Poklik — iymonning yarmidir
23

Musulmon inson borki, usiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Poklik deganda, biz keyim-boshni tozaligini tushunamiz aslida. Lekin bu zohiriy poklikdir. Musulmon odam uchun bu ish begona emas. Namoz o’quvchi komil inson borki, avvalo tahoratidan boshlab o’zini tozalaydi. Ba’zilar arzimas deb qaraydigan va hatto shu orqali dinga ta’na toshini otayotgan “aqllilar” aytayotgan mustahab amaliga oid istinjo ham talab qilingan eng muhim ishdir. Chunki islom poklikning har bir nuqtasiga ahamiyat qaratadi.
Shunday ekan poklik har bir ishda zaruriydir. Islom dini jismimizni poklashimiz, o’zimiz yashayotgan maskanimizni toza saqlash, namoz o’qiyotgan masjidimiz, ishlayotgan ish joyimiz va keyayotgan liboslarimizni pokiza tutishimizga undaydi.
Alloh taolo poklik va tozalikni shart qildiki, usiz ibodatlar to’liq bo’lmaydi. Namoz ham tahoratsiz qabul bo’lmaydi. Poklikga amr etib Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
“Ey, iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo’lsalaringiz, yuzlaringizni va qo’llaringizni chig’anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mash tortinglar. Va oyoqlaringizni to’piqlari ila yuvinglar. Agar junub bo’lsalaringiz, poklaninglar” (Moida surasi 3-oyat). Biz uchun muhim bo’lgan namozning shartlaridan yana biri namoz o’qidigan o’rnimiz va namoz o’qishda keygan libosimizni pok bo’lishidir. Poklik muhim ish ekanidan Alloh taolo o’z kalomi bo’lmish Mus’hafi sharifni tahorat bilan ushlamizni talab qilgan.
“Albatta, u Qur’oni Karimdir. U Saqlangan kitobdadir. Uni faqat poklanganlargina ushlaydilar”. (Voqea surasi 77,78,79-oyatlar). Poklik Allohning nazdida o’ta muhim narsadir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham musulmon kishini liboslarida va jismida pokiza bo’lishiga undar va misvok ishlatishga qiziqtirardilar. Chunki u og’izni poklovchidir. Rasulloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qilganlar: “Misvok ishlatish og’izni tozalovchi va Robning roziligidir”. Ya’ni, og’izni badbo’ylikdan saqlash uchun ayniqsa, misvoklash Allohni roziligini topishga sababdir. Chunki Alloh poklikni yaxshi ko’radi. Boshqa hadisda esa “Agar ummatimga (yoki odamlarga) mashaqqat bo’lib qolmaganida edi, har namoz paytida misvok qilishga buyurardim”, deganlar. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamni misvok qilishga qiziqtirishlarida poklikga chorlov bor. Poklash xoh misvok bilan bo’lsin yoki boshqa narsa bilan farqi yo’q, balki har biri tozalashda misvokning o’rniga o’tsa, u ham foydalidir. Masalan, og’iz va tishlarni tozlashda qo’llaniladigan pastalarni ishlatish shular jumlasidan. Lekin, zamonaviy tibbiyot misvokda, tozalovchi modda bo’lib, ular tishlar va ularning go’zalligini muhofaza qilishini isbotlagan.
Jobir roziyollohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bizni oldimizga Raululloh sollallohu alayhi vasallam keldilar. Shu payt sochlari to’zigan bir kishini ko’rib qoldilar va shunday dedilar: “Nima bu (kishi) sochini tekislab oladigan narsa topolmaydimi? (ya’ni sochini taraydigan narsasi yo’qmikan?)”, dedilar. Keyin yana ust-boshi kir boshqa bir kishini ko’rdilarda: “Libosini u bilan yuvib oladigan suv topolmaydimi?”, dedilar. Ya’ni bular o’ziga qarab pokiza bo’lib yursa bo’lmaydimi, demoqchilar.
Islom dini fitriy sunnatlarni bayon qildi. Ular ichida turli kirlarni o’zida top’playdigan joylarning ortiqchasini tozalash bordir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Besh narsa (islom) fitratidandir, quvuq tukini olish, xatna qilish, moylovni qaychilash, qo’l osti tuklarini tozalsh va tirnoqlarni olish”. Inson ushbu sunnatlarni mahkam ushlashi orqali jismidagi ushbu kirliklardan xolos bo’ladi. Ushbu sunnatlarga amal qilishda jismdagi o’sha kirliklar orqali kelib chiqadigan kasalliklardan saqlanadi. Tozalish kerak bo’lgan o’rinlarni ya’ni, quvuq, qo’l osti tuklari, moylovni qaychilash, tirnoqni olish va xatna qilishlar insonni turli kasalliklarga duchor bo’lishini oldini oladi, yoqimsiz hidlarni ketkazadi.
Islom dini insonni o’zi yashayotgan uy, masjidlar, ish joylari, yo’llar va shu kabilarni pokiza saqlashga chorlaydi. Ba’zan ko’cha ko’yda ayniqsa, avto ulovga chiqqaningizda odamlar yo’llarga pista po’choq, baklashka va konfet qog’ozlarini tashlayotganlarini ko’rib qolasiz. Albatta, bular ayanchli holat. Pokiza joy faqat o’zi yashayotgan uyiga tegishli emas, balki yurayotgan yo’liga ham oiddir. Odamlar ham uning pokizasizligidan aziyat chekmaslari kerak.
Axlat va ortgan taomlarni yo’l va odam yashash joylariga yaqin joylarga uloqtirish sog’liq, nazokat va odobdan emas. Chunki, bu ishda o’zgalarga ozor berish va odamlar yashayotgan maskanlarni ifloslantirsh bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda shunday deganlar: “Iymon yetmish nechta ham shahobchadir, uning eng afzali La ilaaha illolloh deyish, eng adnosi esa yo’ldan aziyatlarni olib tashlashdir. Hayo iymondan bir sho’badir”. Iymoni bor inson yo’lga aziyat tashlashdan yeroq bo’ladi, aksincha uni tozalaydi va ifloslashdan Allohdan hayo qiladi. Iymoni va hayosi yo’q bo’lsa, nima qilsa qilaveradi. Bunday holatdan Alloh saqlasin. Shu bilan birga inson yo’l chetiga maxsus joydan boshqa bir o’rinda hojatini chiqarishi ham islom odobidan emas. Afsuski, bunday xunuk holatlarni ham yo’llarda ko’rib qolamiz. Hayosi bor odam unday ishlarni maxsus joylarga to’xtab bajaradi. Noo‘rin joylarda hojat chiqarish ko’p nopokliklarga sabab bo’ladi. Yo’l nopokligi, keyim najasligi va badbo’y hid taralish eng yomoni har qanday joyga hojat chiqarib ketaverishda jinlarga ham aziyat berish yuzaga kelishi turgan gap.
Alloh taolo iymonlik va hayolik insonlardan qilib, o’zgaga zig’ircha ham ozor bermaydigan komil insonlardan qilsin. Jamiyatni, atrof-muhitni turli nopoklik va ko’ngilsizliklardan asraydiganlardan qilsin.
S.Muhibullayev
“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
