OTA-ONAGA OQ BO’LISH NIMA DEGANI?
171

“Oq” bo’lish degan so’z arabcha so’z bo’lib “عَقَّ يَعُّقُ عُقُوقٌ” so’zidan olingan bo’lib oqizmoq, uzmoq, kesmoq va ajratmoq va hamda ozor bermoq, osiy bo’lmoq degan ma’nolarni ifodalaydi. “Oq” so’zi bizni o’zbek tilida ham ishlatiladi. Lekin, bizni tilda bu so’zni lafzi, talaffuzi bir xil bo’lgani bilan biz nazarda tutib turgan “oq” so’zdan tubdan farq qiladi. E’tibor beriladigan bo’lsa “عَقَّ” so’zini chaqaloq tug’ilgandagi marosimga ham “Aqiqa” deb ishlatamiz. “Aqiqa” so’zi ham farzand shukronasiga jonliq so’yib, qonini oqizilishiga nisbatan aytilgan.
Rosululloh sollollohu alayhi va sallam ota-onaga oq bo’lishni gunohi kabira (katta gunoh)lardan deb sanaganlar. Hasan basriy rohmatullohi alayhidan ota-onaga yaxshilik qilish (birrul volidayni) va ularga oq bo’lish, haqida so’ralganda Hasan basriy: “Yaxshilik qilish-o’zing ega bo’lgan narsani ikkovlariga sarflashing, modomiki ma’siyatga buyurishmas ekan ularni buyruqlariga itoat qilishingdir. Oq bo’lish-u ikkovlarini tashlab qo’yishing va (muhtoj bo’lgan narsalaridan) mahrum qilishing”, deb savob berdilar.
Ulamolarimiz oq bo’lishni ham ikkiga bo’lishadi:
- Qovliy, so’zi orqali.
- Amaliy, qilgan qilmishi sababli.
Ya’ni nima deyilmoqchi, agar farzand ota-onasiga qiladigan muomalasi, aytadigan so’zi ularni xafa qiladidigan, ranjitadigan bo’lsa, demak unga “Qovliy oq bo’ldi”, deyilar ekan. Endi farzand so’z bilan emasda hataktaeri, yoki yurish turishi, o’zini tutishi muhtaram zotlarni norizo qilib ko’nglini og’ritsa, buningdek nomaqbul xulqqa “Amaliy oq bo’lish”, deb nomlanadi.
Agar biror farzand ota onasiga noqulay muomala qilib oq boʻlgan boʻlsa, yoki ota onasi oʻzlari farzandini oq qilishgan boʻlsa farzand nima qilsa bu gunohi kabirasi kechiriladi, degan savol boʻlsa unga quyidagicha javob bersa boʻladi:
Avvalam bor Alloh taologa tavba qilib, qilgan ishga pushaymon qiladi. Soʻngra agar ota onasi tirik boʻlishsa ulardan ham kechirim soʻrab xizmatlarini qiladi va qalblarini ranjitmaydi. Rozi rizoliklarini oladi. Vafot etishgan boʻlsa, ularni haqqlariga duo va istigʻfor aytadi. Doʻstu birodar, dugonalarini holidan xabar olib ularni hushnud qiladi. Ayni shu maʼnoda “Adab al-mufrat”da hadis kelgan. Alloh taolo Oʻzi toʻgʻri yoʻlidan ayirmasin.
TURDIBAYEV ANASXON
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
