DINIY BILIMNING JAMIYAT AXLOQIY RIVOJLANISHIDAGI O‘RNI
41

Diniy bilimlar jamiyatning axloqiy rivojlanishi uchun eng muhim manba hisoblanadi. Bu bilimlar odamlarni ezgulik sari yo‘naltirish, adolatni ta’minlash va yomonliklardan qaytarishda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Qur’on va hadislar insoniyatga nafaqat axloqiy qoidalarni o‘rgatadi, balki ularni hayotga tatbiq qilish yo‘llarini ham ko‘rsatadi. Bugungi jamiyatda axloqiy buzilishlar ko‘paygani sababli, diniy bilimlarning ahamiyati yanada oshmoqda.
Alloh taolo Qur’oni karimda buyuradi:
«Shubhasiz, Alloh adolatga, ehsonga va qarindoshlarga yordam berishga buyuradi va fohishu munkar hamda zulmdan qaytaradi. U sizlarga eslatma berur, shoyad eslasangiz.» (Nahl, 90).
Bu oyat diniy bilimlarning jamiyatni qanday ijobiy tomonlarga boshlashini ko‘rsatib beradi. Adolat, ezgulik va yordam – jamiyat barqarorligining asosiy elementlari bo‘lib, Qur’on ularni targ‘ib etadi.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) esa shunday deydilar:
«Men chiroyli axloqlarni to‘kis qilish uchun yuborildim.» (Bayhaqiy).
Rasululloh (s.a.v.)ning bu so‘zlari shaxsiy va ijtimoiy axloqiy rivojlanishdagi asosiy tamoyillarni yoritadi. Ulamolar fikriga ko‘ra, Islomiy axloq nafaqat shaxsiy hayotni, balki jamiyatni ham go‘zal qiladi.
Jamiyat axloqiy tarbiyada diniy bilimlarning ahamiyatini ko‘rsatish uchun payg’anbarimizning hayotlarini misol keltirishimiz mumkin.
Diniy bilimlar jamiyatni yuksak axloqiy darajaga olib chiqishning eng muhim vositasidir. Adolat, ezgulik va yordamni ustuvor qo‘ygan jamiyat muvaffaqiyat sari qadam tashlaydi. Qur’on va hadislar ta’limoti har bir musulmonni bu yo‘nalishda harakat qilishga undaydi.
Tursunpulatov Azizbek
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
