Havolaning shariatdagi ko’rinishi
21

stack of books lying on table in bookstore
Havola lug’atda – Bir narsani bir joydan boshqa joyga ko’chirish ma’nosini bildiradi.
Shar’iy istelohda esa: Qarzdor kishi o’z zimmasidagi qarzini o’zidan boshqaga yuklashi va shundan so’ng qarzdorning zimmasida hech narsa qolmasligidir.
Havolaning shariatga kiritilishiga sunnat va ijmodan dalillar bor.
عَنْ أَبى هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: «مَطْلُ الغَنِيِّ ظُلْمٌ، فإذا أُتْبِعَ أحَدُكُمْ علَى مَلِيٍّ فَلْيَتْبَعْ.» رَواهُ الْخَمْسَةُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy ﷺ: “Imkoni bor odamning qarzni bermay, cho’zishi zulmdir. Birortangizning qarzi o’ziga to’q odamga havola qilinsa, (haqdor) o’shanga borsin”, dedilar”. Beshovlari rivoyat qilishgan.
Musulmonlarning ahli ilmlari doimo havolaning joizligiga ijmo’ qilganlar.
Havola qarzdorning qarzdan ozod bo’lmaslik sharti bilan kafolatga aylanadi.
Kafolat esa qarzdorning qarzdan ozod bo’lish sharti bilan havolaga aylanadi.
Havola qilinayotgan paytda qarzning miqdori aytilsa ham aytilmasa ham bo’laveradi. Havolada qarz beruvchi, qarzdor kishi va qarzni bo’yniga oluvchilarning roziligi shart qilinadi. Mana shu shartlar topilib, havola aqdi nihoyasiga yetgandan so’ng, qarzdor kishi qarzidan mutloq qutiladi. Qarz beruvchi qarzni, o’sha qarzni bo’yniga olgan kishidan talab qiladi. Agar qarzni bo’yniga olgan kishi uni ado qilmasdan turib, zarar ko’rgan holida vafot etsa yoki qarzdor kishi havola qilganiga hujjat keltirolmagan paytda qarzni bo’yniga oluvchi inkor qilib qasam ichsa, Imom Abu Hanifa rohimahullohning nazdida qarzdor kishi qarzdan ozod bo’lmaydi. Imom Muhammad va Imom Abu Yusuf rohimahullohlar yuqoridagi shartga qo’shimcha qilib, qarzni bo’yniga oluvchi tirik holida qozi tomonidan zarar ko’rgan deb e’lon qilinsa ham, qarzdor qarzdan ozod bo’lmaydi deganlar.
Qarzdor va uni bo’yniga oluvchining o’rtasida omonat yoki dirhamlar bo’lsa, agar qarzdor kishi qarzni bo’yniga oluchiga: “Seni zimmangdagi dirham yoki omonat evaziga havola qildim” desa, qarzni bo’yniga olgan kishi zikr qilingan narsadan to’laydi. Agar qarzdor yuqoridagi shartni qo’ymasa, qarzni bo’yniga oluvchi omonat yoki dirhamdan qarzni to’lamaydi, balki o’zining yonidan ado qiladi. Agar undan to’lanishi qaydlangan dirham yoki omonat halok bo’lsa, bo’yniga olgan kishi qarzni to’lashdan ozod bo’lib ketadi.
Foydalanilgan kitoblar:
Fathul bobi inoya;
Fiqhul hanafiy;
Muxtasar;
Muxtasari Quduriy;
Mishkatul masobih;
Maxsumov Maqsud Mahmut o’g’li
“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi
“Fiqh”va “ Tafsir” fani o’qituvchisi
