MASJIDNI HURMAT QILMOQ VA UNING ODOBLARI XUSUSIDA
41

Bilamizki, masjid – ma’rifat maskani. Alloh taologa ibodat qilinadigan pokiza joydir. Dini Islomda masjid juda muhim ahamiyatga ega. Avvalo, ibodat joyi bo’lib, musulmonlar uchun namoz o’qish, jamoat ibodatlari va boshqa diniy marosimlarni o’tkazish uchun xizmat qiladi. Bundan tashqari masjid ta’lim, jamiyatni birlashtirish va ma’naviy ta’lim-tarbiya markazi sifatida alohida e’tiborga molik. Masjid – insonlarning Alloh taologa toat-ibodat va zikr bilan mashg’ul bo’ladigan muqaddas maskan bo’lgani uchun ham “Baytulloh” – “Allohning uyi” deyiladi. Masjidga yo’l olganda, kirayotganda, u yerda o’tirganda va chiqayotganda rioya qilish kerak bo’lgan o’ziga xos tartib-qoidalar va odoblar bor. Masjidning fazilati borasida hadislarda keladiki, Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa makonlarning yaxshisi masjidlar, yomonrog’i bozorlardir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim Alloh rizosini istab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga bir uy qurib beradi”, deganlarini eshitganman” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni barkamol o’qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo’rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o’shalar hidoyat topuvchilardan bo’lishlari mumkin” (Tavba, 18). Mufassirlar masjidni obod etishni uning nuragan joylarini tuzatish, supurib-sidirish, pok tutish, yoritish, ibodatlarni unda ado etish va uni noloyiq narsalardan toza tutishdir, deb tushuntiradilar.
Masjidlar pok va muborak makonlardir, uning qadrini pasaytiruvchi va pokligiga putur yetkazuvchi har qanday ish va harakat makruhdir. Masjidga yoqimsiz hidli narsalarni iste’mol qilib kirish, ichkarida dunyoviy so’zlarni so’zlash, ovoz ko’tarish, savdo-sotiq qilish, yo’qolgan narsalarni surushtirib jar solish, zaruratsiz masjid hovlisidan o’tish, masjid ichida tilanchilik qilish yoki tilanchiga pul berish kabi xatti-harakatlardan saqlanish lozim.
Sufi Allohyor hazratlari o’zlarining “Maslak ul-muttaqiyn” asarlari Solat bobida shunday deyurlar: “Targ’ib us-solat”da aytur: “Agar kishi masjidga borur bo’lsa, tez yugurib bormasun, agarchi muazzin takbir aytib tursa ham. Agar borur bo’lsa, oyog’ini (qadamini) kichik bosib borgay, toki har qadamg’a behisob savoblar topg’ay. Va yana masjidga o’ng oyog’ini bosib kirsun, zeroki Rasuli Xudoning sunnatlaridur. Yana masjidga kirarda oyog’ini toza qilib kirsun. Har kishining aqli bo’lsa masjidga oyog’ini surmasun. Agarda tuproq to’da qilib yoki xas-cho’p yig’gan bo’lsa, uni pok qilsun.
Imom Faxr Zohid Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamdan naql qiladilar: “Har kim masjidga azondan ilgari borsa uch savob topar. Va agar takbir vaqtida borsa, ul namozning savobini topar.
Yana har kim masjidga kirsa ikki rakat tahiyyati masjid namozini o’qisin. Ulamolar ayturlarki: “Tahiyyati masjidni o’tirmasdan avval o’qisin. Masjidda dunyodan so’zlamasin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda dunyo ishlarini so’zlamoqni ko’p yomon sanaganlar. “Sharhi Avrod”da Tahoviydan naql qilinadi: “Har kim masjidga e’tikofni niyat qilib kirsin, xoh oz, xoh ko’p o’tirsa ham o’tirganiga yarasha savob topadi”. “Zaxiyra”da shunday keladi: Bir kuni Ahmad Basriy masjidga kirarda chap oyoqlari birla kirdilar. Uning kafforotiga yuz qulni ozod qildilar”.
Darhaqiqat, masjid Robbimizga yaqin bo’ladigan ulug’ maskandir. Uni pok va ozoda saqlamoq biz – mo’min-musulmonlarning vazifamizdir. Hozirgi kunda masjidda kuzatilayotgan ko’pgina hurmatsizliklar, masjidda dunyo so’zlarini so’zlashlik kabi odobsizliklar kishi dilini xira qiladi. Masjidga o’ta tavozeli va xokisor holda kirishimiz durustdir. Mana shunda Alloh subhanahu va taoloning amriga muvofiq o’laroq bo’ladi. Masjid odoblari borasida qisqacha gapirgan bo’ldik, Alloh azza va jalladan ushbu ko’rsatmalarni kishilarga manfaatli bo’lishidan umidvormiz. Ul Zot barchamizni hidoyat yo’lidan adashtirmasin, ikki dunyoda ham saodatmand aylasin!
Fazliddin SAYFULLAYEV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi
“Yosh ilmiy tadqiqotchi” a’zosi.
