Imom Molik o’zlarining “Muvotto” nomli kitoblarida Ato ibn Yasordan quyidagi hadisni rivoyat qiladilar:

“Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Bir banda bemor bo’lib qolsa, Alloh taolo unga ikki farishtani yuborib aytadiki: “Borib qaranglarchi, (bemor) uni ziyoratiga kelganlarga nima demoqda”. Ular uni ko’rgani kelib qarasalar, Allohga hamd va sano aytayotgan bo’lsa, ikki farishta Allohning huzuriga borib (voqeani aytib beradilar, zero Alloh O’zi buni biluvchiroq). Shunda Alloh taolo: “Bandam uchun menga vafot ettirsam, jannatga kirirtish, shifo bersam, uning (badanidagi) go’shtini o’zining go’shtidan yaxshirog’iga, qonini o’zining qonidan ko’ra yaxshirog’iga alishtirish va yomonliklaridan kaffarot qilish vojibdir”, deb marhamat qiladi.

Hadisi sharifda bemor bo’lgan bandaga hushxabar berilmoqda. Agar banda boshiga tushgan kasallik uchun Allohga hamd va maqtovlar aytsa, shikoyat qilmasa, uning darajasi yuksak ekani, buning uchun farishtalarni guvoh qilib olishi, ularga agar vafot etsalar, jannat borligi, umrlari uzoq bo’lib, yashasalar, ularni to’liq tozalinishi va gunohlaridan avf qilinishi bashorati berilmoqda.

Shuning uchun bemorlik yetgan vaqtda, ahvolini so’raganlarga “Ha, endi boshimda shu ham bor ekan, juda qeynalib ketdim, undog’-bundog’”, deb nolish yaxshi ish emas ekan. Bunday qilish esa basharotning aksi bo’lib qolishi ham mumkin. Demak, bemorlik bandaga ne’mat ekani yuqoridagi bashoratdan ma’lum. Chunki banda, birgina hamd va sano aytishi, nolimasligi evaziga oliy maqomlarga erishmoqda, bunday maqomga yetish har bir mo’minning niyati hisoblanadi. Bu narsa Allohning mehribonligidandir. Alloh taolo uchun bandasini afv qilishi va jannatga kiritishi uchun ko’p narsa kerak emas, balki bandadan hamd va shukr hamda itoat qilish bo’lsa, kifoyadir.

Mo’min banda doim hamd va shukr qilishda bo’lishi zarur. Har narsaga noliverish yaramaydi. Ba’zi aqlsizlarning “shukurchi”, “sabrchi”, degan kinoyalik behuda gaplariga aldanib qolmaslik va aslida bunday deyish islom shari’atiag zid ekanini anglashlik muhim. Zero, islom shukr va hamdga targ’ib qiladi. Bo’lar bo’lmas ishga turli xil bezovtyaliklar taqdirga rozi bo’lmaslik ham bo’lib qoladi. Har narsani shari’at mezoniga ko’ra amalga oshirishga hariz bo’lishi, shari’atni yaxshi bilmasa, biluvchi insofli olimlardan so’rashi kerak. Alloh taolo barchamsizni O’ziga hamd aytuvchi, shukr qiluvchi va sabr qiluvchi muqarrab bandalaridan qilsin. Yuqoridagi hadisga amal qilib, va’da qilgan jannatiga kirish nasib qilsin. Omin!

 

Muhibullayev Saidmuhammadxon

“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi