Ilmsiz najot topaman degan kishi adashadi

33

stack of books lying on table in bookstore

Butun borliqning Robbisi bo’lgan, cheksiz ilm Egasi, maxluqotlariga ta’lim bergan, ularning barcha holatlarini biluvchi Alloh taologa behad hamd-u sanolar bo’lsin. Jumla olamga rahmat qilib yuborilgan, islom ummatiga ta’lim bergan va ilm hosil qilshga targ’ib qilgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovot-u salomlar bo’lsin.

Ilm Alloh taolo tomonidan bandalariga berilgan eng oliy ne’matlardan biridir. Ilm ila inson najot topadi, yuksaladi, o’zi uchun nima yaxshi, nima yomon ekanligini biladi. Eng asosiysi, banda ilm ila o’z Robbisini taniydi. Johillik esa juda yomon illatdir. U insonni Robbisidan uzoqlashtiradi. Ilm va johillik borasida Qur’on va sunnatda ko’plab dalillar bor.

Alloh taolo O’z rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dastlab nozil qilgan quyidagi oyatga nazar solaylik:

ٱقۡرَأۡ بِٱسۡمِ رَبِّكَ ٱلَّذِي خَلَقَ ١

1.Yaratgan Robbing nomi bilan o’qi[1].

Ushboyatdagi “O’qi” kalimasi o’qish, ilm talab qilishga undaydi. Yana ilmning qanday ahamiyatga ega ekaniga ham dalolat qiladi.

Alloh taolo O’z kalomi sharifida marhamat qilib aytadi:

قُلۡ هَلۡ يَسۡتَوِي ٱلَّذِينَ يَعۡلَمُونَ وَٱلَّذِينَ لَا يَعۡلَمُونَۗ إِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُوْلُواْ ٱلۡأَلۡبَٰبِ ٩ 

Sen: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo’lurmidi?!”- deb ayt. Albatta aql egalarigina eslarlar.[2]

Ushbu oyatdan ma’lum bo’ladiki, ilmli kishi bilan ilmsiz kishi teng bo’lmaydi. Ilmli kishi ilmsizdan har jihatdan ustun bo’ladi. Bunga misol qilib Odam alayhissalomning qissalarini olaylik. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so’ng, unga O’z ilmidan ba’zilarini o’rgatdi. Shu sababli Odam alayhissalom farishtalardan fazilatli bo’ldi. Alloh azza va jalla U kishiga ularni sajda qildirdi. Vaqti kelib Odam alayhissalom shayton va uning nayranglarini bilmasligi sababli, jannatdan chiqarib yuborildi. Mana shu narsalarni bilmaganidan unga berilgan ne’matni tark etishga majbur bo’ldi.

Johillik insonni ko’p narsadan mosuvo qilib qo’yadi. Nima qilayotganini ham bilmay qoladi. U sababli kelishmovchiliklar, janjallar, yuzaga kelib chiqaveradi. Bugungi kunda avjiga chiqqan er-xotinning ajrashib ketishlari ham ilmsizlikning ta’siridandir. Bularning hammasi er kishi o’zining majburiyatlarini, ayol kishi esa o’zining vazifalarini bilmasligidandir.

Ilmsiz kishi xuddi zulmatda chiroqsiz yurgan, o’z yo’lini topolmayotgan  kishiga o’xshaydi. O’zini u tomonga, bu tomonga uradiyu, lekin hech bir natijaga erisholmaydi. Faqatgina o’zini qiynashdan boshqa narsaga o’ta olmaydi. Ilmsiz kishi o’zi tushib qolgan tubsizlikdan faqatgina, yo’lini yoritib turadigan o’sha chiroq bilan chiqib ketadi. O’sha uning yo’lini yorituvchi chiroq esa ilmdir. Bu borada Imom Abu Lays Samarqandiy shunday deganlar: “Ilm bir chiroqdirkim, seni rohat va farog’atga hech bir zaxmatsiz yetkazadi.”

Bugungi kunda insonlar turli xil ekstremistik oqimlarning ta’siriga, masalaning asl mohiyatini bilmasdan turib tushib qolmoqdalar va ularning yolg’onlariga osongina aldanmoqdalar. O’zlari aldanganlari yetmaganday boshqalarni ham ergashtirib ketmoqdalar. Shunday gaplarni gapiradilarki, hattoki ularni rost gapirayotganiga shubha ham qilmay qolasiz, sizning nazdingizda bir zumda ilmli kishilarga aylanib qoladilar. Vaholanki ulardan bu gaplarni qayerdan olding desangiz, jim bo’lib qoladi, bilmasligini aytadi. Masalaning haqiqatini aytganingizda esa eshitmaydi ham, qabul ham qilmaydi. Aslini olganda esa suhbatdoshining so’zini tinglash ham bir ilmdir. Haqni tan olmaslik bu –kibrdir. Zarracha qalbida kibr bo’lgan kishi esa jannatga yaqin yo’llamaydi. Ta’bir qilish joizki, ilmsiz kishi hech ham najotga erishmaydi.

Yuqorida biz Odam alayhissalomning qissalarida ilmning fazilati va ilmsizlikning oqibati haqida aytib o’tdik. So’zimizning oxirini ilm va ilm olishning fazilati haqidagi jumlalar bilan yakunlamoqchimiz. Bu borada ko’plab hadislar vorid bo’lgan.

عَنْ أَنَسٍ — رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ — قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَنْ خَرَجَ في طَلَبِ العِلْمِ فَهُوَ في سَبيلِ اللَّهِ حَتَّى يَرْجِعَ».  رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki ilm talabida yo’lga chiqsa, to qaytgunicha Alloh taolonining yo’lida bo’ladi”- dedilar” Imom Termiziy rivoyat qilgan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَة رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ — قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «تَعَلَّمُوا الْفَرَائِضَ وَالْقُرْآنَ وَعَلِّمُوا النَّاسَ فَإِنِّي مَقْبُوضٌ ». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ilm olishga targ’ib qilib: “Faroizlarni, Qur’onni ta’lim olinglar va insonlarga ta’lim beringlar. Albatta men vafot etaman”- dedilar. Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Ilm faqatgina yaxshilik keltiradi. Agar limning insonlarga manfaati bo’lmaganda, Qur’on va hadisda kelmagan bo’lar edi.  Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham targ’ib qilmas edilar. Ilmli kishi garchi bu dunyoda biror narsaga erisha olmas, lekin qiyomat kunida u uchun albatta Alloh taolo tomonidan mukofot beriladi. Modomiki yomon maqsadlarda foydalanmasa. Shuni aytish kerakki, Alloh taolo O’zini ilmini U uchun o’rgangan bandasini dunyoyu oxiratda xor qilib qo’ymaydi. Shunday ekan, biz ham Alloh taolodan foydali ilm berishini so’raylik. Alloh taolo bizni to’g’ri yo’ldan og’dirmasin.

 

Maxsumov Maqsud Mahmud o‘g‘li

“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi

Fiqh va tafsir fani o‘qituvchisi

[1] Alaq surasi 1-oyat

[2] Zumar surasi 9-oyat