RAMAZON OYI – TAROVIH VA TAHAJJUD OYIDIR

Yurtimizga oylarning sultoni, mehr-shafqat saxovat ramzi bo‘lgan, Qur’oni karim nozil bo‘lgan, fazilati jihatidan boshqa oylardan afzal mohi Ramazon tashrif buyurdi. Alloh taolo barchamizga ushbu oyni muborak qilib, O‘zi rozi bo‘ladigan ko‘plab ibodatlarni bajarishimizga muvaffaq aylasin!

Ro‘za arab tilida “savm” deb atalib, lug‘atda “bir narsadan o‘zini tiymoqlik”ni bildiradi. Istilohda esa “tongdan shomgacha ro‘zani niyat qilib, uni ochuvchi barcha narsalardan o‘zini tiyish”dir.

Ramazon ro‘zasi hijratning ikkinchi sanasida farz qilingan. Alloh taolo Ramazon ro‘zasining hukm va hikmatlarini Qur’oni karimda batafsil bayon qilib bergan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

Dinimizda oylarning o‘ziga yarasha fazilatlari zikr qilingan bo‘lib, Ramazon oyi ular ichida alohida ajralib turadi. Quyidagi hadisi sharifda shu fazilatlarga ishora qilinadi:

Salmon Forsiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Sha’bon oyi oxirida bizlarga xutba o‘qidilar: “Ey insonlar! Ulug‘, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Kim unda bir farz amalni ado etsa (boshqa oylarda) etmishta farzni ado qilgandek bo‘ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalarga mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyodalashadi. Kim biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Hamda iftorlik qilib berganga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda, o‘shancha ajr bo‘ladi”, dedilar. Shunda biz: “Ey, Rasululloh, har birimiz ro‘zadorni taomlantiradigan narsa topa olmaymiz-ku”, – dedik. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutum sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham beradi, kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlariga kafforat bo‘ladi va Alloh taolo uni mening havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguniga qadar chanqamaydi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir. Kim ramazon oyida qo‘l ostidagi (xizmatchisi)ga engillik qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi va uni do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy va ibn Xuzayma rivoyat qilgan).

Bu oyning bir qancha fazilatlari borki, uni o‘zga oylardan ustun qiladi:

  1. Ramazon oyi – Qur’on va boshqa ilohiy kitoblar: Ibrohim alayhissalom sahifalari, Tavrot, Zabur va Injil nozil bo‘lgan oydir(Imom Tabariy Abu Jalddan rivoyat qilganlar). Bu kitoblar insoniyatgan rahmat va hidoyat bo‘lib kelgan. Insoniyatni ikki dunyo saodatiga boshlagan. Kufr va isyon zulmatidan imon va toat yorug‘ligiga olib chiqqan.

Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ

ya’ni: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir….” (Baqara surasi 185-oyat).

  1. Ramazon oyi – tarovih va tahajjud oyidir.Bu oyda fursatni g‘animat bilish uchun odatdagi ibodatlarga qo‘shimcha ravishda 20 rakat tarovih namozi sunnat qilingan. Bu esa savoblarning bir necha barobar bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ

ya’ni: “Kim imon bilan, savob umidida Ramazon kechalari qoim bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

  1. Ramazon oyi – Alloh taoloning rahmati yog‘iladigan, jannat yasantiriladigan, do‘zax eshiklari yopiladigan, shaytonlar kishanlanadigan va ko‘p bandalarning gunohlari kechiriladigan oydir.Bu oy – gunohlari kechiriladigan vaqtdir. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyiladi:

مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إيمَاناً وَاحْتِسَاباً ، غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ

ya’ni: “Kim Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro‘za tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh).

  1. Ramazon oyi – ehson va saxovat oyidir.Chunki Ramazonda qilingan ibodatlarning savobi ko‘p bo‘lgani kabi, ehson va saxovatda ham savob ko‘p bo‘ladi. Mana shu vaqtni g‘animat bilib, ota-ona, oila, tug‘ishganlar, qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar va beva-bechoralarni holidan xabar olish ayni muddaodir. Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sallallohu alayhi vasallam odamlarning saxiysi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida Jabroil alayhissalom bilan uchrashganlarida yanayam saxiy bo‘lib ketardilar. Ramazonning har kechasida Jabroil alayhissalom bilan uchrashardilar va Qur’on o‘qib berardilar” (Muttafaqun alayh).

  1. Ramazon oyi – duolar ijobat bo‘ladigan oydir.Duo – ibodatning mag‘zi, mo‘min bandani Parvardigori bilan bog‘lovchi vosita. Alloh taolo unga duo qilib, iltijo qilishlarini yaxshi ko‘radi va duolarni ko‘plab qabul qiladi. Ayniqsa Ramazon oyida duolar ijobat bo‘lishiga ishoralar bor. Ramazon ro‘zasi haqidagi oyatlardan keyin quyidagi oyat keladi. Alloh taolo shunday deydi:

 “Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da’vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar” (Baqara surasi 186-oyat).

Oyatda mo‘minlar uchun ulkan bashorat bordir. U ham bo‘lsa – duo va iltijo qiluvchilarning so‘rovlarini ato etishga berilgan ilohiy va’dadir.

Ramazon oyida qilinishi kerak bo‘lgan yana bir muhim ishlardan biri – kishi nafsini chiroyli xulqlar bilan bezashga, ularga odatlanishga harakat qilishi lozim. Natijada Ramazon oyida hosil qilingan yaxshi ko‘nikmalar: taqvo, ixlos, sabr, shukr, qanoat, saxiylik, mehribonlik yil davomida bizga hamroh bo‘ladi.

Alloh taolo kerib kelayotgan Ramazon oyini hammamizga muborak qilsin! Ushbu muborak oy sababidan yurtimizni tinch, xalqimizni farovon aylasin! Turli kasalliklar va ofatlardan o‘z panohida asrasin! Omin!

 

Omonov Olloyor

“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi