TAQDIR HIKMATLARI ULUG’LAR NIGOHIDA

51

Butun olamlarni buyuk hikmat va guzal o’lchov (taqdir) bilan yaratgan Alloh taologa hamd-u sanolar deymiz. Allohning tanlab olgan bandalari payg’ambarlariga salot-u salomlar bo’lsin. Xususan, “barcha narsa Allohning taqdiri bilan, hatto ojizlik va ziyraklik ham” deb bayon qilgan sayyidimiz Muhammad Mustafoga salovot va salomlar bo’lsin. Qur’on va hadisning ma’nolarini to’g’ri tushunib Allohning taqdiridagi hikmatlarni bizlarga imkoni boricha ochib berishgan sahobalar, tobeyinlar va imomlarimizga rahmat va salomlar yog’ilsin.

Aliy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, u kishi dedilar: Rasululloh (sallallohu alayhi va sallam): Sizlardan kimki bo’lsa, haqiqatda uning o’rni do’zaxda yoki jannatda ekanligi yozib qo’yilgandir, dedilar. Sahobalar: Yo Rasulalloh, shu yozig’imizga suyansak-da amalni tark qilsakchi, dedilar. Rosululloh (sallallohu alayhi va sallam): Amal qilaveringlar, chunki kim nima uchun yaratilgan bo’lsa o’sha narsaga muyassar qilingandir. Kim xushbaxtlar jumlasidan bo’lsa saodatli amalga muyassar qilinur, kim badbaxtlar jumlasidan bo’lsa badbaxtlik amaliga muyassar qilinur, dedilar. So’ngra u kishi Layl surasining beshinchi- oltinchi oyatlarini o’qidilar. (Ikki shayx rivoyat qilgan).

Ushbu hadisi sharifda Rosululloh (sallallohu alayhi va sallam) bu dunyoda yashayotgan har bir insonning oxiratda jannatiy yoki do’zaxiy ekani azaldan belgilab yozib qo’yilganini bayon qildilar. Shunda sahobalar ajablanib, unday bo’lsa qiynalib amal qilishning nima hojati bor, deb so’radilar. Rosululloh (sallallohu alayhi va sallam): Yo’q, sizlar amalni tark qilmanglar. Balki amal qilavering, shunda jannatga kiruvchi jannatga kirishga sabab bo’luvchi amalga, do’zaxga kiruvchi do’zaxga kirishga sabab bo’luvchi amalga muvaffaq bo’lib boraveradi, dedilar. Ushbu hadisdagi “muyassar qilinadi” degan iboraning ma’nosi ancha izohtalab bo’lib ko’p muhaddislar buni turlicha batafsil sharhlaganlar. Biz ushbu maqolada buyuk ajdodlarimizdan Aziz ibn Muhammad an-Nasafiyning “Kashful haqoiq” nomli kitoblarida yozgan sharhini siz bilan baham ko’rishni xohladik. Aziz ibn Muhammad aytadilar:

Ey solik, har kimga ham haqiqatni idrok qilishga iste`dod yo’qdir. Chunki insonlar ilm hosil qilishda farqlidirlar. Balki boshqa ishlarda ham turlichadirlar. Zero, har bir inson bir ishning asbobi, bir sifatning namoyishidir.

Shuning uchun hech kim o`zining ishidan boshqa narsani qila olmaydi. Payg`ambarimiz alayhissalomning “amal qilaveringlar, kim nima uchun yaratilgan bo’lsa o`sha narsaga muyassar qilinur” degan so`zlarining ma`nosi ham shudir. Agar hammada bir narsaga iste`dod bo`lsa edi bu katta olamda intizom bo`lmasdi. Shu kabi inson degan kichik olamda ham. Masalan, odam a`zolarining barchasi bir narsaga iste`dodli bo`lsa uning vujudida nizom bo`lmasdi va u noqis bo`lar edi. Demak insonning har bir a`zosi bir ishga iste`dodli va har biri o`z joyida o`z ishini qila oladi, xalos. (Ya’ni, masalan ko’z ko’rish uchun yaralgan lekin ko’rmaydi yoki gapirolmaydi. Oyoq yuradi lekin hech narsani korolmaydi ham, ushlayolmaydi ham. Quloq esa faqat eshitadi va hokazo …)

Ey solik, agarchi zohiran har bir a`zo o`z ishini qilayotgandek ko`rinsa ham ammo haqiqatda barchasi bir-biriga xizmat qilyapdilar. Ko`z oyoqqa xizmat qiladi va oyoq qo`lga xizmat qiladi. Qo`l boshga xizmat qiladi va bosh hissiyotlarga xizmat qiladi. Tashqi a`zolar oshqozonga xizmat qiladi, oshqozon esa jigarga xizmat qiladi, jigar esa butun tanaga xizmat qiladi. Demak, barch a`zolar bir -birlariga xizmatkordirlar, bir-birlari uchun ishlaydilar. Lekin bundan o’zlari bexabardirlar. Endi agar bosh oyoqqa nuqson bo`lishini istasa haqiqatda o`ziga nuqson tilagan bo`ladi. Agar oyoq boshga nuqson tilasa o`ziga nuqson istagan bo`ladi. Boshqa a`zolar ham xuddi shundaydir. Bas, olami sag`irdagi bu holatni mushohada qilgan bo`lsang olami kabirni ham shunday bilgin. Olamda kimki va nimaiki bo`lsa barchasi bir -birining a`zosidir. Har biri bir ishga iste`dodlidir va har biri faqat o`z ishinigina qilur. Zohiran shunday ko`rinsada, barchasi bir-biri uchun xizmatkor, bir-biriga yordamchidirlar. Podshoh rai`yyatni tarbiya va muhofaza qilur, rai`yyat esa podshohga madadkor va yordamchidirlar. Temirchi duradgorga ximzat qilar, duradgor esa temirchining xizmatidadir. Shahar ahli qishloq ahliga ximzat qilarlar, qishloq ahli shahar ahli uchun ishlarlar. Olim johil uchun ishlar, johil esa olimning xizmatidadir. Olamdagi barcha mavjudotlar shundaydir va har nimaga nuqson yetishini hohlamoqlik hohlovchining o`ziga nuqsondir. Kimki boshqaga manfaatchi va yordamchidir haqiqatda o`ziga yordamchidir. Har kimda amri ma`ruf va nahiy munkar qilishda shu maqsad bo`lmasa u johildir. Har kimni muruvvat va ehsonida, sadaqasida shu niyat bo`lmasa u g`ofildir. Garchi muruvvat va ehsonda xosiyat ko`p bo`lsa ham niyat shundy bo`lmog`i kerak.

Demak, ulug’ bobomiz Aziz ibn Muhammad Nasafiy “amal qilaveringlar, kim nima uchun yaratilgan bo’lsa o`sha narsaga muyassar qilinur” degan hadisni shunday sharhlayapdilarki, masalan, Alloh taolo olovga shunday iste’dod berdiki, u faqat yondiradi, kuydiradi. Lekin u hech qachon hech kimni chanqog’ini qondirib serob qilolmaydi. Shu kabi kimki do’zax uchun yaratilgan bo’lsa u gunih qilishga iste’dodli, jur’atli, ammo toatga sabrsiz malollangandir. Ammo kimki jannat uchun yaratilgan bo’lsa unga toat-ibodat juda oson, bemalol. Gunoh ishlarga, fisq-u fujurlarga esa jur’ati yo’q, qo’li bormaydi, Allohdan qo’rqadi. Chunki, Alloh taolo unga faqat yaxshilikka, ibodatga iste’dod bergan, yomonlikga qobiliyat bermagan.

Alloh taolo barchamizga yaxshilikni taqdir qilgan bo’lsin, amiyn.

Maxtumquli TOSHQULOV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi