O’ZGANI OBRO’SIZLANTIRISH HAROM ISHDIR
16

Inson obro’sini saqlash va unga be e’tibor bo’lmaslik har bir kishining asosiy haq-huqularidan sanaladi. U inson hox musulmon bo’lsin yoki g’ayri musulmon bo’lsin, erkakmi yoki ayol farqi yo’q, hammasi bir xil muhofaza qilinadi. Obro’-e’tibor degani bu, kishi o’zi, nasl-nasabini kamsitilishini saqlashi bo’lib, u o’zi yoki oldingi avlodi yoki o’z ishida yoki maqtash yoki qoralash o’rinlarida bo’ladi. Har qaysisida obro’si to’kilishining oldini oladi. Obro’ ikki ma’noda: biri madh etish, ikkinchisi qoralash ma’nosida ya’ni, yomon kishini maqtab o’z obro’-e’tiboriga futur yetqazsa, nohaqdan bir insonni yomonlab ham o’ziga va yomonlangan kishiga zarar beradi. Zinodan va aroqxo’rlikdan hamda turli gunohlardan tiyilish bilan ham o’z mavqeyini muhofaza qiladi. Demak, bir insonning obro’si o’zi yoki boshqa kishi tarafidan ham to’kilishi mumkin ekan. O’zi tarafidan to’kilsihi ta’siri kuchli va ishonchli bo’ladi.
Dr. Marvon Ibrohim Qaysiy “Islomda inson haq-huquqlari” nomli ensiklopediyasida shunday deb aytadi: Obro’ni to’kish umumiy ma’noda so’kish, ayblash, haqoratlash, masxaralash, istehzo qilish, imo-ishora orqali kamsitish va laqab to’qish hamda har qanday to’hmat, yaxshi nomini qoralash va shaxslarni badnom etish kabilarni ham o’z ichiga oladi. Shu bilan birga ihtiromga xalal beradigan va qadr-qimmatni toptashlar ham shular jumlasidan. Ushbular har qanday qonunda hox u diniy va dunyoviylarda bo’lsin, barchasida qoralanadi va bunday qilganlarga jazo qo’llaniladi.
Islom dinining shaxslar qadr-qimmati, shon-sharafi va hurmatini muhofaza qilishi va’iyd va ogohlantirishlar orqali o’zgalarga aziyat berishdan qattiq tarzda qaytarishi va jazo qo’llashi bilandir. Bunga Payg’ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu muborak so’zlarini misol qilish mumkin:
«أربى الربا شتم الأعراض» رواه أحمد ومسلم
“Riboning eng yomoni obro’-etiborlarni haqoratlashdir”, dedilar. Imom Ahmad va Muslim rivoyati.
Yana boshqa hadisda:
«كل المسلم على المسلم حرام دمه وماله وعرضه» رواه أحمد وأبو داود
“Har bir musulmonning (boshqa) musulmonga uning qoni, moli va obro’si haromdir”, dedilar.
Ahli kitob (yahudiy va nasroniylar)ga aziyat berishdan ham islom dini qaytargan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday oyat kelib bu oyat barcha turini o’z ichiga qamrab oladi:
ٱلۡيَوۡمَ أُحِلَّ لَكُمُ ٱلطَّيِّبَٰتُۖ وَطَعَامُ ٱلَّذِينَ أُوتُواْ ٱلۡكِتَٰبَ حِلّٞ لَّكُمۡ وَطَعَامُكُمۡ حِلّٞ لَّهُمۡۖ وَٱلۡمُحۡصَنَٰتُ مِنَ ٱلۡمُؤۡمِنَٰتِ وَٱلۡمُحۡصَنَٰتُ مِنَ ٱلَّذِينَ أُوتُواْ ٱلۡكِتَٰبَ مِن قَبۡلِكُمۡ إِذَآ ءَاتَيۡتُمُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ مُحۡصِنِينَ غَيۡرَ مُسَٰفِحِينَ وَلَا مُتَّخِذِيٓ أَخۡدَانٖۗ وَمَن يَكۡفُرۡ بِٱلۡإِيمَٰنِ فَقَدۡ حَبِطَ عَمَلُهُۥ وَهُوَ فِي ٱلۡأٓخِرَةِ مِنَ ٱلۡخَٰسِرِينَ٥
“Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Afiyfa mo’minalar va sizdan oldin kitob berilganlardan bo’lgan afiyfalar ham, agar iffatli bo’lgan holingizda, zinokor bo’lmay va o’ynash tutmay (nikohlanib) mahrlarini bersangiz, sizga haloldir. Kim iymonni inkor qilsa, uning amali behuda ketadi va oxiratda u ziyon ko’ruvchilardan bo’ladi”. (Moida surasi 5-oyat)
Ushbu oyatda ahli kitoblarning ham obro’-e’tiborini to’kish harom ekani ta’kidlanmoqda. Chunki, umumiy shakldagi ism modomiki uni xoslovchisi kelmasa, umumiylikka qarab yuradi, uni xoslanmaydi. Bunga “va sizdan oldin kitob berilganlardan bo’lgan afiyfalar ham”, degan jumla dalolat qiladi.
Shuning uchun har bir Allohdan qo’rqadigan kishi tili va dilini o’zgaga zarar berish, nohaqdan haqorat qilish, obro’sizlantirish va qadrini to’kish kabi illatlardan saqlanishi zarur. Ayniqsa, ilm ahlini haqoratlashdan o’ta ehtiyot bo’lishi zarur. Alloh taolo barchamizni O’zining haqiqiy do’stlaridan qilib, tiliyu-dili bir xil bo’lgan mo’minlar safida qilinsin.
O’zganing kamchiliklarini izlash orqali tirikchilk qiladigan va behuda ishlar bilan shug’ullanadiganlar qatoridan qilmasin.
Muhibullayev Saidmuhammadxon tayyorladi
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
