ADASHGAN TOIFALAR BID’ATI
19

Qur’oni karim ham bid’ati hasanani qo’llaydi
Bida’tni ikki turli bo’lishi, biri sayyia سيئة yomon ikkinchisi hasana حسنة yaxshi ekanini aytib o’tganmiz. Bid’at so’zi arabcha bad’a بدع yangi paydo bo’lish, degan ma’noni bildiradi. Barcha paydo bo’lgan narsa yomon bo’lavermaydi, balki ularning ichida shari’atga muvofiq keladigani, maqtaladi. Hatto Qur’oni karimda ham bu haqda oyat kelgan. Quyida shu haqda keltirib o’tamiz.
Imom Tabaroniy “Al-avsat” nomli asarlarida Abu Umoma roziyallohu anhudan shunday rivoyat qiladilar:
إنَّ اللهَ فرضَ عليكم صومَ رمضانَ ولم يَفْرِضْ عليكم قيامَهُ وإِنما قيامُهُ شيءٌ أحْدَثْتُمُوهُ فدُومُوا عليه فإِنَّ ناسًا من بني إسرائيلَ ابتدَعُوا بدعَةً فعابَهُم اللهُ بِتَرْكِها فقال وَرَهْبانِيَّةً ابْتَدَعُوها ما كَتَبْناها عَلَيْهِمْ إِلّا ابْتِغاءَ رِضْوانِ اللهِ إلى آخرِ الآيةِ
“Albatta, Alloh sizlarga Ramzon ro’zasini farz qildi. Uning qiyomini (tarovih namozini) farz qilmadi. Uning qiyomi o’zingiz paydo qilgan narsadir, bas shuning uchun unda bardavom bo’ling. Zero Bani Isroildan bir qavm bir yangilik paydo qildilaru (bas uni qilmay qo’ydilar), shunda Alloh taolo ularni usha yangilikni tark etganlari uchun itob qilib shunday dedi:
وَرَهۡبَانِيَّةً ٱبۡتَدَعُوهَا مَا كَتَبۡنَٰهَا عَلَيۡهِمۡ إِلَّا ٱبۡتِغَآءَ رِضۡوَٰنِ ٱللَّهِ فَمَا رَعَوۡهَا حَقَّ رِعَايَتِهَاۖ
“Rohiblikni o’zlari chiqarib oldilar, Biz buni ularga farz qilmagan edik, faqat o’zlari Allohning roziligini tilab qildilar, lekin haqiqiy rioyasini qila olmadilar” (Hadid surasi 27-oyat)[1].
Oyati karima Banu Isroilni rohiblikni paydo qilganlari uchun itob qilmadi, chunki ular bu ishlari bilan Allohning roziligini istagan edilar, balki ularni usha ishlariga to’liq rioya qilmay, tark qilib ketganlari uchun koyidi. Bu esa bid’ati hasanani shari’atda bor ekanini ifoda etadi. Bu oyat bit’atni qoralayapti, deyish xato sanaladi.
Bit’at yana ikkiga bo’linadi. Biri usuludiinga ya’ni aqidaga tegishli bo’lgani, ikkinchisi far’iy ishlarga ya’ni usuluddindan boshqa shar’iy ishlarga aloqador bo’lgani.
Usuluddinga tegishlisi bu aqoidda paydo bo’lgan narsalar bo’lib, ularga ushbularni misol qilish mumkin:
Qadariylar bid’ati
Qadarni inkor qilish bit’ati. Bu bid’atni ilk paydo qilgan shaxs Basralik Ma’bad Juhaniy bo’lgan. Shu e’tiqodni bid’atchilardan bir toifasi paydo qildilar, natijada ularni “qadariylar” deyila boshlandi. Ularning o’zi ham ikki sinf bo’lib, bir sinfi Alloh taoloni hodisalarni (paydo bo’lgan, yaratilgan narsalarni) voqe bo’lishidan oldin bilmaydi, deb da’vo qiluvchilari, ular bu bilan kufrga qarab ketadilar. Yan bir sinfi esa, Alloh taoloni yomonlikni taqdir qilmaydi va uni iroda etmaydi, deb da’vo qiladilar, ular mo’tazilarlar deyiladi. Bundan tashqari ular Qur’oni karimni maxluq (yaratilgan), katta gunoh qilgan musulmon kishi mo’min ham emas, kofir ham emas balki, fosiqdir, u jahannam va jannat orasida bo’ladi, osiy musulmon jahannamda abadiy qoladi, deb e’tiqod qiladilar. Osiylarni shafo’at qilinishini, qabr azobini, havzi kavsarni[2], qiyomatdagi bandalarning amallarini tortish uchun bo’ladigan mezonni, sirot ko’prigini, mo’minlar jannatda Allohning jamolini ko’rishlarini inkor qiladilar. Banda o’z fellarini o’zi yaratadi, Allohga bandalarning rioyasini qilish vojib, degan va boshqa bir qancha Qur’on va sunnati nabaviyga zid keluvchi botil e’tiqodlarni paydo qilganlar.
Muhibullayev Saidmuhammadxon
[1] Hadisning isnodi za’if. Lekin matnida za’iflik aytilmagan. Tabaroniy “Al-avsat” 7450-hadis. Hadisning sanadida Zakariyo ibn Abu Maryam bor bo’lib, Ibn Hibbon uni siqalar qatorida zikr qilgan. Imom Nasoiy uni (hifzi) kuchli emas, degan. Imom Doruqutniy uni e’tiborga loyiq roviy degan.
[2] Jannatdagi Muhammad alayhissalomga berilgan havz bo’lib, unda Muhammad ummati to’planib suv ichadilar.
