Ota-onaga oq bo’lish gunohi kabiralardan bo’lib, uning harom ekaniga barcha islom ulamolari ittifoq qilishgan. Ota-onaga oq bo’lish gunohi kabiralarning eng kattalaridan ekaniga ko’plab hadislar kelgan.

عن أبي بَكرة قال: قال رسول الله: ألا أنبئكم بأكبر الكبائر؟ ثلاثاً، يعني قالها ثلاث مرات، قلنا: بلى يا رسول الله، قال: الإشراك بالله، وعقوق الوالدين ، وكان متكئا فجلس، فقال: ألا وقول الزور وشهادة الزور، فما زال يكررها حتى قلنا: ليته سكت

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uch marta:

         “Sizlarga gunohi kabiralarning eng ulkanini xabarini beraymi?” dedilar.

         “Ha, ey Allohning Rosuli!” dedik.

         “Allohga shirk keltirish. Ota-onaga oq bo’lish”, dedilar va yonboshlab yotgan edilar, qadlarini rostlab o’tirib:

         “Hoy! Yolg’on so’zdan ogoh bo’ling va yolg’on guvohlikdan ogoh bo’ling!” dedilar.

         Ana shu gapni qayta-qayta takrorladilar, biz (qo’qib ketganimizdan) “sukut saqlasaydilar”, dedik.

Yuqoridagi hadisdan quyidagi foydalarni olishimiz mumkin:

  1. Gunohlarning hammasi bir xil emas. Balki katta va kichik gunohlar bor. Katta gunohlarning ham darajalari bor.
  2. Gunohi kabiralarning eng kattasi Allohga shirk keltirishdir. Chunki yaratib, ne’mat bergan zotni qo’yib, foyda ham, zarar ham bermaydigan maxluqotlarga ibodat qilish eng katta zulm, eng og’ir xiyonatdir.
  3. Ota-onaga oq bo’lish Allohga shirk keltirishdan keyingi eng katta gunohdir. Ota-onaga oq bo’lishda inson gohida e’tiborsizlik qilib qo’yadi. Ba’zan ota-onasiga oq bo’lganini o’zi sezmay ham qoladi. Gohida inson ibodatida bardavom, yaxshi amallarni qilishda peshqadam bo’ladi lekin ota-onasini haqqini ado qilishda kamchiliklarga yo’ qo’yadi. Bu gunohdan Allohga shirk keltirishdan tiyilgandek saqlanish kerak.
  4. Yolg’on so’zlash va yolg’on guvohlik berish ham gunohi kabiralarning eng og’irlaridandir. Mo’min-musulmonlar bugungi kunda bu gunohi kabiraga e’tibor qaratmay qo’yishdi. Onsongina bir muslima ayol yoki musulmon erkakning sha’niga bo’hton so’zlarni aytadigan bo’lishdi. Bu gunohdan saqlanishga ham Shirkdan saqlanishga e’tibor qaratgandek e’tibor qaratish lozim.

Alloh taolodan gunohlarimizni kechirishini va gunohi kabira va sag’iralardan hifzu-himoyasida saqlashini so’raymiz.

Mirmaxamatov Muhammad

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi