AHLI SUNNA VA JAMOA ULAMOLARINING MUTASHOBIH OYATLAR BORASIDAGI E’TIQODI

45

Lug’at ilmi mutaxasislari “Qur’on” lafzining “o’qimoq”, “qiroat qilmoq”dan boshqa, “jamlash” ma’nosi ham borligini ta’kidlaydilar. Bunda Alloh taoloning oxirgi kalomi o’zidan oldin nozil bo’lgan barcha ilohiy kitoblarning ma’no, hikmat va ahkomlarini o’zida jamlaganiga ishorat bordir.

Mana o’n bеsh asrdan buyon ko’pchilik “Qur’on” lafzining lug’aviy ma’nosini bilmasa ham, uning musulmonlarning muqaddas kitobi ekanligini bilib kеlmoqda.

Lеkin Qur’oni Karimni tanish nomining lug’aviy ma’nosini yoki kimlarning muqaddas kitobi ekanini bilish bilangina bo’lmaydi. Faqatgina u  muqaddas kitobni qandoq kitob ekanligini bilish uchun ham, maxsus ilm egalari ta’rifiga murojaat qilishga to’g’ri kеladi.

Qur’oni Karim oyatlari muhkam va mutashobihga bo’linishi Oli Imron surasining 7-oyatida bayon qilingan:

 

هُوَ ٱلَّذِيٓ أَنزَلَ عَلَيۡكَ ٱلۡكِتَٰبَ مِنۡهُ ءَايَٰتٞ مُّحۡكَمَٰتٌ هُنَّ أُمُّ ٱلۡكِتَٰبِ وَأُخَرُ مُتَشَٰبِهَٰتٞۖ فَأَمَّا ٱلَّذِينَ فِي قُلُوبِهِمۡ زَيۡغٞ فَيَتَّبِعُونَ مَا تَشَٰبَهَ مِنۡهُ ٱبۡتِغَآءَ ٱلۡفِتۡنَةِ وَٱبۡتِغَآءَ تَأۡوِيلِهِۦۖ وَمَا يَعۡلَمُ تَأۡوِيلَهُۥٓ إِلَّا ٱللَّهُۗ وَٱلرَّسِخُونَ فِي ٱلۡعِلۡمِ يَقُولُونَ ءَامَنَّا بِهِۦ كُلّٞ مِّنۡ عِندِ رَبِّنَاۗ وَمَا يَذَّكَّرُ إِلَّآ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ

 

“U senga kitobni tushirgan zotdir. Unda muhkam oyatlar ham bor va ular kitobning aslidir va mutashobih (oyat)lar ham bor. Qalblarida hidoyatdan ogʼish borlar fitna maqsadida va uni taʼvil qilish maqsadida undan mutashobih boʼlganiga ergashadi. Uning taʼvilini Аllohdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda sobit boʼlganlar esa, unga iymon keltirdik, barchasi Rabbimiz huzuridandir, derlar. Va faqat aql egalarigina eslaydilar.

“Muhkam” soʼzi mahkam, ochiq-oydin, boshqa yoqqa burib boʼlmaydigan, degan maʼnoni anglatadi. “Mutashobih” soʼzi esa, oʼxshash, birini biridan ajratish qiyin, bir necha maʼnolarni anglatadigan, degan maʼnolarni bildiradi. Qurʼoni Karim oyatlari ham muhkam va mutashobihga boʼlinadi.

Mutoshobih oyatlar borasida ahli sunna va jamoa olimlarining ikki xil qarashlari mavjud:

  1. Mutashobih oyatlarning ta’vilini faqat Alloh biladi.
  2. Mutashobih oyatlarning ta’vilini ilimda sobit bo’lganlar ham bilishlari mumkin.

Ikki toifa ham o’z qarashlariga Oli Imron surasining yettinchi oyatini dalil qilib keltirishgan.

Mutashobih oyatlarning ta’vilini faqat Alloh biladi deganlar oyatdagi “Alloh” lafzi jaloladan so’ng vaqf qilish vojib deganlar va oyati karimaga quyidagicha ma’no berganlar:

وَمَا يَعۡلَمُ تَأۡوِيلَهُۥٓ إِلَّا ٱللَّهُۗ وَٱلرَّسِخُونَ فِي ٱلۡعِلۡمِ يَقُولُونَ ءَامَنَّا بِهِۦ كُلّٞ مِّنۡ عِندِ رَبِّنَاۗ

“Uning ta’vilini Allohdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda sobit bo’lganlar esa: unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir, derlar.”

O’zlarining bu qarashlariga quyidagi rivoyatlarni ham dalil qilib keltirganlar:

Oisha onamiz bu oyat borasida shunday deganlari rivoyat qilingan:

“Ularning ilmda puxtaligi muhkam oyatlarga ham mutashobih oyatlarga ham iymon keltirishlaridir. Ular mutashobih oyatlarning ta’vilini bilmaydilar.”

Hishom ibn Urva bu oyat borasida shunday deganlar:

“Otam bu oyat borasisda shunday deganlar: “Ilmda puxta bo’lganlar mutashobih oyatlarning ta’vilini bilmaydilar. Lekin ular “unga iymon keltirdik, barchasi Robbimizning huzuridandir, deydilar.”

Mutashobih oyatlarning ta’vilini bandalar ham bilishi mumkin degan ulamolar oyatdagi “Alloh” lafzi jaloladan so’ng vaqf qilmaganlar va oyati karimani quyidagicha tushunganlar:

وَمَا يَعۡلَمُ تَأۡوِيلَهُۥٓ إِلَّا ٱللَّهُ وَٱلرَّسِخُونَ فِي ٱلۡعِلۡمِ يَقُولُونَ ءَامَنَّا بِهِۦ كُلّٞ مِّنۡ عِندِ رَبِّنَا

“Uning ta’vilini Alloh va ilmda puxta bo’lganlar biladi. (Ilmda puxta bo’lganlar) unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir, derlar.”

O’zlarining bu qarashlariga quyidagi rivoyatlarni dalil qilib keltirishgan:

Ibn Abbos roziyallohu anhudan: “Men mutashobih oyatlarning ta’vilini biladigan kishilardanman”, deganlari rivoyat qilingan.

Mujohiddan rivoyat qilinadi: “Ilmda puxta bo’lganlar mutashobih oyatlarning ta’vilini biladilar va “unga iymon keltirdik”, deb aytadilar”.

Muhammad ibn Jafar ibn Zubayrdan rivoyat qilinadi: “mutashobih oyatlardan iroda qilingan ta’vilni Alloh va ilmda puxta bo’lganlar biladilar. Ular “unga iymon keltirdik, barchasi Robbimizni huzuridandir”, derlar.

Xulosa qilib aytganda, mutashobih oyatlarning ta’vili borligida ixtilof yoq. Ixtilof o’sha ta’vilni bandalar bilishlari mumkinmi yoki mumkin emasligidadir. Bugungi kunda ba’zi toifalar da’vo qilganidek, salafi solihlar mutashobih oyatlarning zohiriga ergashganlar degan da’volar botildir. Chunki salafi solihlar mutashobih oyatlarning ta’vili borligiga ittifoq qilganlar. Vallohu a’lam.

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi: Mirmaxamatov Muhammad