Men sizga aytsam, baxt — muloqotda! Muloqot qiluvchingiz qay darajada ongli bo’lsa, shuncha saodat his eta olamiz. Tushuntiraman.

Masalan, birov mushuk boqib o’zini baxtli his qiladi. U bilan o’ynaydi, o’zicha gaplashadi, xursand bo’ladi… Lekin bu baxtning past darajasiga kiradi. Chunki mushuk unchalik ham ongli va vafodor emas.

Boshqa birov yoqimtoy kuchukchasi bilan ovora. Xursandlikdan uni o’pib olgisi ham keladi. Chunki u vafodor, egasini yaxshi ko’radi. Lekin bu ham komil baxtni belgilab berolmaydi.

Yana ko’pchilik esa o’zlari kabi odamlar bilan baxtli. Ota-onasi, do’stlari, jufti haloli va farzandlari u uchun baxt. Ammo, inson ham ojiz, xatokor va doim siz bilan birga bo’lolmaydi. Doim ham sizni tushuna olmaydi. O’zining muammolari o’ziga yetarli.

Shunday qilib, saodat qandaydir mukammal, ideal, benuqson nimadir bilan muloqot qilishda ekan, degan xulosaga kelamiz. Ya’ni, qandaydir cheksiz ongli, tengsiz, ilmli, xushyor, azaliy va abadiy Zot bilan muloqotda bo’lsangizgina baxt mukammal hisoblanadi. U — siz va bizni yaratgan Allohdir…

Uni yomon ko’rib bo’lmaydi, Undan yashirinib bo’lmaydi, Undan qochib bo’lmaydi, lekin U ham sizga hech qachon zulm qilmaydi, sizni arzimas kichik sabab bilan yomon ko’rib qolmaydi. U sizni yaxshi ko’radi! Negaki, U sizni iymon bilan siylagan, ko’zingizni ochgan, yo’lni ko’rsatgan. Iymon — o’sha baxt bo’lmish Alloh bilan muloqot qilishning ayni o’zidir. Endi aytingchi, siz mo’min emasmidingiz? Sizga ikkilanmasdan ayta olamanki, demak siz BAXTLISIZ!

Sardor SAIDAXMEDOV

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi