Qur’on lug’atda “o’qimoq” ma’nosidagi masdardir. Qur’on bu ma’noda ismi maf’ul ma’nosida ya’ni “o’qiladigan kitob” ma’nosida bo’ladi. Qur’onning “jamlamoq” ma’nosi ham bor. Qur’on bu ma’noda ismi foil ma’nosida ya’ni “oyatlar va suralarni jamlovchi, o’z ichiga oluvchi” ma’nosida bo’ladi.

Musulmonlar Alloh taoloning mutakallimligi borasida ittifoq qildilar. Islom millatiga mansub biror toifa Allohning mutakallimligi, Qur’on Allohning kalomi ekanida ixtilof qilmadi.

Lekin Allohning “kalom” sifatining haqiqati borasida ixtilof qildilar.

Ahli sunna va jamoa ulamolari “Alloh taoloning kalomi Allohning Zotida qoim ma’no ekaniga, harf va tovushlardan tuzilmagan” ekanligiga ittifoq qildilar.

Karromiylar esa “Allohning kalomi Allohning zotida qoim, yangi paydo bo’lgan harf va tovushlardan tarkib topgan”, dedilar.

Ba’zi g’uluvga ketgan hanbaliylar “Alloh Zotida qoim bo’luvchi, qadim bo’lgan harf va tovushlar bilan mutakallim”, dedilar.

Mo’taziliylar “Allohning kalomi harf va tovushlardan tuzilgan, Allohning Zotidan boshqa o’rinda qoim, yangi paydo bo’lgan kalom”, deyishdi.

Ahli sunna va jamoa “Qur’on – Allohning kalomi maxluq emas. Agar Allohda kalom sifati yangi paydo bo’lgan bo’lsa, Alloh kalom sifati paydo bo’lishidan oldin gapirishdan ojiz bo’lgan bo’lib qolar edi. Alloh bunday nuqsonlardan pok, oliy zotdir”, dedilar. Bu so’zlariga “Zuhruf” surasi 3-oyatni dalil qilib keltirdilar:

{إنا جعلناه قرآنا عربيا لعلكم تعقلون}

“Biz uni arabcha qur’on qildik, shoyadki aql yuritsalaringiz”

Bu oyat Allohning kalomi harf va tovushlardan tuzilmaganiga dalil bo’ladi. Sababi جعل kalimasi, agar, ikki maf’ulga muta’addiy bo’lsa, تحويل ya’ni “o’zgartirish” ma’nosida bo’ladi. Agar, bitta maf’ulga muta’addiy bo’lsa, تخليق ya’ni “yaratish” ma’nosida bo’ladi. Yuqoridagi oyatda Alloh o’zining kalomini arab tiliga o’zgartirgan holda nozil qilgan. Allohning zotida qoim kalom harf va tovush emasligiga dalolat qiladi.

 

Muhammad MIRMAXAMATOV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasi o’qituvchisi