«Kimning uyida “Sahihut-Termiziy” kitobi boʻlsa, goʻyoki uyida Paygʻambarimiz gapirayotgandek boʻladilar» ibn Xolidiy

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida diniy qadriyatlarimiz, madaniyatimiz hamda ulugʻ ajdodlarimizning bizga qoldirib ketgan boy meroslarini oʻrganishga yetarlicha imkoniyat yaratib bermoqda. Shu bugungi kun misolida aytadigan boʻlsak, bepayon yurtimizning qay yeriga borsangiz ham ulugʻ bobolarimizning, aziz avliyolarning maqbaralari-yu, ular faoliyat olib borgan asori atiqalarga duch kelasiz. Mustaqillik neʼmati xalqimizga inʼom etilgandn soʻng ushbu yodgorliklar taʼmirlandi, yangilandi va qayta qurildi. Ular qoldirib ketgan kitoblar, risolalar, qoʻlyozmalar hatto buyumlar davlat muhofazasiga olindi. Ular ustida olimlar jamoasi tadqiqot ishlari olib borib, xalqimizga bobolarimiz qoldirgan merosni ham moddiy ham maʼnaviy suratda yetkazib berishdi va berishmoqda. Shu jumladan, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi bobolarimizning qadamjolari taʼmirlanib, xalqimiz va chet ellik ziyoratchilar uchun erta-yu kech xizmat qilmoqda. Hatto ularning ulugʻ nomlari bilan tadqiqot markazlari va diniy oliy taʼlim bilim yurtlari oʻz faoliyatini olib borishmoqda.

Butunjahon musulmonlari tan olib ehtirom qiladigan, moʻtabar olti sahih kitoblar qatoriga qoʻshilgan  Imom Termiziyning “al-Jomeʼ as-sahih” kitobi hozirda oʻzbek tiliga tarjima  qilinib, xalqimiz kitobxonlariga taqdim qilingan. Quyida kitob bilan qisqacha tanishib olamiz. Imom Termiziyning asarlari ichida «al-Jomeʼ as-sahih» («Ishonchli toʻplam») eng asosiy oʻrinni egallaydi. Shuningdek “Sahihi Termiziy”, «Sunani Termiziy» (Termiziy sunnatlari) kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi ibn Hajar Asqaloniyning aytishicha, Termiziy ushbu asarini 270 hijriy (884 milodiy) yilda, yaʼni deyarli oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan. Imom Buxoriy va Imom Muslim kabi oʻz ustozlarining yoʻlini chiroyli tarzda davom ettirib, hadis sohasiga ulkan hissa qoʻshib, musulmon olamida buyuk muhaddislar qatoridan joy oldi. Kitob yozilishi borasida shuni aytishimiz mumkinki, muallif oʻz asarini alohida alohida boblarga boʻladi. Imkoni boricha har bir hadis roviylarini keltiradi. Xar bir hadisdan keyin uning ishonchli yoki ishonchsizlilik darajasini aniqlab alohida koʻrsatadi.

Tarkibiy jihatdan asar quyidagi boblarga boʻlinadi. Undan tahorat, salot (namoz), zakot, roʻza, haj, janoza, nikoh emizish, taloq, savdo-sotiq qozilik ahkomlari, tovon toʻlash, meʼyor, soyd, qurbonlik, nazr-nuzur, imon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar ichimliklar (ashriba), xayr-ehson va sahovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixohlik va taqdir, xuruj-u fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn soʻrash, odob va axloq, masalalari, Qurʼoni karim fazilatlari oʻrin oladi.

Yana bir jihati eʼtiborga molikki, muallif roviylarning fikr-mulohaza, qarashlari, Paygʻambarimiz alayhissalomga yaqin boʻlgan sahobalar va boshqa ulamolar fikriga tayanib hadis haqidagi fikrlarini bayon etadi. Asarga kiritilgan bir necha ming hadisni bu tarzda tadqiq qilish muallifdan tinimsiz mehnat, sabr-toqat, irodani talab qilganligini tasavvur qilish qiyin emas. Hadis ilmiga doir istilohlarni oʻrganishda asosiy manbaa hisoblangan “Ulumul hadis” (Hadis ilmlari) kitoblarida uchraydigan barcha istilohlar «al-Jomi» asarida keng koʻlamda keltirilgan. Termiziy uslubiga taqlid qilib asar yaratgan mualliflardan Imom Doroqutniyni koʻrsatish mumkin. U oʻzining ulkan asari “as-Sunan”ni yaratishda hadislarni turli toifalarga ajratib, ularni sahih, hasan va zaif darajalarda keltiradi. Shuningdek, Imom Ablulazim Munziriy (1258 yilda vafot etgan) ham «Attargʻib vattarhib»da Imom Termiziy uslubidan yurib har bir hadis haqida alohida fikr yuritadi.

Imom Termiziyga zamondosh olimlar u zotning hadis ilmidagi xizmatlarini yuksak baholaganlar. Hadis imomlaridan biri Abdurahmon ibn Muhammad Idrisiy «Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biridir», deb yozsa, Hofiz ibn Rajab oʻzining “Sharhu ilalil-Jomeʼ” nomli kitobida “Bilgilki, Imom Termiziy birinchilardan boʻlib oʻz kitoblarida hadisni sahih, hasan va gʻaribga boʻlganlar» deb allomaning hadis ilmidagi xizmatlarini alohida taʼkidlaydi. Termiziy asarining barchaga foydasi haqida Hofiz Abul Fazl Muhammad ibn Tohir Muqaddasiy (u 507-hijriy – 1113 milodiy yilda vafot etgan) «Men uchun Imom Termiziyning «al-Jomiʼ» tasnifi Imom Buxoriy va Imom Muslim ibn Hajjoj asarlaridan koʻra Ham foydaliroqdir. Chunonchi Buxoriy va Muslimning kitoblaridan koʻpincha ziyoli kishilargina foydalanadi. Ammo Abu Iso Termiziyning asaridan esa, har bir istagan kishi bemalol faydalana oladi» deb yozgan edi. Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy Imom Termiziyning «Al-Jomiʼus-Sahih» kitoblarini sifatlab: «Kimning uyida mana shu kitob boʻlsa, goʻyoki uyida Paygʻambarimiz gapirayotgandek boʻladilar», deb aytadilar. Bundan tashqari u zotdan bizga quyidagi kitoblar meros boʻlib qoldi: «Kitobu azim» («Al-Jomiʼ as-Sahih»), bu kitob «Sahihut-Termiziy» nomi bilan mashhurdir, «Shamoilun-Nabaviya», «Ilalu mufrad», «Ilalu fiy oxiri jomiʼ», «Kitobuz-zuhd», «Kitobut-tarix», «Asmous-sahoba», «Al-Asmo val kuna», «Kitobu fiyl asaril mavqufa».

Yurtboshimizning islom olamida oʻchmas iz qoldirgan imomlarimizning xotirasini ulugʻlash, ular qoldirgan ilmiy meroslarni xalqga toʻlaligicha taqdim etish maqsadida tadrijiy islohotlar olib bormoqda. Xususan,  2024 yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan Toshkent shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda konferensiya doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish toʻgʻrisida qarorni imzoladi. Bularning barchasi ajdodlarimizning meroslariga yuksak ehtirom va hurmat belgisi sifatida amalga oshirilayotgani ayni haqiqatdir.

“Xoja Buxoriy” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasi fiqh fani oʻqituvchisi, Shahrisabz davlat pedagogika instituti tayanch doktoranti — Maxsumov Maqsud