Hadis ilmi tarixi va uning ahamiyati

727

Alloh taologa hamdu sanolar, payg’ambarlar so’ngisi Muhammad mustafo sollollohu alayhi vasallamga salovot va salomlar bo’lsin.

Hadisi shariflar muqaddas dinimizda Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi manba hisoblanadi. Shunga ko’ra, ushbu ilmning tarixini, unda ishlatiladigan atamalarni va ular orasidagi farqlarni o’rganish musulmon kishi uchun muhim ahamiyatga ega ekani o’z-o’zidan ravshan bo’ladi. Tarixga yuzlanadigan bo’lsak, hadislarni rivoyat qilish va xabarlarni yetkazish ilmining asoslari Qur’oni karimda ham, sunnati Nabaviyyada ham mavjud ekaniga guvoh bolishimiz mumkin. Alloh taolo o’zining muqaddas kalomida boshqalar keltirgan xabarni avvalo aniqlab tekshirib ko’rishga buyurgan.

“Ey mo’minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko’ring!”

Ushbu oyatda xabarlarni qabul qilish va ularni boshqalarga yetkazishda o’ta sinchikovlik bilan yondashish juda ham muhim ekanligi aytilmoqda.

Shuningdek, eshitganidek qilib yetkazgan kishi juda muhim mas’uliyatli ishni ado etgani uchun madh etilgan:

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rosululloh sollollohu alayhi vasallamning: “Bizdan bir narsani eshitib, uni eshitganidek yetkazgan kishini Alloh o’zi ne’matlantirsin. Ehtimol xabar yetkazgan kishieshitguvchidan ko’ra fahimlovchiroqdir”, deyotganlarini eshitdim.

Ma’lumki, sahobalar shariat ahkomlarini Rosululloh sollollohu alayhi vasallam orqali Qur’oni karimdan olganlar. Qur’on oyatlarida esa, ko’pgina hukmlar umumiy tarzda bayon qilingan. Masalan, Qur’onda namoz o’qishga amr qilingan, lekin uni qanday ado qilish, vaqtlari va rakatlarining adadi bayon qilinmagan. Shuningdek, zakotni ado qilishga ham mutlaq amr qilingan, lekin zakot miqdorlari va shartlari batafsil bayon qilinmagan. Bularga o’xshash boshqa ko’plab hukmlarni to’liq anglash va hayotga to’g’ri tatbiq etish uchun albatta insonlar orasida ularni eng yaxshi biluvchi zotga ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojaat etish lozim bo’lgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog’larida u zotning sunnatlariga ergashish qanchalik vojib bo’lgan bo’lsa, vafotlaridan so’ng ham shunchalik vojib bo’ladi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etish vojibligini bayon etuvchi dalillar faqatgina u zot hayotlik vaqtlarida yoki sahobalarning o’zlarigagina xoslab qo’yilmagan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan so’ng sahobalar hadislarni bir-birlaridan hech shak-shubhasiz qabul qilganlar. Tobeinlar ham sahobalardan hadislarni qabul qilishda taraddudga tushmaganlar. Bu holat to fitnalar zohir bo’la boshlaguncha davom etgan. ”Sahihu Muslim” kitobining muqaddimasida Ibn Sirinning ushbu so’zlari keltirilgan: “Oldinlari insonlarni so’ramasdilar, fitnalar sodir bo’la boshlagach, kimdan eshitgansizlar, bizlarga eshitgan kishilaringizni aytinglar, deyishadigan va sunnat ahlining hadislarini qabul qilib, bid’at ahlining hadislarini qabul qilmaydigan bo’ldilar”.

Ana shu e’tibordan keyingi avlod vakillarida olayotgan hadislari haqiqatdan ham Rasolulloh sallollohu alayhi vasallamga tegishli ekanini aniqlash ma’nosida sanadlariga e’tibor berish darajasi oshib borgan.

So’ngra hadis ilmi ulamolari rivoyat qilingan ma’lumotlarni qabul qilish to’g’risida keng bahs olib borganlar. Ushbu izlanishlar natijasida yer yuzidagi barcha ummatlar orasida birinchi bo’lib, xabarlarni qabul qilishning eng daqiq ilmiy qoidalari ishlab chiqilgan. Bu ilmiy qoidalarni quyidagi boblarga ajratish mumkin:

1.Hadislarning isnodlarini bayon qilish.

Dastlab xabarlarni qabul qilish uchun sanadlari bilan bayon qilish yo’lga qo’yilgan. Xabarlarning sanadlari ma’lum bo’lib, qabul qilinadigan bo’lgandan keyin “jarx va ta’dil”, roviylar haqida ma’lumot, sanadlarning muttasil va munqote’larini bilish kabi ilmlar vujudga keldi.Ushbu vaqtlarga kelib ba’zi roviylar haqida so’zlar ham paydo bo’lgan,lekin bu paytlarda jarohatli roviylar, ya’ni rivoyati qabul qilinmaydigan roviylar juda kam bo’lganidan ular haqidagi so’zlar ham ko’p bo’lmagan. Xabarlarni isnodlari bayoni bilangina qabul qilish haqida Ibn Muborak rahmatullohi alayh bunday degan:

“Isnod dindandir, agar isnod bo’lmaganida kimni va nimani xohlashsa, shuni aytgan bo’lishardi”.

2.Hadislarni aniqlashtirish va mustahkamlash.

Hadislarni aniqlashtirish va mustahkamlash sahobalarga, tobeinlarga va ushbu ilmning imomlariga murojaat etish bilan bo’lgan. Alloh taoloning inoyati bilan ba’zi sahobalarning umrlari uzun bo’lib, fitnalar zohir bo’la boshlagan paytlarda ham hayot bo’lganlar.Bunday paytda insonlar tabiiy holatda dastlab ularga murojaat etganlar. Shunga ko’ra, tobeinlar, hatto ba’zi sahobalar ham siqa (ishonchli) roviylar bilan sobit bo’lgan hadislarni eshitish uchun turli shaharlarga safarlar qilishgan. Jobir Ibn Abdulloh Shomga va Abu Ayyub esa Misrga hadis eshitish uchun safar qilgani rivoyat qilingan. Tobeinlarning mashhurlaridan biri bo’lgan Said ibn Musayyabning: “Men bir hadisni eshitish uchun bir necha kunlab safar qilganman”, degan gaplari mashhurdir.

Bishr ibn Abdulloh Hazromiy bunday degan: “Agar bitta hadis talabida shaharlararo safar qilish lozim bo’lsa, uni eshitish uchun albatta safar qilgan bo’lardim”.

  1. Roviylarni tanlash va ularning rostgo’y yoki yolg’onchi ekanini bayon qilish.

Bunda ulamolar rostgo’yni yolg’onchidan, kuchlini zaifdan ajratishga ro’baro kelganlar. Ular bu yo;lda ko’plab mashaqqatlar evaziga, hadis roviylarining tarjimai hollari, yurgan yo’llari va rivoyatga aloqador ma’lumotlarni to’plashga muvaffaq bo’lganlar. Ularni bu yo’lda adolat bilan ish olib borishlaridan biror malomatchining malomati yoki roviyning shon-shuhrati to’sib qo’ymagan. Quyida keladigan hikoya bunga yorqin misoldir: Yahyo ibn Sa’d qattonga: “Siz hadislarini olmagan anavilar qiyomat kunida Alloh oldida sizga qarshi bo’lib qolishidan qo’rqmaysizmi?” deyishdi. U: “Mengaularning raqib bo’lishi, “Hadisimdan nega yolg’onni yo’qotmading?” deya Rosululloh sollollohu alayhi vasallamning raqib bo’lishlarAidan ko’ra yaxshiroqdir”, deya javob berdilar.

Quddusov Abdulloh

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi