Inson nafsi ko’p mehnat va ishdan charchaydi. Ishning ko’pligidan unga zerikish kiradi. Shuning uchun islom ta’limoti inson uchun o’z nafsiga har zamonda dam berib turishni muboh qildi. Buning uchun shariatda mumkin bo’lgan nafsga dam beruvchi va uni faollashtiruvchi o’yinlar bilan shug’ullanish mumkin bo’ladi. Jismiy va aqliy faoliyatni oldingi titik holiga qaytaruvchi, ishi va ibodatlariga yana ham ko’taranki ruhda bo’lishiga yordam beruvchi amallarni bacharish bilan ham bo’ladi.

Nafsga yengillik berishda biz uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam go’zal namuna bo’lganlar. U zot kular va rost so’zlar bilan hazl qilar edilar. Sahobalar: “Siz ham biz bilan hazil qilasizmi!”, deyishganida, U zot: “Albatta, men (hazliimda ham) haqni aytaman”,[1] derdilar. Rivoyat qilinadiki, bir ansoriy qari kampir kelib, shunday dedi: “(Ey Allohning rasuli) Allohga meni jannatga kiritishini so’rab duo qiling”, dedi. Shunda Payg’ambar alayhissalom: “Ey falonchini[2] onasi, Jannatga kampirlar kirmaydi”, dedilar. Bu gapdan kampir yeg’lab yubordi. Rasululloh buni ko’rib, tabassum qildilarda: “Alloh taoloning: “Albatta, Biz u (hur)larni daf’atan, xos qilib, yaratdik. Bas, ularni bokira qizlar qilib qo’ydik. Bir xildagi tengdosh mahbubalar”, (Voqe’a surasi 35-36-37-oyatlar) degan oyatini o’qimaganmisiz”, dedilar. Ya’ni, Jannatga yosh qiz bo’lib kiriladi, dedilar.

Bir kuni bir kishi Rasulimiz alayhissalomning huzurlariga kelib, minish uchun tuya sadaqa qilishlarini so’rab keldi, shunda U zot: “Men seni tuyani bolasiga mindiraman”, dedilar. Haligi kishi: “Ey Allohning rasuli, men tuyani bolasini nima qilaman?, dedi. Rasulimiz alayhissalom: “Axir tuyani faqat tuya tug’maydimi?!”, deb javob berdilar. Hazil qilib javob berdilaru, ammo hazillari ham chin edi. Yolg’on, asli yo’q, masxara emas edi.

Sahobalar ham (Alloh ulardan rozi bo’lsin) o’zlari jiddiy va salobatli bo’lishlari bilan birgalikda, o’zaro hazil-huzul qilar edilar. Nafslariga dam berib turardilar. Shunday bo’lsada, ularning bu ishlari qadrlarini tushurib yubormagan, chunki ular hazilni ham masxaraga aylantirib yubormaganlar, balki bor narsa bilan, ko’ngilni ko’tarish uchun hazil qilganlar. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Albatta qalblar ham badanlar kabi malollanadi, charchaydi. Shuning uchun qiziqarli hikmatlarni talab qilinglar”. Ya’ni, qalb charchog’idan murod nafs malolligi bo’lib, uning kayfiyatini, ruhiyatini ko’tarish uchun, qiziqarli hikmatli narsalar eshitib, o’qib turish kerak, demoqchilar.

Islom dini uning qadr-qimmati, odob-axloqiga munosib keluvchi ruhiyatni ko’taruvchi narsalarni muboh qildi. Bu bilan, bo’sh vaqtni shunday ishlar bilan mashg’ul qilishni maqsad qilmadi, balki tetiklikni yangilash uchun bo’sh vaqti ham samarali va foidali o’tqazishni qasd qildi. Vaqtni shunday ishlar bilan band qil demadi, asosiy ish qolib hazil-huzul bilan mashg’ul bo’l demadi, aksincha ishdan bo’shaganda, miyaga dam berish paytida shunday ishlarni qilsang bo’ladi, dedi. Hazil qilaman deb, birovni qalbini ranjitish ham islomning maqsadi emas, aksincha bunday qilish gunoh ish sanaladi.

Alloh taolo shunday marhamat qilgan: “Ey iymon keltirganlar! Bir qavm boshqa bir qavmni masxara qilmasin, balki ular bulardan yaxshiroqdir. Va yana ayollar boshqa ayollarni masxara qilmasin, balki ular bulardan yaxshiroqdir. Va o’zingizni o’zingiz mazax qilmang, bir-biringizga laqab qo’ymang” (Hujurot surasi 11-oyat).  Shuningdek Rasulimiz alayhissalom ham bizni boshqalarni kuldirish uchun yolg’on ishlatib hazil qilish va o’yin-kulgudan qattiq ogohlantirib shunday deganlar: “Odamlarni kuldirish uchun yolg’on gapiradigan kishiga vayl bo’lsin, unga vayl bo’lsin, unga vayl bo’lsin!”. Uch bor vayl tiladilar. Bu narsa juda og’ir ish ekanidan darak beradi, bu ishda jamiyat manfaatini himoya qilish yotadi. Islom shu qadar buyuk dinki, har bir shaxsning manfaatini birinchiga qo’yadi. Demak, hazil-huzul qilishda va nafsga yengillik hamda dam berishda shari’at me’yoridan chiqmaslki kerak ekan. Me’yorida bo’lib, masxara bo’lmasa, zarari yo’q ekan.

 

 

Muhibullayev Saidmuhammadxon

“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

 

[1] Imom termiziyni “Sunani” 1990-hadisda Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan.

[2] Farzandining ismi ma’lum bo’lmagani uchun shunday deb murojaat qildilar.