Tafsir fani nimani o’rganadi?

49

Tafsir – lug’atda “ochib berish” , “bayon qilish” degan ma’nolarni bildiradi. Istelohda esa bashariyat o’z qudrati va toqati yetgunicha Alloh Taoloning oyatdagi  murod-maqsadini bilishlikka yetaklovchi fandir.

Beixtiyor insonning ichida bu fan aslida nimani o’rganadi degan savol o’tishligi mumkin. Bu savolga quyida javob berib o’tamiz.

                Tafsir fani nimani o’rganadi?

        Tafsir — oyatlarning nozil bo’lishi va ular haqidagi xususiyatlar, qissalar, ularning nozil bo‘lish sabablari hamda oyatlarning Makkiy va Madaniysi, muhkam va mutashobihi, nosix va mansuxi, mutloq va muqoyyadi, mujmal va mufassali, halol va haromi, va’d va va’iydi, amr va nahiysini va shunga o‘xshash ilmarni o‘rganuvchi ilmdir.

                Imom Jaloliddin As-Suyutiy (Al Itqon )

         Yana bir manbaada shunday keltiriladi: “Tafsir – Muhammad ﷺga nozil qilingan Allohning  kitobini tushunishlik, uni ma’nolarini bayon qilish, ahkom va hikmatlarini chiqarish ushbu ilm orqali bo’lib, mazkur narsalar sababi nuzul, nosix va masuxini bilish bilan bir qatorda lug’at, naxv, sarf, ilmul bayon, usul-ul fiqh  va qiroat ilmlari orqali o‘zlashtiriladi’’

                Imom Zarkashiy (Al Burxon)

        Tafsir ilmi o’z navbatida 3 turga bo’linadi. Bular quyidagilardir:

  1. “Tafsir bil ma’sur” – bunda mufassir Qur’on oyatlarini rivoyat qilgan sahih hadislar va sahobalarning qavllari bilan tafsir qiladi.
  2. “Attafsir bir-ray” – bunda mufassir o’z fikri va ijtihodi ila tafsir qiladi va u ikkiga, joiz va g‘ayri joizga bo’linadi. Joiz bo‘lgan ray bilan tafsir qilishda mufassir ishonchli masdarlarga suyangan holda jaholat va zalolatdan uzoqda bo‘lib tafsir qiladi. Joiz bo‘lmagan qismda esa mufassir jaholat, bid’at va zalolat bilan tafsir qiladi, shuning uchun ham, barcha allomalar bu navdagi tafsirni man qilganlar.
  3. “Tafsiri ishoriy” – bunda mufassir oyatning zohiriy ma’nosiga qaramay, uning maxfiy ishoralari taqozosi bilan tafsir qiladi.

Xulosa: Umumiy qilib aytadigan bo’lsak, bu ilm Alloh Taoloning Kalomini chuqur tadbiq qiluvchi fandir.

 

Turayev Bobur

“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi

2-kurs talabasi