PAYG‘AMBARLARDAN KEYINGI ENG AFZAL SHAXS
19

Hazrati Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu Islom ummatining eng mashhur zotlaridan sanaladilar. “Abu Bakr” u zotning kunyalari bo‘lib, ismlari Abdulloh bo‘lgan. Otalarining ismlari Usmon (kunyalari Abu Quhofa), onalariniki Ummul Xoyr. Ota-ona tomonidan sulolalari Murrada Rasululloh alayhissalomning sulolalari bilan birlashadi. Abu Bakr kunyasi bilan tanilgan bu buyuk zot ilk sakkiz musulmonning ham, Asharai mubashsharaning ham, Xulafoi roshidinning ham birinchisi bo‘ldilar.
Hazrati Abu Bakr raziyallohu anhuning laqablari – “Siddiq” bo‘lib, ushbu laqabni olishlariga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning har bir amallarini tasdiqlashga har doim shay turganlari, bundan tashqari Isro va Me’roj hodisasini hech qanday taraddudsiz, darhol tasdiqlaganlari sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu doimo o‘zlariga sodiqlik – rostgo‘ylikni muhim asos deb bilganlar. Imon masalasida u kishida biror marta ikkilanish yoki sustkashlik sezilmagan. Shu va shunga o‘xshash juda ko‘p fazilatlar u kishining “Siddiq” degan laqabni olishlariga sabab bo‘lgan.
Abu Bakr raziyallohu anhu erkaklardan birinchi musulmon bo‘lgan zot edilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
“Kimni Islomga da’vat qilgan bo‘lsam, unda ikkilanish, taraddud va o‘ylab turish hollari bo‘ldi. Ammo Abu Bakr ibn Abu Quhofaga Islomga kirishini taklif qilganimda, taraddudlanmadi, o‘ylab ham o‘tirmadi” – deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, biz ham bu zotga o‘xshab rostgo‘y va Payg‘ambarimiz alayhissalom aytgan gaplarga so‘ssiz amal qiladigan bo‘lishimiz darkor.
Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu musulmon bo‘lganlaridan boshlab, to Nabiy sallallohu alayhi vasallam vafot etgunlaricha, har doim U Zot bilan birga bo‘ldilar. Nabiy sallallohu alayhi vasallam bilan birga hijrat qilish asnosida U Zotning g‘ordagi hamrohlari bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr raziyallohu anhu bilan birga yo‘lga chiqqanlarida, ularning izlariga tushgan mushriklardan saqlanish uchun Makka chekkasidagi Savr tog‘ining bir g‘origa kirib yashirinadilar. Dushman izquvarlari g‘or og‘zigacha izlab keladilar. Lekin Allohning marhamati bilan g‘or og‘zi o‘rgimchak to‘rlari bilan o‘ralib qoladi. Buni ko‘rib, ular orqaga qaytib ketadilar. Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu g‘or og‘ziga kelib qolgan dushmanlar Rasulullohga ozor yetkazishadi, deb qattiq hayajonlanadilar. Shunda Rasuli Akram alayhissalom tasalli beradilar. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
إِلَّا تَنْصُرُوهُ فَقَدْ نَصَرَهُ اللَّهُ إِذْ أَخْرَجَهُ الَّذِينَ كَفَرُوا ثَانِيَ اثْنَيْنِ إِذْ هُمَا فِي الْغَارِ إِذْ يَقُولُ لِصَاحِبِهِ لَا تَحْزَنْ إِنَّ اللَّهَ مَعَنَا فَأَنْزَلَ اللَّهُ سَكِينَتَهُ عَلَيْهِ وَأَيَّدَهُ بِجُنُودٍ لَمْ تَرَوْهَا وَجَعَلَ كَلِمَةَ الَّذِينَ كَفَرُوا السُّفْلَى وَكَلِمَةُ اللَّهِ هِيَ الْعُلْيَا وَاللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
ya’ni: “Agar sizlar unga (Muhammadga) yordam qilmasangiz, Alloh (O‘zi) unga yordam qilgan. Qachonki, uni kofirlar ikki kishining biri sifatida (vatanidan) chiqarib yuborganlarida, ikkovlari g‘orda turib, (Muhammad) hamrohi (Abu Bakr)ga: «Tashvish chekma! Albatta, Alloh biz bilan birgadir!» – degan edi. Shunda Alloh unga taskin (xotirjamlik) nozil etdi va sizlar ko‘rmagan lashkarlar bilan uni quvvatladi hamda kofir bo‘lganlar so‘zini tuban qildi. Allohning so‘zi esa, u yuksakdir. Alloh qudratli va hikmatli (zot)dir” (Tavba surasi, 40-oyat).
Mana shu oyati karimada zikr etilgan ikki kishi – Rasululloh sallallohu alayhi vasallam va Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu ekanlariga barcha mufassirlar ittifoq qilishgan. Shu sababli kim Abu Bakr raziyallohu anhuning sahoba ekanliklarini inkor qilsa, kofir bo‘ladi, deyilgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Hazrati Abu Bakrga:
أَنْتَ صَاحِبِي فِي الغَارِ، وَصَاحِبِي عَلَى الْحَوْضِ
ya’ni: “Siz g‘orda menga hamroh bo‘lganingizdek, Havzda ham, hamrohim bo‘lasiz”, – deganlar.
Abu Bakr raziyallohu anhu xayrli ishlarda doimo sahobalarning eng peshqadami bo‘lganlar. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim bugun ro‘zador bo‘lib tong ottirdi?” – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedilar. Sarvari olam yana: “Kim bugun janozaga qatnashdi?” – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedilar. U Zot: “Kim bugun biror miskinni taomlantirdi?” – deb so‘radilar. Abu Bakr: “Men”, – dedilar. Payg‘ambarimiz: “Kim bugun biror kasalni borib ko‘rdi?” – dedilar. Abu Bakr: “Men”, – dedilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ushbu ishlar qaysi bir kishida jamlangan bo‘lsa, u albatta jannatga kiradi”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Demak, biz ham bu zotdan o‘rnak olib, imkon qadar mazkur savobli ishlarni har kuni amalga oshirishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Huzurimga Jibroil alayhissalom keldilar va qo‘limdan yetaklab borib, menga ummatim kiradigan jannatning eshigini ko‘rsatdilar”, – dedilar. Shunda Abu Bakr raziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli, men ham Siz bilan bo‘lib uni ko‘rishni juda ham istadim”, –dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
“Ey Abu Bakr, ummatim ichidan jannatga birinchi kiruvchi, albatta, siz bo‘lasiz”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Bir odam uchun bundan ortiq fazilat bo‘lmasa kerak. Alloh taolo barcha ummatlarga guvoh qilgan, oxirgi va eng afzal ummat bo‘lgan ummati Muhammadiyaning ichidan birinchi bo‘lib jannatga kirishi Alloh taoloning oxirgi va eng afzal payg‘ambari tomonidan ta’kidlangan odamdan ham afzal odam bo‘lmasa kerak.
Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalom vafotlaridan so‘ng barcha sahobalarning ittifoqi bilan musulmonlarning yo‘lboshchisi bo‘ldilar. U zot o‘zlarining ikki yil uch oy-u bir hafta davom etgan xalifalik vaqtlarida Islom ummatining katta fitnadan saqlanib qolishiga sabab bo‘ldilar. Turli fitnalar bo‘lib, ko‘pchilik dindan qaytganda, qat’iyatlilik bilan ularni Islomga qaytarish choralarini ko‘rdilar. Qur’oni karimni alohida kitob shakliga keltirdilar va ko‘plab diyorlarga Islom dining keng yoyilishiga xizmat qildilar. U zot hijratning o‘n uchinchi yili jumadul avval oyida oltmish uch yoshlarida vafot etganlar.
Alloh taolo ushbu buyuk sahobadan O‘zi rozi bo‘lsin! U zot hayot yo‘llarini o‘rganib, hayotimizga tatbiq qilishimizga barchamizni muvaffaq aylasin! Qiyomat kunida Payg‘ambarimiz alayhissalomning xavzlari oldida Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu bilan birga bo‘lishni hammamizga nasib etsin! Omin!
Olloyor OMONOV
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus ta’lim muassasasi o’qituvchisi
