DINIMIZDA VATAN HIMOYASI MUQADDAS BURCH

38

14-yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida nishonlanadi. Darhaqiqat, Vatan – muqaddas makon. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo’lida xizmat qilish – har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, yurt sha’ni va or-nomusini ko’z qorachig’idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e’tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchidir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda milliy armiyamizning alohida o’rni bor.

Shukrlar bo’lsinki, kundan-kunga mamlakatimiz mudofaa qobiliyati, Qurolli kuchlarning jangovor salohiyati hamda milliy mudofaa sanoati ortib bormoqda.
Dinimizda Vatanni himoya qilish ishiga o’zini baxshida etish eng ulug’ savobli amallardan ekanligi aytilgan. Bu to’g’rida Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan shunday hadis rivoyat qilingan:

«عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ اللهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ اللهِ»
ya’ni: “Ikki ko’z egasini do’zax otashi kuydirmas: biri  – Allohning azobidan qo’rqib yig’lagan ko’z, ikkinchisi – Alloh yo’lida poyloqchilik qilib bedor bo’lgan ko’z” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Kindik qoni to’kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko’z qorachig’iday asrab-avaylash inson uchun go’yo o’z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo’lda fidoiy bo’lgan kishi yuksak maqomga etishi ulkan ajrlar sohibi bo’lishi haqida bashoratlar mavjud bo’lib, Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
مَنْ رَابَطَ يَوْمًا اَوْ لَيْلَةً فىِ سَبِيلِ اللهِ كَانَ لَهُ أَجْرُ صِيَامِ شَهْرِ وَقِيَامِهِ وَمَنْ مَاتَ مُرَابِطاً جَرَى لَهُ مِثْلُ ذلِكَ الْأَجْرِ وَاُجْرِىَ عَلَيْهِ الرِّزْقُ وَاَمِنَ مِنَ الْفَتَّانِ

ya’ni: “Kimki Alloh taolo yo’lida bir kunduz yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi (nafl) ro’za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimiki sarhadni qo’riqlab turganda halok bo’lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo’ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo’ladi”(Imom Nasaiy rivoyatlari).
Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik va omonlikda, askaru zobitlarimizni O’zining hifzu himoyasida saqlab, jannatmakon diyorimizni yomon ko’zlardan va barcha ofatlardan omonda saqlasin! Omin!

 Olloyor OMONOV
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus ta’lim muassasasi o’qituvchisi