Mo’min kishi Allohga, rosuliga va rosuli keltirgan barcha narsalarga iymon keltirishi shart. Ahli sunna va jamoa ulamolari “iymon — qalb bilan tasdiqlab, til bilan iqror bo’lish” deb aytgnlar. Amal iymonni komil qiluvchi hisoblanadi. Ya’ni, bir inson Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg’ambarlariga, o’limdan keyin qayta tirilishga, taqdirning yaxshisi ham, yomoni ham Allohdan ekaniga, oxirat kuniga iymon keltirsa, u mo’min bo’ladi. Lekin uning iymoni Alloh buyurgan farz amallarni qilib, qaytargan gunoh ishlardan qaytmas ekan komil hisoblanmaydi. U inson gunoh ish qilgani sababli yoki farzlarni tark qilgani uchun kofir bo’lib qolmaydi. Balki gunohkor bo’ladi. Chunki, unda iymonning asli, tasdiq va iqror bor.

Alloh taolo Baqara surasi 82-oyatda marhamat qilib aytadi:

{ وَٱلَّذِینَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّـٰلِحَـٰتِ أُو۟لَـٰۤىِٕكَ أَصۡحَـٰبُ ٱلۡجَنَّةِۖ هُمۡ فِیهَا خَـٰلِدُونَ }

“Va iymon keltirib, yaxshi amallarni qilganlar, ana o’shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.”

Bu oyatda Alloh taolo iymon va solih amallarni alohida keltirdi. Bu oyat solih amal qilmagan kishi ham mo’min hisoblanishiga dalil bo’ladi. Biroq, jannatga kirish uchun solih amallarni qilishni ham shart qilib qo’ydi. Demak, jannatga kirishga sabab bo’ladigan komil iymon amallar bilan bo’ladi.

Xavorij va mo’tazila toifasi “amal iymonning asli va amal qilmagan inson iymondan chiqadi, tavba qilmay vafot etsa do’zoxda abadiy qoladi” deyishdi.

Murjia toifasi esa “Amal kofirga foyda bermaganidek, mo’minga gunoh zarar bermaydi, mo’min dunyodagi barcha gunohlarni qilsa ham, do’zaxga kirmaydi” deyishdi.

Ahli sunna va jamoa ulamolari esa “mo’min gunoh sababli iymondan chiqmaydi, lekin amal iymonni komil qiladi, nurini ziyoda qiladi. Gunoh qilgan musulmon, qilgan gunohini halol sanamasa, kofir bo’lmaydi. Tavba qilmay vafot etsa, Allohning xohishida bo’ladi. Alloh hohlasa uni fazli bilan kechirib jannatga kiradi, yoki adolat ila uni gunohiga yarasha jazolab, so’ng fazli bilan jannatga kirgizadi. Mo’min odam, fosiq bo’lsa ham, do’zoxda abadiy qolmaydi”, dedilar.

Alloh barchamizni solih mo’minlardan qilsin.

Muhammad MIRMAXAMATOV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasi o’qituvchisi