ODAMGARCHILIKNI O’LDIRMANG!
24

1880-yilda Tayland malikasi suvga g’arq bo’lib o’ladi. Minib turgan qayig’i ag’darilib ketadiyu, qo’riqchilaridan hech biri uni qutqarishga jur’at qilolmaydi. Barchalari unga tikilib qarab turishardi, u bo’lsa zo’rg’a nafas olib-chiqarib turardi. Gap shundaki, malikaga qo’l tekkazishga qonun bo’yicha o’lim jazosi belgilangan edi…
Albatta, rahbarning hurmatini himoya qiladigan qonunlarga qarshi emasman, agarda insoniy qadriyatlar va mantiqqa zid bo’lmasa. Men qarshi bo’lganim yuqoridagiga o’xshab odamgarchilikni o’ldirib yuboradigan qonunlardir.
Faraz qilaylik, bir avtomobil haydovchisi yo’lovchilardan birini urib yubordi. Bechorani qonga belangan holda qoldirib, qochib qoldi. Shunda uni siz ko’rib qoldingiz va axloqingiz uni shundoq tashlab ketishga yo’l qo’ymadi. Uni ko’tarib, mashinangizga o’tqazib, eng yaqin kasalxonaga otlandingiz. Lekin yo’lda uning joni uzildi… Xo’sh, sizga xuddi uni urib yuborgan odamdek muomala qilmasliklariga kafolat berasizmi?
Agar kasalxonaga politsiyachilar kelsa, ularga Allohning nomi bilan qasam ichib, nozil qilgan barcha kitoblarini o’rtaga qo’yib “Men bu voqeada shunchaki odamgarchilik qildim xolos!” desangiz, sizni tek qo’yishadi deb o’ylaysizmi?!
Odamlar shunaqa, o’zaro odamgarchilikni “qatl qilishadi”. Sizni ayblab jazolashadi, boshqa birov yo’l o’rtasida yotgan odamni tashlab jo’nab qolishi uchun o’lponni siz to’laysiz, chunki siz duch kelgan muammoga u duch kelishni xohlamaydi!
Shubhasiz, ko’plab qonun-qoida va harakatlarimiz odamgarchilikni yo’q qilishga xizmat qilmoqda!
Birovdan qarz olib, keyin uni “yeb ketish”ni reja qilgan odam go’yo odamlardan hech kim birovga qo’lini cho’zmasligini istayotgan bo’ladi. Xalq tilida aytilganidek: “O’lmadim, lekin o’lganlarni ko’rdim”…
Kimdir jufti halol istab bir eshikni taqillatadi. Qizning oilasi yigitga yaxshilik qilib, rozi bo’ladi, qo’lidan kelganidan ortig’ini talab qilishmaydi. Hatto nikohni oxiriga yetkazishda unga yordam berishadi. Lekin u ayoliga chiroyli muomala qilmaydi. Bunday odam barchaning o’zaro munosabati “mahrda qiynalmaganga taloq oson bo’ladi” degan asosga ko’ra bo’lishini istaydi! Qizlarining sovchilariga nisbatan ziyrak bo’lishni burchi deb bilgan har qanday odam albatta uzoq o’ylab ko’radi. Chunki bir odamgarchiligi oz odam undagi odamgarchilikni o’ldirgan bo’ladi!
Pastkash ishlarga odatlanishning eng yomon tomoni shundaki, u odamlarni xayrli ishga nazar solganda qandaydir tavakkalchilikni ko’radigan, yaxshilikni ham o’z joniga qasd qilish deb hisoblaydigan qilib qo’yadi!
Masala individual harakatdan kengroq, shaxsiy voqeadan kattaroq. U bamisoli odamgarchilik tanasiga sizib kirib, sekin jonini oladigan zahriqotil!
Bolaligimda buvim bir odamning otiga qiziqib qolgan kimsa haqida hikoya aytib berardi. Haligi odam ot egasidan uni sotishini so’raydi, ammo ot egasi bunga ko’nmaydi. Rad javobi uning qiziqishini battar oshiradi. Shunda bir o’g’ri unga otni olib berishini aytadi. Ot egasi o’tadigan joyga borib, yo’l o’rtasiga yotib, o’zini og’riqdan bukilib qolgandek ko’rsatadi. Shunda ot egasi tushib, anavi bechorani otga mindiradi, o’zi jilovni ushlab, tortib yuradi. Shunda anavi o’g’ri deydi:
– Meni bunday tortib yurish sizga yarashmayapti!
– Siz kasal odamsizku!
– Agar boshqa iloji bo’lmasa, jilovni men tutaqolay, obro’yingizni saqlash yuzasidan, maylimi?
Ot egasi jilovni berishi bilanoq, o’g’ri otni choptirib, qochib qoladi… Shunda ot egasi unga bunday deb baqirgan ekan: “Sendan bu ot haqida so’rashsa, sotib oldim degin. Qilgan ishingni hech kimga aytma. Odamlar orasida odamgarchilik o’lib ketishidan qo’rqaman!”.
Adham Sharqoviy, «Buyuk xabar»
Arab tilidan SARDOR SAIDAHMEDOV tarjimasi
