Farzand kamoli  tarbiyaga bogʻliqdir

15

Kishilik jamyatinining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti tarixidan ma’lumki, bola shaxsining kamoloti oilada shakllanadi. Oila — jamiyat hayotining kichik bir debochasi bo’lib, har tomonlama sog’lom, barkamol avlodni voyaga yetkazish uchun ma’sul bo’lgan g’oyat muhim tarbiya o’chog’idir. O’zbek oilasi a`zolarning barchasini savodxon, ma’lumotli deb atasak, xato qilmagan bo’lamiz, ana shu imkoniyatlar ta’sirida o’g’il va qizlar bilimli, fikr-mulohazali, topqir, ishbilarmon, aql-zakovatli bo’lib voyaga etmoqdalar. Oiladagi bola tarbiyasi ikkiyoqlama ahamiyat kasb etadi, ota-onalar farzandlariga ahloq-odob, ruhiyat va ma’naviyatga oid bilimlardan saboq berish bilan qanoatlanib qolmasliklari, balki o’zlari ham tarbiyaning o’ziga xos sir-sinoatlari, hususiyatlari, uning mazmun-mohiyati va ma’nosiga doir eng yangi ma’lumotlardan xabardor bo’lib turishlari kerak bo’ladi. O’z farzandlariga oqilona tarbiya bera olgan ota-onalar, umrlarini rohat va farog’atda o’tkazadilar, bolalaridan hamisha oliyjanoblik, mehribonlik, yaxshilik ko’radilar, dillari aslo jaroxat azobini sezmaydi; o’kinish hissiga duchor bo’lmaydilar. Shu to’g’rida o’zbek xalqidagi quyidagi maqol darak beradi: “Toy ulg’aysa, ot tinadi (ya`ni ot minishdan qutqariladi)”. Oilaning asosiy tayanchi bo’lgan ota, hayotning barcha mashaqqatlaridan totib ko’radi, o’zining bukilmas irodasi, adolatparvarligi, hayot sinovlariga bardoshliligi bilan ajralib turuvchi buyuk shaxs sifatida gavdalanadi.

Ota — oilaning boshlig’i, posbonidir. Zero, oilaning har bir ko’z ilg’amas nuqtalarini ilg’ay olish, oila a’zolariga faqat to’g’ri, haq yo’lni ko’rsatib turishdek insoniy mas`uliyat ota zimmasida turadi. Ota oilada o’z farzandlariga har tomonlama yurish-turishda, nutq odobida, o’zaro muomala madaniyatida, eng muhimi amaliy ish faoliyatida to’g’rilik va haqqoniylik, samimiylik va xolislik yuzasidan namuna ko’rsatadi. Murg’ak tasavvurli bola ilk tarbiyani oilada oladi. Bola tarbiyasining ilk saboqlari haqida atoqli o’zbek pedagogi Abdulla Avloniy o’zining “Turkiy guliston yohud Axloq” kitobida quyidagi ibratli o’g’itlarni aytgan edi: “Tarbiyani tug’ilgan kundan boshlamak, vujudimizni quvvatlantirmak, zexnimizni ravshanlashtirmak lozim”. Oilada kattalarning obro’si qo’rqitish asosida emas, balki samimiylik, o’zaro hurmat-ehtirom zamiriga qurilishi maqsadga muvofiqdir. Oila a`zolarining inoqligi, o’zaro hamjihatligi, kiyinish madaniyati, mehnat faoliyati, o’zga kishilar to’g’risidagi suhbatlari va ularning boshqa sifat hamda fazilatlari bolaning murg’ak tasavvuriga yangi timsollarni olib kiradi.

Oila tarbiyasi bolaning kelajakda kim bo’lib yetishishida mu­him o’rin tutadi, bola dastlab oilada jamiyatning qiyofasini quradi, bo’lajak fuqaroning huquq va burchlari, dunyoqarashi va axloqiy qarashlari oilada shakllanadi, shu asosda jisman va ruhan kamol topib boradi. Bola uchun oiladagi sog’lom ijtimoiy-ruhiy muhit, madaniy-ma`naviy va axloqiy qadriyatlar, an`analar, ijtimoiy-hayotiy tajribalar, ko’nikma va malakalar manbaidir. Bu oilaviy tarbiya jarayonida sayqallanib boradi, tarbiyaning mohiyati kishini hayotga tayyorlashdan iborat bo’lib, tarbiyaning mazmuni, yo’nalishi, maqsadi va vazifasi kishilarning ijtimoiy munosabatlariga bog’liq. Kishi shu munosabatlarga asosan hayotga biron-bir tarzda qaraydigan bo’ladi, tafakkuri orqali olamni anglaydi va o’zining unga nisbatan munosabatini shakllantiradi, muayyan axloq mezonlari ruhida tarbiya topadi, chunki oilaviy tarbiya ijtimoiy tarbiyaga nisbatan bolalarning ruhiy olamiga, hissiyoti va tuyg’ulariga chuqur ta`sir ko’rsatadi. Davomi bor.

Husniddin Boyqobilov

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi