MUSULMONNI MOLINI YEYISH
15

Islom dini insonni butun borlig’i, moli, joni, obro’si va hurmatini saqlashga yuksak ahamiyat qaratib, unga e’tiborsizlik qilganlarga qattiq tahdidlar qilgan. Abdulloh ibn Masu’d roziyallohu anhu rivoyat qilgan sahih hadisda shunday deyilgan:
“Musulmonni so’kish fosiqlik, uni o’ldirish kufr va uni molining hurmati huddi qonini hurmati kabidir”[1].
Ushbu hadisdan ma’lum bo’lyaptiki, Islom dini obro’, mol-mulk va jonni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Musulmonlarni birodarlik va o’zaro rahmdillikka hamda bir-birlarini hurmat qilishga chaqirmoqda. Hadisi sharifda Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonni so’kish” ya’ni haqoratlash, janjallashish va uni obro’siga putur yetkazadigan so’zlarni aytish “fosiqlik” ya’ni Alloh va Uning rosuliga itoatsizlik qilish, Unga qarshi chiqish demoqdalar. “Uni o’ldirish kufrdir” degan so’zlaridagi “Kufr”dan maqsad haqiqiy kofirlik emas, balki shunga olib boradigan katta gunoh deganidir. Shoyad bunday ish qiladigan kishi bu gapni eshitib o’ziga kelsin, to’xtasin va tavba qilsin. Chunki odam o’ldirish bilan odatda kofir odam shug’ullanadi, uning qilgan ishi ham kofirning ishiga o’xshaydi.
“Va uni molini hurmati huddi qonini hurmati kabidir”. Nohaqdan musulmonning mol-mulkini olib qo’yish, huddi uning qonini to’kish va o’ldirish bilan barobardir. Zero, Alloh taolo:
وَلَا تَأۡكُلُوٓاْ أَمۡوَٰلَكُم بَيۡنَكُم بِٱلۡبَٰطِلِ
“Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo’l bilan yemang” (Baqara surasi 188-oyat), deb bu ishdan qat’iy tarzda qaytargan.
Nohaqdan va botil yo’l bilan mol-mulkni yeyish, o’sha yeyilgan odamni o’ldirish bilan tenglashtirilmoqda. Botil yo’l bilan yeyish deganda har qanday aldov va xiyla yo’li orqali bo’lsin, o’g’irlik bo’lsin yoki tortib olish yo’li orqali bo’lsin, hammasi bir xil, barchasi botildir.
Muhibullayev Saidmuhammadxon
Xoja Buxoriy islom bilim yurti o’qituvchisi
[1] Imom Buxoriy 48-hadis, Imom Muslim 64-hadis, Imom Termiziy 1983-hadis, Imom Nasoiy 4109-hadis, Ibn Moja muxtasar shaklda 69-hadis va Imom Ahmad 4262-hadislar
