BUYUK IMOMLAR USTOZI (3-qism)

18

Ulamolarning Imom Dorimiy haqida aytgan so’zlari.

Nu’aym ibn Na’im rivoyat qiladi: “Muhammad ibn Abdulloh ibn Numayrni shunday deyayotganini eshitdim: “Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy hifz va taqvoda bizdan o’zib ketdi”. Is’hoq ibn Ahmad Zirk Abu Hatim Roziydan qilgan rivoyatida shunday degan: “Abu Hatimdan “Muhammad ibn Ismoil Iroqga kirgan kishilarning olimrog’i, Muhammad ibn Yahyo Xurosonga kirgan kishilar ichida bilimdinrog’i, Muhammad ibn Aslam ularning (shubhalardan) parxizkorrog’i va Abdulloh ibn Abdurahmon esa ular ichida eng sobitrog’idur” deganini eshitganman”. Ibn Abu Hatim otasidan qilgan rivoyatida shunday degan: “(Dorimiy) o’z zamoni ahlining (olimlarining) imomi edi”.

Abu Homid Sharqiy shunday deydi: “Men Xuroson ahli hadislaridan beshtasi, Muhammad ibn Yahyo, Muhammad ibn Ismoil, Abdulloh ibn Abdrahmon (Dorimiy), Muslim ibn Hajjoj va Ibrohim ibn Abu Toliblardan hadis rivoyat qilganman”. Muhammad ibn Ibrohim ibn Mansur Sheroziy shunday degan: “(Dorimiy) aql va diyonatda g’oyatda cho’qqida, halimlik, diroyat ilmi (roviy va rivoyatlarga doir ilm), hifz, ibodat va zuhdda zarbulmasal qiladigan darajada yuksak edi. Hadis va asar ilmini samarqandga yoydi. Hadislar ichidan to’qima hadislarni ajratdi. Haqiqiy mufassir va fiqh bilimdoni edi”[1].

Rajo ibn Murjiy shunday degan: “Men undanda (Dorimiydan) ko’ra hadis bilimdoni bo’lgan biror kishini bilmayman”. Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal shunday degan: “Men otamdan so’radim, ey, otajon, hofizlar kim?. Otam: “Ey, o’g’lim, bzining huzurimizda Xurosonliklar (muhaddislar) bo’lar edi, ular tarqab ketishdi”, dedi. Men: “Ular kimlar edi?”, deb so’radim. Otam: “Ular Muhammad ibn Ismoil u Buxoriy, Ubaydulloh ibn Abdulkarim u Roziy, Abdulloh ibn Abdurahmon u Samarqandiy (ya’ni Dorimiy) va Hasan ibn Shuja’ u Balxiy”, dedi. Shunda men: “Ular ichida qaysi bir hofizroq?, dedim. Otam: “Abu Zuro’a ular ichida yaxshi rivoyat qiluvchiroq, Muhammad ibn Ismoil esa orifrog’I, Abdulloh ibn Abdurahmon mutqinrog’I va Hasan ibn Shuja’ bo’lsa, jamlavchirog’idur”, deb javob berdi.

Bu haqda gapirilsa, so’z va maqtovlar juda ko’p, ularni keltirilsa, so’zimiz cho’zilib ketishi aniq. Chunki Dorimiy o’z zamoni va keyingi vaqtda yashagan barcha ulamolar nazdida buyuk maqom egasi sanalgan. Buni isbotini yuqoridagi jumlalarda guvohi bo’ldik.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, Dorimiy hadis ilmida barchaga ustoz va o’rnak bo’lgan. Hadisda ishonchli, ko’p hadis biluvchi, mutqin ya’ni hadis ilmiga bog’liq barcha ilmlarni mustahkam biluvchi va taqvoda peshqadam muhaddis va o’z o’rnida faqihlardan bo’lgan.

Bugungi kunda hadislarni inkor qiluvchilar shunday olimlar hayotini chuqur va insof bilan o’rgansalar, Qur’ondan boshqasi bekor, qolganiga ishonch yo’q, chunki ularning roviylari qanday odam ekani noma’lum deyishdan to’xtagan bo’lar edilar balki.

Muhaddis ulamolar ayniqsa, yurtimiz O’zbekiston deyorida yashab o’tganlarning hayotini o’rganish shu yurtda yashayotgan har bir ilm ahli uchun muhim sanaladi. Nafaqat bu yurtda balki, butun islom olamida yashovchilar uchun ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda hadislarni za’if, to’qima deb ularni inkor qiluvchilarga javob berish uchun ham hadis ilmi olimlarini hayotini o’rganish, ularning ilmiy merosini tahlil qilish, ilm yo’lidagi zahmatlaridan xulosa chiqarish, hadisni o’zlaridan keyingi avlodga yetqazish yo’lida qay darajada jon ko’ydirganlaridan yuksak namuna olish, dolzarb masala hisoblanadi.

Xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi

Saidmuhammadxon Muhibullayev

[1] Tahzib at-tahzib. Jild. 5. –B. 258. Tahzib al-kamal. Jild. 15. –B. 215.