Dinimizda sunnatlar Qur’oni karimdan keyingi asosiy manba sanaladi. Shu bois pok sunnatni o‘rganish har bir musulmonning burchidir. O‘rganish esa sunnat o‘zi nima ekanini bilishdan boshlanadi.

“Sunnat” va “hadis” bir-birining o‘rnida ishlatish mumkin bo‘lgan istilohlar va mutarodif so‘zlardir. Lekin “sunnat” hadisdan ko‘ra kengroq, umumiyroq tushunchani ifoda etadi.

“Hadis”  arab tilida “gap” yoki “so‘z” ma’nosini anglatadi. Dinimizda “hadis” deganda Payg‘ambarimizning sollalohu alayhi va sallam  gap-so‘zlari nazarda tutiladi. “Sunnat” so‘zi esa “tariqat”, “ma’naviy yo‘l” ma’nolarini anglatadi. “Falonchining sunnati” degani uning yo‘li deganidir. Demak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sunnatlari deganda u zotning yo‘llarini tushunamiz. Muhaddislar istilohida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytgan gap, ish, taqrir, u kishining surat va siyratlari, tarjimai hollariga tegishli ma’lumotlar jami “hadis” deyiladi.

Qur’oni karimda  umumiy holda amr qilingan ishlar, tafsilotlar ham sunnati mutahharadan bilinadi. Masalan: Alloh namoz o‘qishga amr qilgan. Lekin namoz qanday o‘qilishini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam batafsil aytib, o‘zlari o‘qib, ko‘rsatib berganlar. Shuningdek, Qur’oni karimda zakot berish farzligi aytilgan. Zakotni qaysi turdagi moldan qancha miqdorda va qanday qilib  berish  sunnatda bayon qilingan. Demak, umumiy yo‘nalish  va umumiy qoidalar Qur’oni karimda zikr etilib, shu asosda shariatning birmuncha hikmatlari va hukmlari sunnati mutahhara ila sobit bo‘lgan.

Qur’oni karimning ko‘pgina oyatlarida avvalo, Allohga itoat qilishga, so‘ngra esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga itoat qilishga amr qilindi. Allohga itoat Qur’oni karimdagi amr va nahiylariga itoat etish bilan bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga itoat esa, tirikliklarida shaxslariga itoat etish bilan bo‘lgan bo‘lsa, vafotlaridan keyin endi to qiyomatgacha sunnatlariga amal qilish bilan bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, mo‘minlar hayotlarida uchraydigan har bir masalani hal qilishda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarini namuna qilib olishlari lozim. Hashr surasi 7-oyatda  Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

ما اتاكم الرسول فخذوه و ما نهاكم عنه فانتهوأ

“Rasululloh nimani bersa, uni olingiz va nimadan qaytarsa, qaytingiz”. Yani Payg’ambarimiz buyurgan ishlarga bo’ysunishimiz va qaytarganlarni qilmasligimiz lozim bo’ladi.

Qur’oni karimda ushbu ma’nodagi oyatlar juda ham ko‘p, ular hammasi sunnat Islom shariatida ikkinchi manba’ ekanini ko‘rsatadi.

Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning  uzluksiz ortlaridan yurishar, u zotdan sodir bo‘lgan har bir narsani o‘ta aniqlik bilan yodlab olishar va rivoyat qilishar edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan sodir hech bir amal ularning e’tiboridan chetda qolmagan.  Ular bu sunnatga amal qilish bilan birgalikda u sunnatlarni boshqalarga ham yetkazib, amalga chorlaganlar. Chunki, islom ta’limoti shuni taqozo qilar edi.

عن زيد بن الثابت    قال رسول الله صلى الله عليه وسلم :» نضّر الله امراً سمع مقالتي فوعاها و حفظها و بلّغها. رواه الترمذي

Zayd ibn Sobitdan r.a rivoyat qilinadi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam aytadilar:  “Mening gapimni eshitib, yod olib, singdirib, so‘ngra eshitganidek qilib ado etgan odamni Alloh ne’matlantirsin”. (Imom at-Termiziy rivoyati.)

Shu yo‘sinda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislari ulkan inoyat bilan sahobalar tomonidan saqlanib, yodlanib, rivoyat qilib kelingan.

Sahobalardan  keyingi zamonlarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarini qanday bo‘lsa shunday holicha yetkazish zaruriyatidan omma uchun hadis kitoblari yozila boshladi.Ushbu ishni tobe’inlar amalga oshira boshladilar. Chunki ular sahobalarni ko‘rgan, oralarida bu ishga layoqatli kishilar ko‘p edi. Ular sahobalarning muxlis va vafodor shogirdlari bo‘lib, ulardan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarini to‘laligicha, pok holida qabul qilib olishgan edi. Tobeinlardan keyin buyuk muhaddislar chiqib hadislarni kitoblarda jamladilar.

Muhaddislar istilohida hadis bu  Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, amal, taqrir, xalqiy sifat, xulqiy sifat va siyratlarga aytiladi

Fuqaholar istilohida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan sobit bo‘lgan farz yoki vojib bo‘lmagan narsalarga Sunnat, deyiladi .

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, muhaddislarimiz istilohida kelgan hadisdagi har bir narsani musulmonlar o‘z hayotlariga tatbiq qilishlari mumkin emas. Misol uchun, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak tanalari va a’zolarini vasf qilgan rivoyatlar ma’lumot uchun, musulmonlar o‘z mahbub Payg‘ambarlari sollallohu alayhi vasallamning siymolarini qalblariga jo  qilishlari uchun ko‘zlangan ma’lumotlardir.

Shuningdek, hadis kitoblarimizda rivoyat qilinishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga vahiy kelishidan oldin Hiro g‘orida o‘tirib “tahannus” ibodati qilgan ekanlar, biz ham U zotga iqtido qilib, sunnatlariga ergashib, Hiro g‘orida “tahannus” ibodati qilishimiz lozim, degan odam bo‘lmagan. Shu tarzda bazi sahih kitoblarda kelgan hadislarning ham hukmi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida o’zgargan yoki fuqaholarimiz tomonidan hukmi nasx bo’lganiga ijmo qilingan holatlar ham uchrab turadi. Fuqaholar istilohidagi Sunnat, bid’atning muqobilidagi narsadir. Ma’lumki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan sobit bo‘lgan narsa  farz ila vojib va boshqa hukmlar chiqishini hammamiz juda yaxshi bilamiz. Demak, fuqaholar istilohi ila nazar solsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sodir etilgan va shar’iy hukm bo‘lishga salohiyati bor har bir narsa ham sunnat bo‘lavermaydi. Balki o‘sha narsalardan farz va vojibning saviyasidan keyin keladiganlarigina sunnat bo‘ladi. Ushbu, fuqaholar istilohidagi sunnatning hukmi nima deyilganda, u — “Shariat tomonidan jazm etgan holda talab qilingan narsa bo‘lib, uni qilgan odam savob oladi, qilmagan odam iqobga qolmaydi, ammo qiyomatda shafoatdan bebahra qoladi” deb  fuqaholarimiz javob berishgan. Hadisi shariflardan qandoq shar’iy hukm chiqishi, ularning qaysilaridan farz hukm, qaysilaridan vojib hukm va hokazolar kelib chiqishini esa faqih ulamolarimiz bayon qilishgan.

عن أبي هريرة قال الرسول — صلى الله عليه وسلم — من تمسك بسنتي عند فساد أمتي له أجر مائة شهيد

Abu Hurayradan (r.a) rivoyat qilinadi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimki ummat ichida fasod ko’payganda, mening sunnatimni mahkam tutsa, unga yuzta shahidlik ajri bo‘ladi”. – dedilar.

Xulosa qilib shuni aytamizki, hozirgi vaqtda bazi sunnat bo’lgan amallar unutilib bormoqda.  Biz esa  Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini o’rganib, sunnat bo’lgan  amallarni mahkam tutib unga amal qilishimiz zarurdir. Chunki biz hayotimizni har soniyasini Payg’ambarimizning sunnatlari bilan o’tkazsak, mana shunda u zotga tom ma’noda ergashuvchi ummat bo’lamiz va qiyomatda shafoatlariga erishamiz.  Albatta,  bu har bir kishi  umid qiladigan ishdir. Biz uchun   yaxshilik va hidoyat, yutuqlaru saodat shundadir.  Alloh taolo barchamizni sunnatni lozim tutuvchilardan qilsin.

 

Xayrulla Qurbonov Yunusovich

Xoja Buxoriy islom talim muassasasi o‘qituvchisi