Payg’ambarlarga iymon keltirish haqida

48

Inson bu dunyo va oxirat saodatiga erishishi uchun islom dinini qabul qilishi kerak bo’ladi. Islom diniga kirishi uchun Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg’ambarlariga, o’limdan keyin qayta tirilishga, taqdirning yaxshisi ham yomoni ham Alloh taolodan ekaniga va qiyomat kuniga iymon keltirishi lozim. Iymon bu qalb bilan tasdiqlab, til bilan iqror bo’lishdir.

Bugun iymon keltirish farz bo’lgan narsalarning to’rtinchisi ya’ni Alloh taolo yuborgan payg’ambarlarga iymon keltirish haqida gaplashamiz.

Alloh taolo bandalarini tog’ri yo’lga boshlash uchun, ularni zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga olib chiqish uchun do’zax azobidan ogohlantiruvchi va jannat bilan xushxabar beruvchi Rosullarini yubordi. Mo’min banda Alloh taolo yuborgan barcha payg’ambarlarga iymon keltirishi farzi ayn bo’ladi.

Alloh taolo o’zining kalomi sharifida marhamat qiladi:

{ ءَامَنَ ٱلرَّسُولُ بِمَاۤ أُنزِلَ إِلَیۡهِ مِن رَّبِّهِۦ وَٱلۡمُؤۡمِنُونَۚ كُلٌّ ءَامَنَ بِٱللَّهِ وَمَلَـٰۤىِٕكَتِهِۦ وَكُتُبِهِۦ وَرُسُلِهِۦ لَا نُفَرِّقُ بَیۡنَ أَحَد مِّن رُّسُلِهِۦۚ وَقَالُوا۟ سَمِعۡنَا وَأَطَعۡنَاۖ غُفۡرَانَكَ رَبَّنَا وَإِلَیۡكَ ٱلۡمَصِیرُ }

 “Paygʼambar unga oʼz Robbisidan tushirilgan narsaga iymon keltirdi va moʼminlar ham. Аllohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Paygʼambarlariga hamma-hamma iymon keltirdi. Uning Paygʼambarlarining birortalarini ajratmaymiz. Va: «Eshitdik va itoat qildik, (ey Robbimiz), magʼfiratingni soʼraymiz va qaytib borish Sengadir», dedilar.” [Baqara surasi: 285]

Yana, Alloh taolo aytadi:

{ وَلَقَدۡ أَرۡسَلۡنَا رُسُلا مِّن قَبۡلِكَ مِنۡهُم مَّن قَصَصۡنَا عَلَیۡكَ وَمِنۡهُم مَّن لَّمۡ نَقۡصُصۡ عَلَیۡكَ }

“Batahqiq, Biz sendan oldin ham Paygʼambarlar yuborganmiz. Ulardan kimningdir qissasini senga aytdik va ulardan kimningdir qissasini senga aytmadik.” [Gʻofir surasi: 78]

Yuqoridagi oyatlar Alloh taolo yuborgan payg’ambarlarning barchasiga iymon keltirish farz ekaniga dalil bo’ladi. Iymon keltirishda payg’ambarlarning sonini cheklab qo’ymaymiz. Alloh taoloning “Ulardan kimningdir qissasini senga aytdik va ulardan kimningdir qissasini senga aytmadik” degan so’zi payg’ambarlarning sonini tayn qilmasdan, hammalariga iymon keltirish farz ekaniga dalil bo’ladi. Payg’ambarlarning soni zikr qilingan hadislar mutavotirlik darajasiga yetmagan, ohod hadislar bo’lib, zonniy ilmni ifoda etadi va yuqoridagi oyatga quvvatda teng kelolmaydi. Agar biz payg’ambarlarning sonini cheklab qo’ysak, Alloh biz tayin qilgan sondan ko’proq yoki ozroq Payg’ambar yuborgan bo’lsa, biz payg’ambarlardan birortasiga iymon keltirmagan bo’lib qolamiz yoki payg’ambar bo’lmagan birorta insonni payg’ambar deb e’tiqod qilgan bo’lib qolamiz. Bu ish esa kufr sanaladi.

Alloh taolo barchamizni to’g’ri yo’lida sobitqadam qilsin.


Mirmaxamatov Muhammad

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi