Alloh taologa iymon keltirish haqida

58

Inson bu dunyo va oxirat saodatiga erishishi uchun islom dinini qabul qilishi kerak bo’ladi. Islom diniga kirishi uchun Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg’ambarlariga, o’limdan keyin qayta tirilishga, taqdirning yaxshisi ham yomoni ham Alloh taolodan ekaniga va qiyomat kuniga iymon keltirishi lozim. Iymon bu qalb bilan tasdiqlab, til bilan iqror bo’lishdir.

Islom dinini qabul qilishni istagan inson, agar yaratuvchi yolg’iz Alloh ekanini inkor etuvchi bo’lsa, birinchi navbatda Allohga iymon keltirishi lozim bo’ladi. Allohga iymon keltirish – Allohning sherigi yo’q, yakkayu yolg’iz zot ekaniga, butun borliqni yaratuvchisi, ismlarida ham, sifatlarida ham, zotida ham Unga o’xshash biror narsa yo’q ekaniga, U zot butun borliqdan behojat ekaniga, borliq esa U zotga muhtoj ekaniga, U zot tug’magan va tug’ilmaganiga va U zotga biror narsa teng bo’la olmasligiga qalb bilan ishonib, tili bilan iqror bo’lish bilan bo’ladi.

Alloh taolo Ixlos surasida marhamat qiladi:

قُلۡ هُوَ ٱللَّهُ أَحَدٌ ٱللَّهُ ٱلصَّمَدُ لَمۡ یَلِدۡ وَلَمۡ یُولَدۡ وَلَمۡ یَكُن لَّهُۥ كُفُوًا أَحَدُۢ

Аyt: «U Аlloh yagonadir». Аlloh somaddir. (Hojatlarni va ragʼbatlarni qondiruvchidir.) U tugʼmagan va tugʼilmagan. Va Unga hech kim teng boʼlmagan.

Yana Alloh taolo Shuro surasi 11-oyatida aytadiki:

فَاطِرُ ٱلسَّمَـٰوَ ٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۚ جَعَلَ لَكُم مِّنۡ أَنفُسِكُمۡ أَزۡوَ ٰجا وَمِنَ ٱلۡأَنۡعَـٰمِ أَزۡوَ ٰجا یَذۡرَؤُكُمۡ فِیهِۚ لَیۡسَ كَمِثۡلِهِۦ شَیۡءۖ وَهُوَ ٱلسَّمِیعُ ٱلۡبَصِیرُ

U osmonlaru yerni yoʼqdan bor qilguvchi zotdir. U sizlarga oʼz jinsingizdan juftlar yaratdi. Chorva hayvonlarini ham juft qilib yaratdi. U zot sizni oʼsha (juftlik) asosida koʼpaytirur. U zotga oʼxshash hech narsa yoʼqdir. U zot oʼta eshitguvchi, oʼta koʼrguvchi zotdir.

Bu oyatlar Alloh yakkayu yagona, yaratuvchi zot ekaniga, U zotga hech narsa o’xshamasligiga dalil bo’ladi.

Alloh barchamizni to’g’ri yo’lida sobitqadam qilsin.

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi: Mirmaxamatov Muhammad