BUYUK IMOMLAR USTOZI (2-qism)

19

Imom Zahabiy aytadi: “Dorimiy Smarqandning yetuk olimi edi”[1].

Imom Dorimiyning shayxlari (ustozlari) ko’p bo’lgan olimlaridan deb e’tibor qilinadi. Muhaqqiqlar olimning ustozlarini saksondan ortig’ini sanaydilar.

Olimning ustozlari qatorida quyidagilarni keltirish mumkin:

  1. Ibrohim ibn Munzir Hizomiy (Xizomiy) (vaf. 236/850).
  2. Ahmad ibn Hajjoj Marvaziy (Abu Bakr Marvaziy) (tav. 200/815. Vaf. 275/888).
  3. Asvad ibn Omir Shozan (Shomiy) (tav. 126/743. Vaf. 208/823).
  4. Ashhal ibn Hotim (vaf. 203/818).
  5. Hajjoj ibn Minhal (vaf. 217-19/832-35).
  6. Hibbon ibn Hilol (Bohiliy) (vaf. 210/825).
  7. Xalifa ibn Xayyot (tav. 160/777. Vaf. 240/855).
  8. Sa’iyd ibn Omir Zuba’iy (tav. 122/739. vaf. 208/823)
  9. Abu Mus’hir Abdula’la ibn Mus’hir G’isaniy (tav. 140/757. Vaf. 218/833).
  10. Abu Nu’aym Fazl ibn Dukayn (tav. 130/748. Vaf. 219/834).
  11. Abu Ubayd Qosim ibn Sallam Abidiy (tav. 157/774. Vaf. 224/838).
  12. Yahyo ibn Hasson Basriy Tunisiy (tav. 144/761. Vaf. 208/823).
  13. Yahyo ibn Yahyo Tamimiy Naysaburiy (tav. 142/759. Vaf. 226/840).
  14. Yazid ibn Harun (tav. 118/736. Vaf. 206/821).
  15. Ya’lo ibn Ubayd Tonofusiy (tav. 117/737. Vaf. 209/824).
  16. Yusuf ibn Ya’qub Soffor (vaf. 231/845)[2] va boshqalar.

Ushbu sanaganlarimiz ustozlarining bir qismi hisoblanib, yuqorida aytilgani kabi saksondan ziyod bo’lsa ajab emas. Chunki olim ilm olishga yoshligidan kirishgani, ilm yo’lida turli yurtlarga safar qilgani ma’lum, bu esa ustozi ko’pligidan dalolat berishi sir emas. Chunki bir kishidan bir hadis eshitsa ham usha shayxni ustozlari qatoriga qo’shiladi. Bunday holat barcha muhaddislarda kuzatiladi.

Ustozlari kabi olimning shogirdlari ham o’ziga yarasha ko’p bo’lgan. Ko’pchilik muhaddislar undan hadis rivoyat qilishgan. Muhaqqiqlarning aytishiga qaraganda, undan hadis rivoyat qilgan olimlar o’ttizdan ziyod bo’lgan. (albatta bu doimiy uning huzurida tahsil olib yuradigan shogirdlaridan tashqari). Shulardan quyidagilarni keltirishimiz mumkin:

  • Imom Muslim (tav. 206/822. Vaf. 261/875) o’zining “sahih”ida undan rivoyat qilgan.
  • Imom Nasoiy (tav. 215/829. Vaf. 303/915) o’zining “sunan” asaridan boshqa asarlarida undan rivoyat qilgan hadislarni keltirgan.
  • Imom Abu Dovud (tav. 202/817. Vaf. 275/888) o’z “sunan”ida hadis rivoyat qilgan.
  • Imom Termiziy (tav. 209/824. Vaf. 279/892) o’z “sunan
    ida rivoyat qilgan.
  • Baqiy’ ibn Muxallad (tav. 201/817. Vaf. 276/889).
  • Hasan ibn Sobbah Bazzor (tav. 169/785. Vaf. 249/863) ham hadis rivoyat qilgan. Lekin bu olim Dorimiydan yoshi kotta bo’lgan.
  • Rajo ibn Muriy Marvaziy Samarqandiy (tav. 180/796 vaf. 249/863).
  • Abdulloh ibn Ahmad ibn Hanbal imom Ahmadning o’g’li (tav. 213/828. Vaf. 290/903).
  • Abdulloh ibn Muhammad Solih Samarqandiy (vaf. 298).
  • Abu Zuro’a Ubayd ibn Abdulkarim Roziy (tav. 207/823. Vaf. 289/902).
  • Muhammad ibn Bashshar (Bundar) (tav. 167/783. Vaf. 252/865).
  • Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (tav. 194/810. Vaf. 256/870) ham o’z “jome sahih”idan boshqa asarlarida Dorimiydan rivoyat qilgan.
  • Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy (tav. 172/788. Vaf. 258/872) ham rivoyat qilgan. Lekin olimning yoshi Dorimiydan o’n yoshlar atrofida kotta bo’lgan.
  • Makkiy ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Mohon Balxiy (tav. 126/743. Vaf. 214/829). Ko’rinishidan ancha yoshi ulug’ vaqtida Dorimiydan rivoyat qilgan bo’lsa kerak. By yan Dorimiynin ilmga qanchalik yoshligida kirishganiga ishora qiladi.
  • Iso ibn Umar Samarqandiy ham o’z “musnad”ida Dorimiydan rivoyat qilgan.

Yuqoridagilardan shu ma’lum bo’ladiki, Dorimiydan buyuk muhaddislar hadis rivoyat qilishgan. Imom Buxoriym Imom Muslim, Imom Termziy, Imom Abu Dobud va Imom Nasoiylar shular jumlasidan, Ular ichida Dorimiydan yoshlari ancha ulug’lari, tengqurlari va kichiklari ham bo’lgan. Ayniqsa, yoshi ulug’larini rivoyat qilgani Dorimiyning darajasi qanday bo’lganini ko’rsatadi. Demak, mashhur olti sahih (sihohi sitta) egalari ham Dorimiyga shogird bo’lgan.

Shu o’rinda Dorimiyning qoldirgan asarlari va hadis to’plamlari haqida ham aytib o’tilsa, maqsadga muvofiq bo’ladi. Dorimiyga quyidagi asarlar nisbat beriladi:

  • Tafsiri Dorimiy.
  • Jome’i Dorimiy.
  • Musnadi Dorimiy va boshqalar.

Xatib Bag’dodiy aytadi: “Dorimiy “musnad”, “tafsir” va “jome’”larni tasnif qilgan”[3]. Ahmad ibn Sayyor Marvaziy aytadi: “Dorimiy juda yaxshi bilim sohibi edi. U “musnad” va “tafsir”ni tasnif qilgan”[4]. Shuningdek, “sulosiyat ad-Dorimiy” asari ham bor bo’lib, ularni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamgacha bo’lgan oliy sanad bilan rivoyat qilgan. Dorimiy va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oralarida faqatgina uchta roviy bo’lgan. Bular Dorimiyning sanadlari, deb etibor qilinadi.

Dorimiy qaysi mazhabda bo’lgan degan savolga javob shuki, olim hali mazhablar to’liq shakllanmagan davrda bo’lgani uchun birorta mazhab egalariga taqlid qilmagan, balki o’zi mujtahid darajasida bo’lgan. Imom Zahabiy aytadi: “Dorimiy ilm idishlaridan bir idish bo’lib (ya’ni yetuk ilm sohibi), ijtohod qilar, taqlid qilmas edi”[5]. Shuning uchun olimning ilmi va fiqhi qanday ekaniga dalolat qiluvchi fiqhiy masalaga oid so’zlari bo’lgan. Uning yozgan kitobi bunga dalolat qiladi. Chunki yozgan asarida juda ko’p fiqhiy hukmlarga doir boblarni keltirib o’tgan. Kitobiga murojaat qilgan kishi, unga o’zi guvoh bo’ladi.

  Saidmuhammadxon MUHIBULLAYEV

Xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi

[1] Al-kashif fi ma’rifati man lahu rivoyah fil kutub as-sittah. Shamsuddin Zahabiy. Dor Qunya li saqofatu islamiya. Jild. 1. –B. 567.

[2] Tahzib al-kamal. Jild. 15. –B. 310. Siyar a’lam an-nubalo. Imom Zahabiy. Bayrut. Muassasatu ar-risala.  Jild. 12. –B. 225. Tahzib al-kamal. Jild. 5. –B. 258.

[3] Tazkirat al-huffaz..Muhammad ibn Tohir ibn Qaysaroniy. Riyoz. Dor as-somi’iy. Jild. 2. –B. 535. Tarixi Bag’dod. Xatib Bag’dodiy. Bayrut. Dor al-ilmiya. Jild. 10. –B. 29.

[4] Tahzib al-kamal. Jild. 5. –B. 258. Siyar a’lam an-nubalo. Imom Zahabiy. Bayrut. Muassasatu ar-risala.  Jild. 12. –B. 228.

[5] Tarix al-islam va vafayat al-mashahir val-a’laam. Zahabiy. Muassasat ar-risala. Jild. 18. –B. 179.