Dinimizda maqtalgan xulqlardan biri kamtarlik bo‘lib, uning ziddi kibru havoga berilishdir. Kibr – o‘zini o‘zgalardan ustun ko‘rishdir. Payg‘ambarimiz alayhissalomning ta’birlari bilan aytganda: “Kibr – haqni inkor qilish va odamlarni kamsitishdir” (Imom Muslim rivoyatlari). Kibr eng zararli qalb kasalliklaridan biri bo‘lgani uchun uni davolashga dinimizda katta e’tibor qaratilgan.

Kibrning eng yomoni Alloh taoloning diniga va uning oyatlariga qarshi qilingani, kibr bilan uning ibodatidan yuz o‘girilganidir. Birinchi sodir bo‘lgan gunoh kibr sababli edi. Iblis u sababli Alloh taoloning buyrug‘idan yuz o‘girdi. Odam alayhissalomga ta’zim bajo keltirmadi, o‘zini odamdan ustun va afzal deb bildi. U o‘zining asli olovdan yaratilgani bilan kibrlandi, Odam alayhissalomning asli tuproq ekani sababli uni xor deb bildi. Vaholanki, uni vazifasi Alloh taoloning buyrug‘iga itoat qilish edi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:

“(Alloh) aytdi: “Senga buyurganimda sajda qilishingga nima monelik qildi?” U dedi: “Men undan yaxshiman, meni olovdan yaratgansan. Uni (Odamni esa) loydan yaratding”. (Alloh) aytdi: “Undan (jannatdan) chiq! U yer (jannat)da senga takabburlik qilishing joiz emas. Bas, chiq! Albatta, sen (endi) haqirlardandirsan” (A’rof surasi 12-13-oyatlar).

Bu haqda hadisda ham kelgan: Ibn Umar (roziyallohu anhu) bir kishining libosi tufayli kibrlanayotganini ko‘rib: “Yer yuzida ham shaytonning tug‘ishganlari ko‘p! Shayton kibrga berilib, Odamni mensimagani uchun Allohning rahmatidan mahrum etilgan edi…”, dedi. Ibn Umar bu so‘zni ikki yoki uch marta takrorladi.

Alloh taolo kibr havoli, mutakabbir kimsalarni ogohlantiradi:

“Albatta, menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar” (G‘ofir surasi, 60-oyat).

Yana bir oyatida bunday kimsalarga qarata:

“Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog‘larga yeta olmaysan”

(Isro surasi, 37-oyat) deya tanbeh beradi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo kibriyo (ulug‘lik) ridoimdir. Azimlik izorimdir. Kim ularning ikkisidan birida Men ila nizo qilsa, uni do‘zaxga tashlayman, degan”, dedilar» (Abu Dovud, Muslim rivoyati). Demak, kibr va izzat faqat Allohga xos ekan, bu sifatlar bandaga to‘g‘ri kelmas ekan. Kim bu sifatlarni Alloh bilan talashsa, ya’ni, shu sifatlar bilan sifatlanishga urinsa, Alloh taoloning azobiga uchraydi. Alloh taoloning “Kibriyo (ulug‘lik) ridoimdir. Azimlik izorimdir” deyishi bu ikki sifat Allohga xuddi mazkur ikki kiyim kishiga lozim bo‘lganidek lozim ekaniga ishoradir.

Yana bir boshqa hadisda:

Hazrat Abu Bakr (roziyallohu anhu): “Hech bir musulmon o‘zidan boshqa bir musulmonni haqir va kichik deb bilmasin, chunki kichik ko‘ringan musulmon Alloh nazarida kattadir”, dedilar.

Bandalardan ilmi tufayli takabburlik qiladigan va o‘zini boshqalardan afzal deb biladigan kimsa, eng yomon mutakabburdir. Uning ilmi ham befoydadir. Zero, kimki oxirat uchun ilm talab qilsa, ilmi uni bosiq — tavoze’li qilib qo‘yadi, qalbi xushu’ga to‘ladi va nafsi xotirjam bo‘ladi. Ilm uning nafsiga qo‘riqchi-posbon bo‘lib oladi va yalqovlik qilmasdan har vaqt uni nazorat qilib, hisob-kitob qilib turadi. Bordi-yu, g‘aflatda qolsa, nafs haq yo‘ldan bo‘yin tovlaydi va halok etadi.

Kimda-kim faxrlanish, boshliq bo‘lish, musulmonlarni ahmoq qilish, masxaralash va o‘zini ustun qo‘yish uchun ilm talab qilsa, yuqoridagi oyat va hadislarda aytilganidek jannatga kirmaydi.

Haddan tashqari kekkayish, mag‘rurlik yoki kibru-havolanish odamlar va jamiyatdan ajrab qolishiga sabab bo’ladi.

Asqarov Akbar 

“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi