Yaxshilik qilishga eng haqli inson kim?

42

Alloh taolo inson tabiatiga farzandlarni yaxshi ko’rish, ularga mehr berish va ularga yaxshilik qilish sifatlarini joyladi. Ota-ona o’z-o’zidan farzandlariga mehr berib ularni avaylab asraydi. Ehtimol shu sababli ham oyat va hadislarda farzandlarga yaxshilik qilish, ularga mehr berish haqida buyruqlar kelmagandir.

Biroq farzand ba’zi hollarda mana shunday mehr berib, bor budini unga sarflagan ota-onasiga yaxshilik qilishi kerakligini, ular bilan go’zal muomilada bo’lishi lozimligini unutib qo’yadi. Shu sababli ham oyat-hadislarda ota-onaga yaxshilik qilish, ularni haqqini go’zal ado qilishga targ’iblar juda ko’p uchraydi.

عن أبي هريرة رضي الله عنه: قال: جاء رجل إلى رسول الله صلى الله عليه وسلم فقال: يا رسول الله من أحق الناس بحسن صحابتي؟

«قال: أمك، قال: ثم من؟ قال: ثم أمك، قال ثم من؟ قال: ثم أمك، قال: ثم من؟ قال: ثم أبوك»

Аbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Аllohning Rasuli ! Yaxshilik qilishimga eng haqli odam kim?” dedi. “Onang”, dedilar. “Keyin kim?” dedi. “Onang”, dedilar. “Keyin kim?” dedi. “Onang”, dedilar. “Keyin kim?” dedi. “Keyin otang”, dedilar”.

Ushbu hadisdan ko’rinib turibtiki, ota-ona yaxshilik qilishga eng haqli insonlardir. Shu bilan birga bu hadisda ona yaxshilik qilishga otadan ham ko’proq haqli ekaniga dalil bor. Chunki ona farzand tug’ilishidan oldin, homiladorlik vaqtida ko’p mashaqqatlarni boshidan o’tkazadi. So’ng tug’ilish vaqtida o’lim bilan yuzma-yuz keladi. Farzand tug’ilganidan so’ng ham tunlari bedor bo’lib, bolani emizib, bola kasal bo’lsa, ona ham bu kasallikni o’z tanasida his qilib mashaqqat chekadi. Shu sababli ham ona yaxshilik qilishda otadan avval turadi.

Ammo, itoat qilish masalasida ulamolar ixtilof qilishdi.

Ba’zi ulamolar yuqoridagi hadisdan dalil olib agar ota-ona ikkita ishga buyursa farzand avval onaning buyrug’ini bajaradi, dedilar.

Ba’zilari esa oilada ota boshliqligini e’tiborga olib, farzand avval otaning aytganini qiladi, dedilar.

Ba’zilar ota-onaning buyrug’i teng hisoblanadi, farzand ikkala buyruqqa ham birdek amal qiladi, dedilar.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, farzand ota-onasiga imkon qadar itoat qiladi. Birini rozi qilish uchun boshqasini ranjitmaydi. Balki ikkalalarini ham roziligini topish yo’lida jiddu-jahd qiladi va dunyo-yu oxirat saodatiga erishadi. Alloh hammamizni ota-onasini rozi qilib, jannat kalitlarini qo’lga kiritadigan bandalaridan qilsin.

 

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi: Mirmaxamatov Muhammad