MASJID ODOBLARI
44

Masjid – Allohning uyi. Uning devorlari va ustunlari, Alloh nomi bilan qurilgan. Unda ibodat qilinadi, Alloh ulug‘lanadi, maqtaladi, Unga ruku va sajdalar qilinadi. Bu borada, Qur’oni karimda bunday bayon qilinadi: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, (masjidlarda) Alloh bilan qo‘shib yana biror kimsaga duo (ibodat) qilmangiz!” (Jin surasi, 18 oyat).
Alloh taolo masjidlarni qurishga, obod qilishga va uni asrab- avaylashga chaqiradi: “(chiroq) ko‘tarilishiga (qurilishiga) va ularda o‘zining nomi zikr qilinishiga Alloh izn bergan uylarda (masjidlarda)dir” (Nur surasi, 36 oyat). Darhaqiqat, masjidlarni pok tutish, tozalash va xushbo‘ylantirish borasida bir qancha shar’iy ko‘rsatmalar mavjud.
Masjidlar qanchalik sharafli joy ekanidan kelib chiqib, shariatimizda namozxonlar uchun odoblar, sunnatlar va ahkomlardan iborat ko‘rsatmalar bor. Ularning hurmatini saqlash, huquqini muhofaza qilish va namozning sha’nini ulug‘lash uchun mana shu ko‘rsatmalarga e’tibor berib yurish go‘zal amaldir.
Masjidga borishni qasd qilgan kishi, namoz uchun imkoni boricha bezanishi lozim ya’ni, toza kiyim kiyishi, xushbo‘ylanishi va misvok tutishi maqsadga muvofiqdir. Alloh taolo: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz!” (A’rof surasi, 31oyat), deydi.
Masjidga toza, xushbo‘y ifor bilan kirgan kishi izzat-ikromda bo‘ladi. Shunday ekan, namozxon kiyim-kechagida va yemak-ichmagida yoqimsiz hidlardan uzoq bo‘lishi, badani yoki kiyimidan keladigan har qanday yomon hidlar bilan namozxonlarga ozor bermasligi zarur. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim piyoz, sarimsoq va (ko‘k piyoz kabi) o‘simliklardan iste’mol qilgan bo‘lsa, bas, masjidimizga yaqinlashmasin! Chunki farishtalar odam farzandi ozor chekadigan narsalardan ozorlanadi”-dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Namozga kelayotgan musulmon shoshmasdan sokinlik va viqor bilan yurishi kerak, hatto namozga iqomat takbiri aytilsa ham shoshmasligi darkor, balki qadamini qisqa qilib maydalashtirishi lozim. Chunki kitoblarda, masjid sari ko‘p qadam bosgan kishi uchun buyuk ajr-savoblar borligi zikr qilinadi. Nabiy alayhissalom: “Namozga iqomat takbiri aytilsa (ham) o‘zingizga sakinatni lozim tutgan holda yuringiz! Bas, ulgurganingizcha (imomga ergashib) namoz o‘qing, (ulgurmay) o‘tkazib yuborganingizni qazosini o‘qing!”, deganlar.
Masjidga kirayotganda ayrimlarning shoshilishi va namoz o‘qiyotganlarni bezovta qilishi, ayniqsa imom ruku qilgan paytda (tezlashish) xato sanaladi, ayrim hollarda ba’zilar ovozini ko‘tarib yuboradi va namozxonlarni chalg‘itadi.
Yana bir gap, masjidga kirgan kishi imomni o‘tirgan yoki sajda holatda topsa, namozga qo‘shilmasdan imomni tik turishini kutib turmasdan, balki imom qaysi holatda bo‘lsa ham, ya’ni qiyomdami, rukudami, sajdadami yoki jalsadami, farqi yo‘q, quloq qoqib namozga qo‘shilib imomga ergashmog‘i lozim. Imom Termiziy “Al-Jome’ as-sahih” kitobida Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Biringiz namozga kelsa, imom qaysi holatda bo‘lsa ham, u qilganidek qilsin! (ya’ni, ruku’da bo‘lsa ruku’ qilsin, sajdada bo‘lsa sajda qilsin va hokazo)”. Yana Abdulloh ibn Mag‘fal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imomni sajda qilgan holatida topsangiz, sajda qiling, yoki ruku’ qilgan holatda topsangiz, ruku’ qiling, yoki qoim (tik turgan) holatda topsangiz, qoim bo‘ling! Agar ruku’ga ulgurmasangiz sajdani (bir rak’at) hisoblamang!”- deganlar. Shu hadisga binoan aytiladiki, kim masjidga kirsa va imom namozni tugatay deb turgan bo‘lsa ham namozga qo‘shilish afzaldir. Orqada kechikib kelganlar bilan alohida jamoat bo‘lib o‘qish niyatida kutib turish yaxshi emas. Chunki katta fazilat u uchun azon aytilgan birinchi jamoatdir.
Masjidga o‘ng qadam bilan kirib, chap qadam bilan chiqmoqlik — Masjidga kirayotgan kishi o‘ng oyog‘i bilan kirib: “A’uzu billahil aziymi va bivajhihil kariymi va sultonihil qodiymi minash shaytonir rojiym” (ma’nosi: Buyuk Allohdan karim yuzi va qadim saltanati ila toshbo‘ron qilib quvilgan shaytondan panoh so‘rayman), deydi va Nabiy alayhissalomga salovot aytadi hamda: “Allohummaftah liy abvaaba rohmatik”(Allohim! Menga rahmating eshiklarini och!), deydi. Masjiddan chiqayotganda chap oyog‘i bilan chiqadi va Nabiy alayhissalomga salovot aytadi hamda: “Allohumma i’simniy minash shayton”(Allohim! Meni shaytondan asra!) yoki “Allohumma ajirni minash shaytonir rojim. Allohummaftah liy abvaaba fazlik!” (Allohim! Meni toshbo‘ron qilib quvilgan shaytondan yiroq qil. Allohim! Menga fazling eshiklarini och!), deydi.
Masjidda barcha barobar bo‘lmoqlik- Masjidda barcha namozxonlar barobardirlar, kim avvalgi safni oldinroq kelib egallasa, u bunga haqlidir. Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlardan hech biringiz o‘tirish uchun o‘tirgan kishini joyidan hargiz turgizmasin!”. (Imom Muslim rivoyati). Hech bir kishiga masjiddan biror narsani o‘zlashtirish mumkin emas, ya’ni, bir joyni o‘zi uchun belgilab, kelishidan oldin gilam solib yoki hassa yoki stol qo‘yib yoki shunga o‘xshash ishlar qilib yoki vakil jo‘natib qo‘yishi mumkin emas. Shuning uchun nimaiki qo‘yilgan bo‘lsa, olib tashlab, o‘rnida namoz o‘qilaveradi. Kim masjidga avvalroq kirib bir joyni egallasa, so‘ng tahorat yangilash maqsadida joyini tark qilsa, o‘sha joyni egalik huquqi o‘zida qoladi, o‘rniga birov o‘tirib olgan bo‘lsa, uni turgizib yuborishga haqlidir.
Yo‘laklarni to‘sib qo‘ymaslik — Imkon darajasida namozxon masjid eshiklari va kirish yo‘llarida namoz o‘qimasligi kerak, chunki namozxonlarni kirishiga xalaqit berib, kirishga to‘sqinlik qilishi mumkin, (namozdan so‘ng chiqishda ham shunday), balki oldingi safga intilish kerak. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “(Avval) oldingi safni to‘ldiring so‘ng keyingisini, agar qisilib (sig‘may) qolsa, orqa safga o‘tsin!”. (Abu Dovud va Nasaiy rivoyati).
Agar biror kishi namoz o‘qiyotgan kishining oldi tarafidan o‘tishga urinsa, namozxon qo‘li bilan to‘sib uni qaytaradi, agar shunda ham qaytmasa, qattiqroq qaytarishga buyurilgan. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlardan biringiz namozda bo‘lsa, bas, (shu payt) bir inson oldingizdan o‘tishni iroda qilsa, kuchingiz yetgancha uni qaytaring! (Nasaiy rivoyati).
Shuning uchun namoz o‘qiyotgan kishi ro‘parasini kesib o‘tish joiz emasdir, garchi boshqa imkoniyat va boshqa o‘tishga yo‘l topa olmasa ham, faqat zarurat yuzasidan yoki imkoni yo‘q darajadagi katta mashaqqat bo‘lsagina ruxsat beriladi. Abu Juhaym Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Namoz o‘qib turgan kishini oldidan o‘tuvchi kishi, (bu ishi uchun) unga qanday narsa (ya’ni, qanchalik gunoh) borligini bilganida edi, uning oldidan o‘tmasdan qirq (kun yoki haftayoki oy) bo‘lsa ham kutgan bo‘lar edi”(Buxoriy rivoyati). Hadisdagi qirqdan qaysi ma’no maqsad qilinganini Alloh biladi. Bu hadisda namozxon oldidan o‘tishni arzimas sanash xatarli ekaniga dalil bordir.
Masjidda jimlmk saqlamoq- Masjidda shivirlashish, tartibsizlik (shu jumladan shovqin qilish ham) qilishdan qaytarilgan. Hozirgi kunda, ayrim namozxonlar masjidga kirishdan oldin, telefonlarini tovushsiz yoki umuman o‘chirib qo‘ymasliklari natijasida, namozxonlarning ibodatlariga xalaqit berishmoqda. Namozxonlarga ozor beradigan o‘tkir ohanglar va musiqiy tovushlar namozdagi xushu’ va xuzuni buzmoqda. Shuni unutmaslik lozimki, musulmonga ibodat qilayotgan paytda ozor berish yanada og‘irroq gunoh hisoblanadi. Rabbisidan qo‘rqadigan va masjidlarni ulug‘laydigan har bir musulmon masjidga kirishdan oldin, telefonini o‘chirib qo‘ymog‘i lozimdir.
Xulosa qilib aytganda, masjid odoblariga qat’iy rioya qilish, har bir namozxonning vazifasidir. Zero, masjidda namoz o‘qish, zikr va ibodat qilishga tashna bo‘lish ham masjidni obod qilish ekanini, unutmaslik lozim.
Xayrulla QURBONOV
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom talim muassasasi o‘qitivchisi
