BUYUK IMOMLAR USTOZI (1-qism)

14

(1-qism)

Alloh taologa hamd payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomga solavotu salomlarimiz bo’lsin. Albatta, Alloh taolo bu din uchun uni tarqatishni o’z zimmasiga oluvchi va shu dinni insoniyatga yoritib berish uchun turli asarlar yozishni o’zining vazifasi qilib oladigan zotlarni chiqarib qo’ygan. Bu zotlar hadislar yozish va pok shariatni tarqatish yo’lida tunu-kun ilm yo’lida charchamadilar.

Mavorounnahr diyori tarixdan buyuk allomalar, muhaddislar va mufaqqihlar makoni ekanligi hech kimga sir emas. Bu diyordan islomni dunyoga tanitgan va ilmni olamga tarqatishda o’zining buyuk hissasini qo’shgan qomusiy olimlar yetishib chiqqan. Ayniqsa, Samarqand va Buxoro ilm beshigi bo’lgan desak adashmagan bo’lamiz. Buxoriy, Smarqandiy, Termiziy, Dorimiy, Kosoniy va boshqa buyuk olimlar shu diyorning farzandlari hisoblangan.

Shu jumladan biz bayon qilmoqchi bo’lgan olim, muhaddis Imom Dorimiy ham islom dini ayniqsa, hadis ilmini tarqalishiga ulkan hissa qo’shganlardan bo’lgan. Olimning to’liq ismi Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl ibn Bahrom[1] ibn Abdussomad[2],[3] Tamimiy Dorimiy Samarqandiydir.

Unvoni: Hofiz va Shayxul islom.

Kunyasi: Abu Muhammad bo’lgan[4].

Dorimiy 181/797 sanada Samarqand zaminida tavallud topgan[5]. Xatib Bag’dodiy rivoyat qiladiki, menga Abulvalid Darbandiy bir necha sanad bilan rivoyat qilgan xabarida, Abu Muhammad Dorimiy men Ibn Muborak (Marvaziy) vafot etgan sana 181/797da tavallud topganman, deb aytgan[6]. Dorimiy 255/869 sanada vafot etgan[7].

Is’hoq ibn Ahmad ibn Xallof Buxoriy aytadi: “Biz Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning (tav. 194/810. Vaf. 256/870) huzurida edik, shu payt u kishiga Abdulloh ibn Abdurahmon (Dorimiy)ning ta’ziyasi yozilgan maktub keldi. (Imom Buxoriy) boshini egib, istirjo’ (Inna lillahi va inna ilayhi roji’un)ni aytdi. Ko’z yoshlari ikki yanoqlariga oqa boshladi[8].

Ibn Hibbon keltirgan rivoyatda Dorimiy 255/869 sana 8-zulhijja kuni, asrdan keyin, 74 yoshida vafot etgan bo’lib, arafa kuni dafn qilingan. Bu esa jum’a kuniga to’g’ri kelgan. Janoza namozini Ahmad ibn Yahyo ibn Asad ibn Sulaymon o’qigan[9].

Dorimiy nisbati Dorim ibn Molik ibn Hanzala ibn Zayd Minnat ibn Tamimgadir. Dorim ibn Molik aslida Bahr deb nomlangan, Dorim uning unvoni bo’lgan. Chunki uning otasi (Bahr) oldiga o’z qavmidan bir kishilar kelib, “Ey, Bahr, bizga xaritani olib kel”, deyishdi. Bahr uni og’irligidan yelkasiga olib zo’rg’a ko’tarib, oyoqlari chalkashib kelardi. Shunda uning otasi (Dorimiyning bobosi Molik): “Mana oyoqlari chalkashib olib kelmoqda”, deb “Dorim” so’zini ishlatdi. (Bu so’z arabchada yukning og’irigidan dovdirab, mayda qadam tashlab yurishga aytiladi). Shundan boshlab “Dorim” deb atalib qoldi[10]. Tamimiy nisbati esa, Banu Tamim qabilasi nomiga ko’ra aytiladi. Samarqandiy esa, Samarqand shahriga nisbatan ishlatiladi.

Dorimiyning hayoti kam o’rganilganligi sababli bu mavzuni o’rganish muhim hisoblanadi. Shu orqali Dorimiy hayoti, ilmiy ijodi o’rganiladi.

Imom Dorimiy ilmga yoshligidan muhabbat bilan kirishadi. Ilm va hadis talabi uchun turli shaharlarga, turli o’lkalarga safar qiladi. Misr, Shom, Iroq, Makka va Madina, Balx hamda Buxoroga boradi. Shu sababdan Xatib Bag’dodiy olimni hadis ilmi uchun safar qiluvchilarning biri, hadis jamlash, uni hifz qilish, uni mustahkam biluvchi, siqa, sodiq, parxizkor va zohid zotlar qatorida sanaydi. Smarqandga qozilik uchun taklif qilinganida, bundan bosh tortadi. Leikin sulton qattiq turib olgach, uni qabul qilshga majbur bo’ladi.

Dr Muhammad Uvayzo aytadiki, imom Dorimiyning ilm safari yoshlik davridan boshlangan ko’rinadi. Biz buni olimning vafoti va uning shogirdlari haqida taammul qilish orqali ko’rmoqdamiz. Bularni yaxshilab mulohaza qilsak, albatta, Dorimiy o’z shayxlarining ko’plaridan ular vafot qilishidan oldin hadis eshitganligi shayxlarining vafot yillari esa Dorimiyning yoshlik davriga to’g’ri kelishini ko’ramiz. Misol qilib quyidagilarni keltirishimiz mumkin:

Yahyo ibn Bishr Balxiy 202/817 sanada vafot qilgan.

Nazr ibn Shamil 203/818 sanada Kufada vafot etgan.

Shuningdek, Muhammad ibn Bakr Bursoniy Kufiy ham shu yilda vafot qilgan.

Alo ibn Asim Ju’fiy Kufiy 205/820 sanada vafot qilgan.

Abdulkabir ibn Abdulmajid Basriy 204/819 sanada vafot qilgan.

Vahb ibn Jarir Basriy 206/82 sanada vafot qilgan.

Zayd ibn Yahyo ibn Ubayd Dimashqiy 207/822 sanada vafot qilgan.

Marvon ibn Muhammad Asadiy Dimashqiy 210/825 sanada vafot qilgan[11]. Olimning 181/797 yilda tavallud topganini va ustozlarining vafotini solishtirilsa, gapimizning isboti ko’rinadi.

Saidmuhammadxon MUHIBULLAYEV

Xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi

[1] Dirosa anil-imam Dorimiy va manhajihi fi kitabihi as-sunan. Ali ibn Abdulaziz Rojihiy. –B. 2.

[2] O’sha asar. –B. 6.

[3] Tarixi Bag’dod. Abu Bakr Xattobiy Bag’dodiy. Bayrut. Dor kutubul ilmiya.  Jild. 10. –B. 30.

[4] As-siqot. Ahmad Muhammad Ibn Hibbon. Dor fikr. Jild. 8. –B. 364. 2. Al-kashif fi ma’rifati man lahu rivoyah fil kutub as-sittah. Shamsuddin Zahabiy. Dor Qunya li saqofatu islamiya. Jild. 1. –B. 567.

[5] Qissotul islam maktabasi. Islamstory.com

[6] Tarixiy Bag’dod. Abu Bakr Xattobiy Bag’dodiy. Bayrut. Dor kutubul ilmiya.  Jild. 10. –B. 30. 2. Siyar a’lamu an-nubalo. Imom Zahabiy. Bayrut. Muassasatu ar-risala. Jild. 12. –B. 224.

[7] Tarixiy Bag’dod. Jild. 10. –B. 31.

[8] Tahzibu at-tahzib. Jild. 5. –B. 258. 2. Siyar a’lamu an-nubalo. Imom Zahabiy. Bayrut. Muassasatu ar-risala. Jild. 12. –B. 228. Tahizu al-kaml. Jild. 15. –B. 21.

[9] As-siqot. Ahmad Muhammad Ibn Hibbon. Dor fikr. Jild. 8. –B. 364.

[10] Lisonul arob. Muhammad ibn Mukarrom ibn Manzur Afriqiy Misriy. Bayrut. Jild. 12. –B. 198.

[11] Tarixu al-hadis va manahij al-muhaddin. D. Mahmud Salim Ubaydat. Ummon; 1997. Dor al-manahij.  –B. 247.