Allohning rahmati va fazli inson hayotidagi eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. Rahmat Allohning bandalariga mehribonligi va g‘amxo‘rligini ifodalaydi, fazl esa Uning cheksiz saxovati va  mislsiz berishini anglatadi. Bu ne’matlar orqali insonlarning qalbi yengillik topadi, gunohlari kechiriladi va ularga turli ko‘rinishdagi yordamlar yetib keladi. Allohning rahmat va fazli Qur’oni karimda ko‘p marotaba zikr qilingan bo‘lib, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham ulug‘langan. Shuningdek, ibratli rivoyatlar orqali ham bu haqiqat bizga yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi.

Qur’oni karimda Alloh taolo o‘zining rahmati haqida ko‘p bor ta’kidlab o‘tgan. Masalan, Alloh taolo aytadi:

«Agar Allohning senga bo‘lgan fazlu rahmati bo‘lmaganida, ulardan bir guruhi seni albatta yo‘ldan ozdirishgan bo‘lardi. Lekin ular faqat o‘zlarini ozdiradilar. Senga esa, Allohning fazlu rahmati tufayli yo‘l ko‘rsatildi…» (An-Niso, 113).

Bu oyatda Alloh taolo insonlarga ularga qilingan rahmat va fazlning qadriga yetishni eslatadi. Agar Allohning cheksiz rahmati bo‘lmaganida, odamlar ko‘pincha gunohga botar, halokatga yo‘liqardi. Allohning rahmati ularga mag‘firat, hidoyat va najot yo‘lini ko‘rsatadi.

Yana bir oyatda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

 «Albatta, Mening rahmatim barcha narsani qamrab oladi…» (Al-A’rof, 156)

Bu oyatda Alloh taolo o‘z rahmatining kengligiga ishora qiladi. Allohning rahmati nafaqat insonlarga, balki butun borliqni o‘z ichiga oladi. Shu sababli, hech kim Uning rahmatidan mahrum emas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Allohning rahmati haqida ko‘p marotaba gapirib, sahobalarini va ummatlarini Uning fazliga intilishga chorlaganlar. Bir hadisda shunday deyilgan:

«Albatta, Allohning rahmati yuz qismdir. U shundan faqat bir qismini yerga tushirdi. Ana o‘sha bir qism orqali sizlar bir-biringizga rahm-shafqat qilasizlar. Qolgan to‘qson to‘qqiz qismi esa Allohning huzurida turibdi» (Muslim rivoyati).

Bu hadisdan biz bilib olamizki, biz dunyoda ko‘rib turgan barcha mehr-oqibat, rahm-shafqatlar Allohning birgina rahmatining in’ikosi xolos. Uning asl rahmati bizga yetib borishni kutmoqda va oxiratda to‘liq tajassum etadi.

Yana bir hadisda shunday deyiladi:

 «Alloh rahm-shafqatli zotdir va rahm-shafqatli bandalarini sevadi. Yerda yashovchilarga rahm-shafqat qiling, toki sizlarga osmondagilar rahm qilsin» (Tirmiziy rivoyati).

Bu hadis bizga Allohning rahmatiga erishish yo‘lini ko‘rsatadi. Yer yuzida rahm-shafqat ko‘rsatgan kishilar osmondagi farishtalar va Alloh tomonidan ulug‘lanadi. Rahm qilish – Allohning sifatlaridan biridir va mo‘minlarga ham bu sifatni o‘zlarida mujassam qilish tavsiya etiladi.

Bir kuni sahobalardan biri – Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rahmat haqida so‘rashdi. U kishi quyidagi voqeani hikoya qilib berdi:

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirib kelganlarida, sahobalardan biri namozda yig‘layotganini ko‘rdilar. U kishi o‘z gunohlaridan chuqur afsuslanib, Allohdan mag‘firat so‘rayotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qarab:

«Alloh senga rahm qiladi, gunohlaringni kechiradi, sen ham boshqalarga rahm qilgin», — dedilar.

Bu voqea bizga Allohning rahmati qanchalik keng ekanligini eslatadi. U kishi ko‘plab xatolar qilgan bo‘lsa ham, Allohning rahmatiga umid qildi va oxirida Uning kechirimini topdi. Boshqalarga rahm qilgan odam Allohning rahmatiga muvofiq bo‘ladi va Uning fazliga erishadi.

Vosila ibn Asqo, roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Ramazon oyi keldi.Biz ahli suffa ham ro’za tuta boshladik.Har oqshom iftor vaqti kirishi bilan Aqobada bayat bergan ansorlar kelib har qaysisi bir kishidan bizni iftorlikka olib ketishardi. Bir kuni hechkim kelmadi. Ro’zamizni ocholmay uxladik, saharlik ham qilmadik. Ertasi kuniham hechkimdan darak bo’lmadi. Nihoyat ahvolimizni janobi Payg’ambarimizga, sollohu alayhi vasallam, bildirdik. Ul zot bizga nihoyatda qayg’urib, biror yegulik bormi, deya ayollaridan birma-bir so’rattirdilar. Biroq ularning hammalari bunga: Alloh nomiga qasamki, bizda yegulik hech narsa yo’q,-deb javob yubordilar.

Shunda Nabiy sollollohu alayhi vasallam to’planishimizni buyurdilar va biz to’plangach:

Allohim, Sendan fazl va rahmat so’raymiz. Zero rahmat yolg’iz Sening qo’lingdadir va Sendan o’zga rahmat sohibi yo’qdir,- deya duo qildilar.Biz “Omin”, dedik.

Oradan ko’p o’tamay, bir joydan bizga bir qo’yning qovurilgan tanasi va shunga yarasha non keldi.Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam:

Qani, olinglar, yenglar,  — dedilar.

Biz to’ygunimizcha yedik. Shundan so’ng Sarvari koinot, sollollohu alayhi vasallam, shanday deb marhamat qildilar:

Biz Alloh taoladan uning fazli va rahmatini ham tilagan edik. Bu bergani Uning fazlidir. Shubha yo’qki, biz uchun rahmatini ham saqlab qo’yibdi” .

Allohning rahmati va fazli inson hayoti uchun eng zarur ne’matlardan sanaladi. Biz har kuni bu ne’matlarga ehtiyoj sezamiz. Allohning rahmati bizga kechirim, himoya va barakot olib keladi, Uning fazli esa bizga baxt va muvaffaqiyat eshiklarini ochadi. Qur’on va hadislar bu haqiqatni ta’kidlagan va ulardan ibrat olib, hayotimizni bu ne’matlarga muvofiq tarzda kechirishimiz kerak.

Xolmurodov Hamidulloh
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi axborot kutubxona markazi boshlig’i