TANQIDNI KO’TARA OLMAYSIZMI?

10

Quyida sizga bir nechta tavsiyalarni taqdim etaman.

Birinchi nasihat. Haqiqatlar va shaxsiy fikrlar orasini farqlab oling. Agar tanqid fakt darajasida bo’lsa, undan istefoda qiling va oldida bo’yin eging, undan ta’sirlanishga kirishing. Bordi-yu shaxsiy bir fikr bo’lsa, baribir bundan xursand bo’ling, lekin ahamiyat qaratmang, qattiq qayg’urib o’tirmang.

Ortingizdan gap-so’z qilishsa yoki o’zingizga tanqid bildirishsa, yuqoridagidek nazar solish tanqidga o’z o’rnini belgilab beradi. Shunda u qalbga yetib boradi, butun tana a’zolari unga javob beradi, tatbiq va amaliyotga qo’llashga o’tadi. Odamlar har qancha haqiqat yoki fikrlarni aytmasin, shuni bilingki, bu narsa qadringizni tushirsa ham, qadaringizni o’zgartira olmaydi!

Rivoyat qilinadiki, ulamolardan biri tog’asining huzurida ilm o’rganardi. Bir gal tog’asi unga: “Allohga qasamki, sening kelajaging yo’q, sendan yaxshi narsa chiqmaydi!” deydi. Shunda shogird xafa bo’lib, ilm talabida boshqa joyga ketadi va bu yo’lda qattiq jiddu jahd qiladi. Vaqtlar o’tib, ilmda ko’zga ko’rinib, hatto katta ulamolardan biriga aylanadi, ko’plab kitoblar yozadi. Kunlardan bir kun haligi voqeani yodga oladi va: “Alloh tog’amni rahmatiga olsin! Agar meni va atrofimdagi odamlarni ko’rib, kitoblarimni o’qiganida, ichgan qasamiga kafforat to’lar edi!” deydi.

Bilasizmi, o’sha “befahm” va “kelajagi yo’q” shogird kim edi? U zot Ahmad ibn Ja’far, “Al-aqiyda at-Tohaaviyya” kitobi muallifi, ulug’ imom Tahoviy rohimahulloh edi! Tog’asi esa imom Muzaniy rohimahulloh bo’lib, u imom Shofeiy rohimahullohning ilmda merosxo’ri va eng katta shogirdi edi. Lekin, shu qadar darajasi baland bo’lishiga qaramay, u zotning fikri haqiqat emas edi!

Odamlar siz haqingizda har qancha gapirishmasin, gaplari sizning haqiqatingiz emas! Fikrlari sizning taqdiringiz emas! Shu bois gaplarini ko’tara biling, ta’sirlanib qolmang.

Urva ibn Zubayr rohimahumalloh aytadi: “Necha bor xorlik kalimasini ko’tara bilgan bo’lsam, u menga uzoq davom etgan azizlik berdi”.

Hayotda muvaffaqiyatga erishgan kimni ko’rmang, albatta u bu yo’lda achchiq gaplarga duchor bo’lgan. Lekin bu uni oldinga turtkilagan, kuydirib yubormagan!

O’zingizni yaxshi biluvchi o’zingizsiz, haqingizda aytilgan narsa sizni aldab qo’ymasin! Siz haqingizda aytilgan gaplar sizga ziyon keltira olmaydi.

Fikrlarga xuddi ustki kiyimga munosabatda bo’lgandek bo’ling: agar sizga loyiq bo’lsa, oling, bo’lmasa yechib tashlang!

Sizni tahqirlagan, mazammat qilgan, yomonlik qilganlarga ko’nglingizni keng qiling. Kuchli bo’ling. Kuchli degani kurashda doim yiqitadigan emas, jahli chiqqanida o’zini ushlab tura oladigan kishidir.

Bir kishi Sha’biy rohimahullohga: “Sen yomon odamsan!” dedi. Bu uning bir fikri edi. Shunda u kishi: “Agar rost gapirgan bo’lsang, Alloh meni kechirsin. Agar yolg’onchi bo’lsang, Alloh seni kechirsin!” deb qo’ya qoldi! Ha, bu vaziyatda bor gap shu aslida!

Bir kishi Salmon roziyallohu anhuni haqorat qildi. Shunda u kishi dedi: “Agar (Qiyomatda) tarozilarim yengil kelsa, men aytganingdan ham yomonroq bo’laman. Agar tarozilarim og’ir kelsa, aytganing menga zarar qilmaydi!”. Buyuklarning axloqi mana shunday bo’ladi.

Bir kishi Abu Bakr roziyallohu anhuga: “Seni shunday so’kamanki, qabringa sen bilan birga kiradi!”, dedi. Shunda u kishi: “Sening o’zing bilan birga kiradi!” dedi. Shu bilan o’tirish yakunlandi, tortishuv to’xtadi.

Bundan ham yaxshiroq va sodiqrog’i imom Buxoriy rohimahulloh rivoyat qilgan bir hadisdagi gapdir. Unda Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh mendan Qurayshning haqorat va la’natlarini qanday burib qo’yganidan ajablanmaysizmi? Muttahamni so’kadilar, muttahamni la’natlaydilar. Men esa Muhammad (Maqtalgan)man!”

Bu qanday buyuklik, bu qanday beg’uborlik, bu qanday halimlik, bu qanday ulug’ xulq! “Muttaham” degan gap ularning u zot haqlaridagi bir fikri edi. Lekin bu u zotning ular nazdidagi haqiqatini – ishonchli va sodiq Muhammad ekanlarini bekor qilgani yo’q.[1]

 

Yosir ibn Badrning «Maktublar va javoblar» kitobidan

 Saidahmedov Sardorxon tarjima qildi.

Xoja Buxoriy islom ta’lik muassasasi o’qituvchisi

[1]