Yaxshi do’st
108

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Solih do’st bilan yomon do’st mushkianbar sohibi bilan temirchining dam urgichi sohibiga o’xshaydi. Mushkianbar sohibi yo sizga (xushbo’yidan) hadya beradi, yo undan sotib olasiz, yo undan xushbo’y hid topasiz. Temirchining dam urgichi sohibi yo kiyimingizni kuydiradi yo undan badbo’y hidni topasiz[1]”.
Bu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ikki toifa odamlarga, ya’ni yaxshi hamroh va yomon hamrohga ajoyib misol keltirganlar. Bu maʼnolarn oʻzimizni yaxshi insonlarga yaqinlashtirish, yomon va yomonlikdan uzoq boʻlishga undaydi.
Yaxshi hamrohning birinchi manfaati “yo sizga (xushbo’yidan) hadya beradi”, ya’ni o’zida bo’lgan yaxshilikni hamrohiga hadya qilishi, ya’ni inson solih do’stlari bilan har qachon birga o’tirganda ularning xuddi mushkianbar kabi insonlar qalbini xushnud etadigan so’zlari, amallari va odoblariga guvoh bo’lib boradi, natijada xuddi do’sti unga xushbo’likni hadya qilganidek go’zal odob, shirin so’z va karamli xulqlarni hech qanday evazsiz qo’lga kiritadi.
Ikkinch manfaati “yo undan (mushkianbarni) sotib olasiz”, ya’ni solih kishi o‘z sherigini yurish turishda, insonlar bilan bo’ladigan muomalada, odob axloqda yaxshi tomonga o’tishga undaydi va talab qiladi. O’z do’stidan taklif va talab qilingan karamli axloqli bo’lishi uchu havoiy nafsiga qarshi chiqadi, loqaydligini mashaqqat chekib bo’lsa ham ketkizadi. Go’yo xushbo’lik kabi axloqlarni mashaqqatlari evaziga sotib olgan kabi bo’ladi.
Uchunchi manfaat “yo undan xushbo’y hid topasiz”, ya’ni solih kishilar bilan do’st bo’lganda ularning chiroyli odobi, go’zal muomalasi va rostgo’ylik kabi axloqlariga guvoh bo’ladi hamda insonlar tomonidan falon solih kishining do’sti degan maqtovga sazovor bo’ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yomon hamrohni Temirchining dam urgichiga[2] qiyos qildilar. Undan sachragan yonilg’i zarralari “yo kiyimingizni kuydiradi”, ya’ni qiladigan yomon amalida, gapiradigan qo’pol va yolg’on so’zida va karamli bo’lmagan axloqida o’ziga ergashtiradi.
Alloh subhanahu va taolo qiyomat kunidagi pushaymonga do’sti sabab bo’lgani haqida shunday xabar beradi: “U Kunda zolim ikki qo’lini tishlab: “Eh, qani edi Rasul bilan bir yo’lni tutgan bo’lsam!” – der. “Evoh! Qani edi, falonchini do’st tutmagan bo’lsam”, – der. “Batahqiq, menga Zikr kelganidan so’ng, u meni adashtirdi. Shayton insonni yordamsiz tashlab ketuvchidir”[3].
Ushbu oyatning nozil bo’lishi borasida Muhammad Xuzariyning “Nurul yaqin” kitobida quyidagi ma’lumotlar keltirilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ikkinchi qo‘shnisi Uqba ibn Abumuayt ham har qadamda yomonlik qilib ig‘vo tarqatib lazzatlanar, yomonlikda Abulahabdan qolishmas edi. Bir kuni u quraysh oqsoqollariga bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ham mehmonga chaqirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xudo haqqi, imonga kelib, kalima keltirmaguningcha ovqatingni yemayman”, deya shart qo‘ydilar. Uqba naridan-beri kalimai shahodatni aytdi. Bu xabar shu zahoti Uqbaning do‘sti Ubay ibn Xalafga yetib bordi. U Uqbadan: “Bir g‘alati xabar eshitdim, shu gap rostmi?” — deb so‘radi. Uqba: “Yo’q, bo‘lmagan gap, uyimga bir mo‘tabar odam kelib, imonga kelmasang, ovqatingni yemayman, deb turib oldi. U mening xonadonimdan tuz totmay chiqib ketishidan ko‘nglim g‘ash bo‘lib, kalima keltirgan bo‘ldim. Aslida niyatim boshqa edi, dedi. Uning do’sti Ubay ibn Xalaf: “Muhammadni urib, yuziga yomon so’z aytmaguningcha sening yuzingga qarash menga harom”, dedi. Uqba uning shartini bajo keltirdi.
Ibn Jarir rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida shunday deydi: “U kuni Allohga beparvo bo’lgani va o’zi Robbisining yo’lidan to’sgan do’stiga itoat etgani bois (kofir) kufr halokatiga uloqtirilgani uchun pushaymon bo’lib: “Koshki edi, dunyo hayotida payg’ambar bilan birga azobdan qutqaradigan yo’ldan yursaydim”, deydi”.
Alloh taolo “Batahqiq, menga Zikr kelganidan so’ng, u meni adashtirdi”, qavli bilan dunyo hayotida do’stiga itoat etib, Robbiga qilgan osiyligiga chekkan pushaymonligidan “U meni Allohning dargohidan kelgan zikr – Qur’ondan to’sdi!” deya darak bermoqda.
Xulosa qiladigan bo’lsak yaxshi do’stlar o’z do’stini yaxshilikka yetaklaydi, yomonlari esa yomonlikka boshlaydi. Alloh taolo insonga oqni qoradan ajratadigan ko’z, issiqni sovuqdan farqlaydigan sezgi, yaxshi va yomon so’zni eshitib ajratadigan quloq, shirin va badbo’y hidni farqlaydigan burun, ta’mlarni biladigan til kabi a’zolarni berishlik bilan dunyoda mavjud narsalarning qay biri fodali-yu qay biri zararli ekanini bilishlik uchun aqil ne’matini ham bergandir. Har bir inson havoi nasfiga ergashmay aqliga itoat qiladigan bo’lsa albatta yaxshi do’stlarga hamroh bo’ladi, yomonlikka boshlaydigan do’stlardan uzoqlashadi.
Xalikov Nurullo
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
[1]Mishkat ul-Masobiyh 5010-hadis
[2] Olov puflanadigan va teridan qilingan temirchi asbobi
[3] Furqon surasi, 27−29-oyatlar
