MO‘MIN-MUSULMONLAR BIR-BIRI BILAN DO‘ST VA BIRODAR BO‘LIB YASHASHI DINIMIZ TALABI

99

Islom dini insonlarni tinch-totuv, hamjihat, kechirimli, bir-birimizga do‘st va birodar bo‘lib hayot kechirishga buyuradi. Tarixdan ma’lumki, dinimizni mana shu ko‘rsatmasiga amal qilib yashagan musulmonlar doimo baxt va saodatda yashaganlar, tinch-totuv hayot kechirganlar. Alloh taolo Qur’oni karimda musulmonlar o‘zaro aka-uka va birodar ekani haqida shunday marhamat qilgan:

إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ

ya’ni:  “Albatta, mo‘minlar birodardirlar” (Hujurot surasi 10-oyat).

Islom dini insonlarni doimo bir-birlari bilan yaxshi muomalada bo‘lishga buyurar ekan, ularning muomalalari beg‘araz bo‘lishi uchun o‘zaro munosabatlari ham samimiy bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi.

Zero, inson tabiatan kirishimli qilib yaratilgan, ya’ni u jamiyatdan ajralib, alohida yashay olmaydi. Shunday ekan, mo‘min kishi diniy va dunyoviy ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda solih do‘stu yorlarni tanlashi lozim. Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflarida marhamat qiladilar:

“Bir-birlaringizga birodar bo‘lmaguningizcha, mo‘min bo‘lmaysizlar, mo‘min bo‘lmaguningizcha, jannatga kira olmaysizlar”(Imom Muslim rivoyatlari).

Agar bu do‘stlik Alloh uchun bo‘lsa, u yana ham mustahkam bo‘ladi, chunki Alloh roziligi uchun bo‘lgan do‘stlikka hech qanday dunyoviy g‘araz aralashmaydi. Boshqacha qilib aytganda, dunyoviy ishlar yuzasidan sen-menga borib qolgan taqdirda ham, ularning do‘stligiga putur yetmaydi. Shuning uchun ham dinimizda Alloh uchun do‘stlashishga targ‘ib qilinib, bunga katta ajru mukofotlar va’da qilingan. Abu Dardo raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

“Arshning atrofida nurdan bo‘lgan minbarlar bor. Ushbu minbarlarda liboslari nur, yuzlari nur bo‘lgan bir qavm bo‘ladilar. Ular payg‘ambar ham, shahidlar ham emaslar. Ularni payg‘ambar va shuhadolar havas qiladilar”, – dedilar. Shunda sahobalar: “Bizga ularni tavsiflab bering, Yo Rasululloh”, dedilar. Shunda  Rasulimiz alayhissalom: “Ular Alloh yo‘lida bir-birlariga muhabbat qiluvchilar, Alloh yo‘lida birga o‘turuvchilar, Alloh yo‘lida bir-birlarini ziyorat qiluvchilar”, – deya  marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Islom tarixidan ma’lumki, Abu Zarr raziyallohu anhu bilan Bilol ibn Raboh raziyallohu anhu o‘rtalarida biroz kelishmovchilik bo‘lib,  achchiqlangan Abu Zarr raziyallohu anhu Bilol ibn Rabohga: “Ey qora xotinning o‘g‘li, meni bosib olding!” – degandilar, Bilol g‘azab qilgan holda o‘rnilaridan turib: “Allohga qasam, men bu ishni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga aytaman”, – dedilar.

Bu xabar yetkazilganida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yuzlari o‘zgarib ketdi va: Ey Abu Zarr! Onasini aybladingizmi? Sizda johiliyat odatlari bor ekan”, – dedilar.

Abu Zarr yig‘ladilar va: “Ey Allohning rasuli, menga istig‘for ayting” dedilarda, masjiddan yig‘lagan holda chiqib ketdilar.

Keyin Bilolning oldiga kelib, yuzlarini tuproqqa qo‘ydilar-da: “Allohga qasam, to oyog‘ing bilan yuzimni ezg‘ilamaguningcha, boshimni ko‘tarmayman. Sen olijanob kishisan, men esa – pastkashman”, – dedilar.

Bilol ham yig‘lab unga yaqinlashdilar-da, uning yuzidan o‘pdilar. So‘ngra: «Allohga qasamki, Alloh uchun bir marta bo‘lsa ham sajda qilgan yuzni oyog‘im bilan bosmayman”, dedilar. Keyin ikkovlari o‘rinlaridan turib, bir-birlarini quchoqlab, yig‘ida davom etishdi.

Bizlar bugungi kunda bir-birimizga yomonlik qilib qo‘ysak, kechirasiz deb aytishga ham botina olmaymiz. Aslida, uzr so‘rash yuqori saviyadagi madaniyat hamda oliy fazilatli xulqlardandir. Qolaversa, Islom dinida, irqiy kamsitish yoki millat ajratish, inson zotini tahqirlash qoralangan. Inson qaysi millat va irqdan bo‘lmasin, unga nisbatan kamsitish – ma’naviy qashshoqlikdir!

Mo‘min-musulmonlar o‘zaro birodar bo‘lganlaridan keyin, bir kishi haqida fikr bildirish borasida tiliga juda ehtiyot bo‘lishi lozim. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

“Kishi o‘zi e’tibor bermagan holda Alloh rozi bo‘ladigan so‘zni aytishi mumkin. Bu bilan Alloh uning jannatdagi darajasini ko‘taradi. Shuningdek, kishi o‘zi e’tibor bermagan holda Allohni g‘azabi keladigan so‘zni gapirib qo‘yishi mumkin. Bu bilan  Alloh uni jahannamga tushiradi”

Payg‘ambarimiz alayhissalom musulmonlarning bir-birlariga do‘st, birodar, ko‘makdosh bo‘lishlari  zarurligini bundan o‘n besh asr muqaddam e’lon qilib, Islom ummatini o‘zaro birodarlikka, qardoshlikka, hamkorlikka chaqirganlar. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

“Musulmon – musulmon kishining birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmanga ham topshirib qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh ham uning hojatida bo‘ladi. Kim musulmondan g‘am-tashvishni ketkazsa, Alloh taolo uni Qiyomat g‘am-tashvishlaridan xalos etadi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo Qiyomat kunida uning ham aybini berkitadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

لَا يُؤْمِنُ أحَدُكُمْ، حتَّى يُحِبَّ لأخِيهِ ما يُحِبُّ لِنَفْسِهِ

ya’ni: “Kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham ravo ko‘rmagunicha komil mo‘min bo‘la olmaydi” .Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobai kiromlardan birlariga uch marta Jannatni bashoratini berdilar. Shunda, Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu u kishini uylarida mehmon bo‘lib, uch kun amallarini kuzatdilar. Lekin hech qanday ortiqcha amalni ko‘rmadilar. Keyin, u sahobadan Abdulloh ibn Amr: “Qaysi amalingiz tufayli Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytgan narsaga erishgansiz?” – deb so‘radilar. U zot: “Siz ko‘rganingizdan boshqa narsa yo‘q. Lekin ko‘nglimda biror musulmonga nisbatan g‘illu g‘ashlik saqlamayman va Alloh unga bergan narsaga hasad qilmayman”, – dedilar. Abdulloh ibn Amr: “Ha, mana shu narsa sizni ushbu darajaga olib chiqqan ekan”, – dedilar

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining roziligi yo‘lida do‘stlashuvchi solih bandalaridan qilsin! Mo‘min-musulmonlarning hamjihatligini ta’minlasin! Omin!

  Olloyor  OMONOV “Xoja Buxoriy” o’rta maxsus ta’lim muassasasi o’qituvchisi