MAG’LUBIYATLAR SHU YERDAN BOSHLANADI!
21

Suqrotning bir tabib qo’shnisi bo’lardi. U podshohga Suqrotni “Birinchi tabib” deb atalishi masalasida e’tiroz bildirdi. Shunda podshoh unga: “Bu nomga Suqrotdan munosibroq ekaningni qay tariqa isbotlaysan?” dedi. Tabib: “Men unga, u menga zahar beradi. Kim o’zini davolab tirik qolsa, o’sha nomga sazovor bo’ladi!” dedi.
Suqrot bunga rozi bo’ldi. Podshoh bellashuv kunini qirq kundan keyinga belgiladi.
Suqrot uchta polvon odam chaqirtirib, ularga bir nechta idishlarga suv quyishni va ularni har kuni qo’shni tabibga eshittirib taqillatib o’tirishni buyurdi.
Kelishilgan kun kelgach, Suqrot tabib qo’shnisining zaharini ichdi. Rangi sarg’ayib, isitmasi chiqdi, lekin bir soat ichida u o’zini davoladi. So’ng Suqrot haligi odamlari qirq kundan beri anavi tabibga eshittirib tayyorlab kelayotgan zahar idishchasini uzatdi. Tabib uni ichgan zahoti joni uzilib yiqildi.
Suqrot podshohga yuzlanib dedi: “Men unga oddiy suvdan bo’lak narsa bermagan edim! O’zim ham shu suvdan oldingizda ichib beraman. Uni men o’ldirmadim, podshohim, uni o’y-xayollari va qo’rquvi halok qildi!”.
Bir necha kunlar oldin mana shu oqimga yaqin bir mavzuda quyidagilarni yozgan edim:
“Ilmiy jihatdan kiyikning tezligi soatiga to’qson kilometrga yetadi. Ayni chog’da, sherning tezligi ellik sakkiz kilometr atrofida bo’ladi. Shunga qaramay, kiyiklar baribir sherlarga o’lja bo’lib kelaveradi!
Buni qo’rquvdan boshqa izohlaydigan narsa yo’q. Demak sherlar faqatgina vujudini qo’rquv egallab olgan kiyiklarnigina ovlay olarkan!
Insoniyat olamida ham masala shunga juda o’xshaydi. Mag’lubiyatlar ichimizdan boshlanadi, xuddi shu singari zafar ham!
Umayya ibn Xalaf Bilol ibn Rabohni Makkaning jazirama qumliklariga uloqtirib, qamchi bilan ursa ham, u baribir bo’yin egmadi. So’ng ko’ksiga katta tosh qo’ydi, baribir egilmadi. Mana shu tarzda mulk hisoblangan qul hur xo’jayini ustidan g’olib bo’ldi. Siyrat kitoblari mana shunday deydi. Lekin aslida hur xo’jayin Bilol, qul esa Umayya edi! Bilolning ruhini Islom ozod qilgan edi, garchi Umayyaning qo’l ostida bo’lsa ham. Umayya esa chirkin e’tiqodlar va qaysarlik girdobining quli edi, garchi maslahat kengashida o’tirib, makkaliklarni haybati bilan zirqiratsa ham!
Xulosa shuki, ruhan singan odam, yonida sabablar va vositalardan qanchasi bo’lmasin, hech qachon g’olib bo’la olmaydi. Ruhan g’oliblik his qiladigan odam esa, qancha vaqt talab etmasin, amalda ham shubhasiz zafar qozonadi!
Adham Sharqoviy, «Buyuk xabar»
Arab tilidan SARDOR SAIDAHMEDOV tarjimasi
