmaydigan, ma’naviy raqobatdan qochmaydigan mafkuraviy harakat belgisidir. Tolerantlik boshqa madaniyatlarni hurmat qilish, qabul qilish va to’g’ri tushunish, inson individualligini ifodalash usullarini anglatadi. O’zaro tushunishning maqsadi har qanday vaziyatda yordam berish, ishonish va to’g’ri echim topishdir.
Xususan, o`tgan asrlarda buyuk bobokalonimiz Amir Temur hazratlari (1336–1405) o‘z hukmronligi davrida turli din va millatlarga mansub aholi bilan o‘ziga xos siyosat yuritgan. Temuriylar saltanatida musulmon bo‘lmagan aholi, jumladan, turli millat vakillar yashagan. Ularning maqomi Islom shariati qoidalariga asoslangan bo‘lgan.
Amir Temur hazratlari: “Avval saltanatim qoidalarini dini islom va shariat bilan mahkam va ustuvor qildim va podshohligim himoyasini, urf-odat va tuzuk bilan shunday qildimki, saltanatimga daxl etishga hech kimsada qudrat va yurak bo`lmadi”[4]. deb ta`kidlaydilar.
Amir Temur hazratlari mamlakatda yashovchi, aholiga, shu jumladan, turli millat va din vakillariga ham bag`rikenglik, katta muruvvat va e`tibor ko`rsatganlar. Jumladan, “Avval amr etdimki, har toifa va har tabaqakim, sayyid va ulamo bo`lsalar, ularga izzat va hurmat qilib, har martabalari bo`lsa hozir-u, nozir qilgaylar. Va ular ahvoliga rioya qilmoqni lozim va vojib bilgaylar. Va agar kosib va hunar ahlidan bo`lsa, ularga saltanat korxonasidan ish qidirgaylar. Va agar faqir va miskinlardin bo`lsalarkim, qudrat va kuch-quvvatlari yo`q bo`lsa, har tabaqaning ahvoliga loyiq rasm-rusumini amalga oshirgaylar”[5] deb ma`lum qilganlar.
Shu o`rinda aytishimiz mumkinki, yurtimizda ham turli millat va din vakillari uchun shart sharoitlar yaratib berilgan. Chunonchi, O`zbekiston respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati tomonidan berilgan ma`lumotga ko`ra, 2024 yil 27 oktyabrda O`zbekiston respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlardan 12,7 foizini mamlakatimizda yashayotgan boshqa millat vakillari tashkil qiladi. Shu jumladan, ulardan 5 nafari rus, 3 nafardan qozoq va tojik, 2 nafari koreys, 1 nafardan turkman va qirg‘iz millatiga mansub deputatlar faoliyat ko`rsatmoqda.
Shunindek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2021 yil 1 yanvar holatiga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda doimiy aholi soni 34,6 million kishiga yetgan vaqtda, shundan o‘zbeklar: 29,2 million kishi (84,4%)ni, tojiklar: 1,7 million kishi (4,9%)ni, qozoqlar: 821 ming kishi (2,4%)ni, qoraqalpoqlar: 709 ming kishi (2,0%)ni, ruslar: 605 ming kishi (1,7%)ni, qirg‘izlar: 313 ming kishi (0,9%)ni, turkmanlar: 253 ming kishi (0,7%)ni, koreyslar: 182 ming kishi (0,5%)ni, boshqa millatlar: 1,1 million kishi (3,2%)ni tashkil etgan. Shunday qilib, o‘zbeklardan tashqari boshqa millat vakillari jami 5,4 million kishini tashkil etadi, bu esa umumiy aholi sonining 15,6%iga tengdir.
Bu albatta yurtimizda bag`rikenglik borasida olib borilayotgan islohotlar samarasidir.
Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan jabrlangan 100 nafar falastinlik bolalar va ayollar va ularning hamrohlarini O‘zbekistonga evakuatsiya qilinganligi, ular sog‘liqni saqlash markazlari va kasalxonalarda istiqomat qilishlarini va O‘zbekiston hukumati ularni oilalarining barcha ehtiyojlari, jumladan mehmonxonalar, maktablar, oziq-ovqat va boshqalar bilan ta’minlashi bu boradagi ulkan ishlardan bo`ldi.
Bu boradagi islohotlar yurtimizda, davomli ravishda amalga oshiriladi.
Chunonchi, bu haqda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasining yettinchi ustuvor yo‘nalishi sifatida mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga bag‘ishlangan “Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash” yo`nalishida tegishli vazifalar belgilab qo`yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “O‘zbekiston millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik sohasida o‘z an’analariga doimo sodiq bo‘lib, bu yo‘ldan hech qachon og‘ishmasdan ilgari boradi. Mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga birinchi darajali e’tibor qaratiladi. Bu – bizning eng katta boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning burchimizdir”,–deya bejiz ta’kidlanmagan.
Xulosa qilib aytganda, islom dinida insonlarni turli dinlarga eʼtiqod qilishi Allohning xohishiga koʻra boʻladigan ish ekani musulmon kishi oʻziga yuklatilgan vazifani bajarishga masʼul ekani taʼkidlaydi. Albatta, bagʻrikenglik turli din vakillarini bir zaminda bahamjihat, hamkorlikda yashashga chaqiradi.
Odiljon MAXMUDOV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
“Yosh ilmiy tadqiqotchi” a’zosi
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur`oni Karim o`zbekcha ma`nolar tarjimasi.
[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Qur`oni Karim o`zbekcha ma`nolar tarjimasi.
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Iymon kitobi 93-bet
[4] «Temur tuzuklari» 73-bet. Toshkent «Ijod-press» 2019.
[5] «Temur tuzuklari» 77-78-betlar. Toshkent «Ijod-press» 2019.
