Rizq Allohdandir
18

Bandaga biror ne’mat berilsa, Alloh meni yaxshi ko’rgani uchun beryapti, deb o’ylamaslik yoki aksincha, rizqi tang bo’lgan vaqtda Parvardigorim g’azab qilgani uchun meni shu ahvolga soldi, deb gumon qilmaslik, balki har ikkala holatni ham Allohning sinovi deb qabul etish lozim.
Alloh taolo insonni sinash uchun unga boylik beradi yoki boylikdan qisadi. U berilgan ne’matdan unumli foydalanib, uni yaxshilikka sarflab, shukrini ado etadimi yoki boshqalarni nazar-pisand qilmay, berilgan ne’matni taqiqlangan joylarga sarflab, noshukrlik qiladimi? Kambag’al boriga qanoat bilan shukr qilib yashaydimi yoki o’g’rilik, talonchilik kabi gunohlarga qo’l uradimi?
Kambag’allikni ayb deb biladigan kimsalar o’zlaridan kambag’alroq kishilarga past nazar bilan qaraydi va boyligi bilan kibrlanib, boshqalardan o’zini ustun sanaydi. Aslida esa, moddiy jihatdan emas, balki ma’naviy va axloqiy jihatdan qashshoqlik haqiqiy qashshoqlikdir. Shuningdek, moddiy boylik emas, balki nafs va ko’zning to’qligi haqiqiy boylikdir. Bu haqda Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Mol-dunyo ko’pligi haqiqiy boylik emas, balki nafs to’qligi haqiqiy boylikdir”, deganlar.
Boriga qanoat qilib, o’z holidan nolimay yashaydigan kambag’allarning bir qancha fazilatlari bor. Quyida ularning ba’zilarini keltirib o’tamiz:
Faqir va miskinlar jannat ahlining ko’p qismini tashkil etadi. Ya’ni, jannatga boylardan ko’ra ko’proq kambag’al kishilar kiradi.
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg’ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Jannatga qarab, uning ko’p ahli faqirlar ekanini, do’zaxga qarab, uning ko’p ahli ayollar ekanini ko’rdim”, dedilar».
Jannatga birinchi bo’lib faqir va miskinlar kiradi.
Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Ummatimning faqirlari jannatga boylaridan qirq yil avval kiradi”, deganlarini eshitganman».
Qiyomat kunida Kavsar hovuzidan suv ichishga birinchi bo’lib kambag’allar keladi. Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “(Kavsar) hovuzi (o’lchami) Adandan to Ammonul Balqo shahrigachadir. U sutdan ko’ra oppoq, asaldan ko’ra totliroq, kosalari osmon yulduzlari sanog’ichadir. Kim undan bir marta ichsa, hech qachon chanqamaydi. Unga sochlari to’zg’igan, (dunyo) ne’matlaridan bahramand bo’lmagan muhojir faqirlar birinchi bo’lib keladi”, deganlar.
Sirot ko’prigidan birinchi bo’lib miskin va faqirlar o’tadi.
Savbon (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, bir yahudiy Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Kimlarga birinchi bo’lib sirot ko’prigidan o’tishga ruxsat beriladi?” deb so’raganida, Payg’ambar (alayhissalom): “Muhojirlardan bo’lgan faqirlarga”, deb javob berganlar.
Payg’ambarlarga birinchi bo’lib ergashganlar miskin va faqirlardir.
Nuh (alayhissalom) qavmini imon keltirishga chaqirganida ular: “Senga razil (kambag’al) odamlar ergashganidan keyin bizlar senga imon keltirarmidik?!” (Shuaro, 111) deyishgan.
Bundan tashqari, Rum podshohi Hiraql va Abu Sufyon o’rtasida bo’lib o’tgan mashhur suhbatda Hiraql Abu Sufyondan Payg’ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) haqlarida “Unga odamlarning badavlatlari ergashyaptimi yoki zaif (faqir)larimi?” deb so’raydi. Abu Sufyon, badavlatlari emas, balki zaiflari, deb javob berganida, podshoh: “Zaiflar payg’ambarlarga birinchi bo’lib ergashadilar”, deydi. Davomi bor.
Husniddin Boyqobilov
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
