U ZOTDA BIZ UCHUN GO’ZAL O’RNAK BOR

43

Alloh taolo Ahzob surasi 21-oyatida biz ummatga xitob qilib shunday degan:

“Batahqiq, sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo’lganlar uchun va Allohni ko’p zikr qilganlar uchun Rasululloh sallollohu alayhi vasallamda go’zal o’rnak bor edi”.

Go’zal o’rnak buyuk islom shari’ati durlaridan bir durdir. Ushbu durdan qanday namuna olishimiz kerak, uni qanday hayotga tadbiq etishimiz kerak, shuni quyida o’rganib chiqamiz.

Tafsiri muyassarda shunday deyiladi: “Ey mo’minlar, sizlar uchun Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning so’zlari, felllar va barcha holatlarida o’rnak va namuna bor, ulardan o’rnak olinglar, uning sunnatini mahkam tutinglar. Zero, Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo’lgan va Allohni zikrini, unga istig’forni va har qanday holatda ham shukrni ko’p qiluvchilargina uning sunnatiga yuradilar va ulardan o’rnak oladilar”.

Ulamolar nazdida sunnati nabaviya deb, u kishining so’zlari, bajargan ishlari, taqrirlar (ya’ni, huzurlarida bajarilgan bir ishni ko’rib, unga indamasliklari yoki ma’qullashlari) va u zoti sharifning sifatlari hisoblanadi. U kishining so’zlaridan o’rnak olishga Alloh taolodan amr ham bor:

“Rasul nima olib kelsa (aytsa, amr qilsa), uni olingalar va nimadan qaytarsa, undan tiyiling” (Hashr surasi 7-oyat), deb marhamat qilgan.

Bajargan ishlariga ergashishga qilingan amr esa, yuqoridagi Ahzob surasi 21-oyatida “Batahqiq, sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo’lganlar uchun va Allohni ko’p zikr qilganlar uchun Rasululloh sallollohu alayhi vasallamda go’zal o’rnak bor edi”, deyilgan.

U zoti sharif sahobalari bilan qanday muomala qilganlar, o’z ayollari bilan qanday munosabatda bo’lganlar, farzandlarini qanday tarbiya qilganlar, qiyinchiliklar oldida qanday holatda bo’lganlar, yengillikdachi unda qay holada bo’lganlar, umuman olgan hayotlaridagi boshqa holatlarda qanday muomalada bo’lganlariga bir nazar tashlasak, o’rnak olishga u zotdan boshqa birorta ham munosib zot yo’q ekaniga ishonch xosil qilamiz.

Yuqorida aytganimizdek, u zotning qovliy (so’z bilan aytgan) sunnatlari: “Rasul nima olib kelsa (aytsa, amr qilsa), uni olingalar va nimadan qaytarsa, undan tiyiling”, degan oyatdagi “nimadan qaytarsa”, degani “nimaga buyursa”, usha narsaga itoat qiling va nimadan qaytarsa, undan qayting, deganidir. Bu amr va qaytariqlar albatta, so’z bilan amalga oshadi. Ammo amaliy sunnatga kelsak, ular u zotning qilgan fellari sanaladi. U zoti sharif biror kishi bilan qo’l berib so’rashsalar, qo’llarini ikkinchi taraf olmaguncha ushlab turardilar, agar ramazon oyi kelsa, odamlar ichida eng saxiy va karamlisi bo’lar edilar. Demak, bizda u zotning qovliy va amaliy sunnatlari bor ekan. So’zlari ham sunnat, fellari ham sunnat ekan.

Misol uchun, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning oldilarida bir inson birorta haq gapni aytsa, u zot sukut qilib turar edilar, demak, sukutlari ham bir sunnat, agar u gap noto’g’ri gap bo’lsa, sukut qilib turmay, uni to’g’rilab qo’yar edilar. Bunga misol, Abu Soib ismli bir sahobiy vafot qilganida, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam vafot etgan sahobiyning uyiga kirdilar, parda ortidan “Ey Abu Soib sizga Allohning rahmati bo’lsin, men guvohlik beramanki, sizni Alloh ikrom qilgan”, deyayotgan ayolning gapini eshitib qoldilar. Agar sukut qilib turganlarida, u ayolning so’zi to’g’ri ekan, degan qarash paydo bo’lib qolardi, shuning uchun u zoti sharif: “Senga Alloh (uni) ikrom qilganini kim bildirdi?, Allohga qasamki, men Allohning elchisi bo’la turib, menga nima qilishini bilmaymanku!”, dedilar. (Imom Hokim Ummu Alo Ansoriyadan rivoyat qilgan).

Bandaning Alloh taolo oldidagi odobiga zid ishlaridan bu, kelajak haqida ishonch bilan hukm qilishidir. Balki biz Allohdan umid qilamiz, deyishimiz Alloh bilan bo’lgan odobdir. Demak, Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning so’zlari, fellari, iqrorlari va sifatlari ham sunnat ekan.

Rasuli akram sallollhu alayhi vasallam sahobalar ichida o’zlarini ajratmas, balki, ulardan biri edilar. Tashqaridan kelgan kishi hatto, qaysi biringiz Muhammdsiz?,-der edi. Bunday so’rovlar tez-tez bo’lib turar edi. U zot uchun alohida kursi va alohida joy hech bo’lmagan. Bu haqda juda ajib rivoyat bor. Sahobalar Rasuli akram sallollohu alayhi vasallam bilan safarda edilar, shu safarda taom tayyorlash uchun bir qo’y so’yishmoqchi bo’lishdi, kimdir men (qo’yni) so’yaman dedi, boshqasi esa, terisini men shilaman dedi, yana boshqasi, uni pishiraman dedi, shunda Rasuli akram sallollohu alayhi vasallam men o’tin terib kelaman dedilar. (Bu aqlga sig’mas, bir ajib o’rnak olishga munosib narsadir, albatta). Sahobalar, biz o’zimiz qilamiz, siz qo’ying Yo Rasululloh sallollohu alayhi vasallam, deyishdi. Shunda u zot, o’zlaring bajara olishingizni bilaman, ammo Alloh taolo bandasini o’z sheriklaridan ajralib turishini yoqtirmaydi, deb marhamat qildilar.

Yana boshqa voqeada, mingta sahobiy va uch yuzta ulovlar bilan bir safarda edilar. Qo’shin qo’mondoni, Allohning nabiyi, Allohning rasuli va bashariyatning afzali shunday dedilar: “Har uch kishiga bir ulov, ular navbatma-navbat minadilar, men, Ali va Abu Lubobaga bir ulov”,-dedilar. O’zlarini ulardan ajratmadilar, butun qo’shin qumondoni, ummat rahbari, Allohning payg’ambari va Allohning elchisi bo’lslar ham o’zlarini barcha qo’shin bilan barobar tutdilar. Nabiy alayhissalom ulovga minar, piyoda yurish navabtlari kelganida, ikki sheriklari u zoti sharif ulovni minib yurishda davom etishlarini so’rar edilar. Shunda u zoti sharif, siz ikkingiz piyoda sayr qilishga mendanda kuchli emassiz va men sizlardan ko’ra ajr olishga behojat emasman, der edilar.

Haqiqatdan u zoti sharifning so’zlari sunnat, fellari sunnat, iqrorlari-yu sifatlari sunnatdir. Har birida biz uchun go’zal namuna bor. Hech birida kamchilik va nuqson yo’q. Ergashgan inson faqat va faqat saoadat topadi, oxirat baxtiga erishadi.

Holimiz qanchalik zaif bo’lsa ham, umidsizlikga tushmaslikni Rasuli akramdan o’rganamiz. Allohning nusratiga ishonch qanday bo’lishini u zotdan namuna olamiz. Sizga kimdir, bo’ldi endi, to’xtadik, endi iloji yo’q, deydi, yo’q, biz to’xtamaymiz. Chunki, Rasuli akram eng mashaqqatlik vaqtda ham noumid bo’lmadilar, Allohga qattiq suyandilar va ishondilar. Demak, bunda bizning hozirgi holimiz uchun yuksak o’rnak bor. Allohning va’dasiga ishonch, bugungi kundagi eng muhim ishlardan sanaladi. Mana shu o’rnak yo’qligi tufayli, biz o’zimizni rizq izlab, o’tga-cho’g’ga urib yotibmiz, bir-birimizga qarshi kurashib yuribmiz, ana shu Muhammadiy o’rnak bo’lmagnligi tufayli, bizning holimiz hali ham zaif va kuchsizdir.

Rasuli akram sallollohu alayhi vasallam: “Men ham siz kabi bir insonman”, deyishlarida biz uchun qanday namuna bor? Нaqiqatdan, u zot bashar ya’ni inson bo’lmaganlarida, bashariyat sayyidi bo’lmas, ochlikni his qilmas edilar. Imom Termiziy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Rasuli akram shunday deganlar:

“Hech kimga hali aziyat berilmagan bir vaqtda, men Alloh yo’lida ozor berildim, hech kim xavfga tushmagan bir paytda, men Alloh yo’lida xavf ostida bo’ldim, menga uch kecha-kunduz (ba’zi rivoyatda o’ttiz kun) Bilolning qo’li ostidagi (ozgina) taomdan boshqa taomsiz kunlar o’tdi”.

Demak, u zoti sharif azob-uqubatning barcha turini boshlaridan o’tkazganlar. Faqirlikni ham boylikni ham tatib ko’rganlar. U zot faqirlikdan hech qo’rqmas edilar. Islom yo’lida nima so’ralsa, uni albatta berar edilar. Bir kuni bir kishi kelib, (narsa so’raganida) usha kishiga ikki tog’ orasidagi qo’ylarni berib yubordilar, shunda usha kishi, guvohlik beraman siz Allohning rasulisiz, in’om berasiz-u faqirlikdan qo’rqamysiz, dedi.

Din yo’lida har qanday aziyat va faqirlikni tatish ham u zotdan o’rnak olinadigan go’zal sunnat ekan. Har qanday mashaqqat din yo’lida arzimas bo’lishligini u zoti sharif biz ummatga amalda ko’rsatib, go’zal namuna bo’lib berdilar. Odamlardan yetgan turli bo’xtonlarga ham sabr qilib namuna bo’ldilar. Axir Oisha onamiz bilan bo’lib o’tgan mashhur “ifk” voqeasini bir o’rganing, sabrlari qanday ekani, haqiqatdan bashariyat sayyidi ekanlariga shohid bo’lasiz!.

Rasululloh sallollohu alayhi vasallam qavliy va feliy sunnatlarini o’rganish farzi kifoyami (ya’ni, bir qavm ichidan bir jamoa o’rgansa, qolganlardan soqit bo’ladimi) yoki farzi aynmi (har bir mo’min shaxs o’rganishi shartmi)?. Mo’min u ham bir inson, u insonni Alloh bu dunyoga Allohni tanishi uchun keltirgan, Allohni (bu dunyoda) ko’zlar idrok etolmas ya’ni, Alloh bilan to’g’ridan-to’g’ri hukmlarni o’rganib bo’lmas, shuning uchun rasul yuborib, unga haqni so’zlatib qo’ydi. Uning har bir harakati haq, in’omi haq, man qilishi haq, g’azabi haq, roziligi ham haqdir. Demak, Rasuli akram sallohu alayhi vasallam o’z so’zlari bilan birinchi muallim, fellari va komil sifatlari ila o’rnak edilar. Shuning uchun har bir inson bu dinning haqiqatiga shu zot orqali yeta oladi, bu esa u zotning har bir so’zlari, fellari, iqrorlar va sifatlariga ergashish vojib ekanini ko’rsatadi, bu esa sunnatdir, sunnatga ergashgan inson Allohga itoat qilgan bo’ladi.

Ulamolar, da’vatchilar va murabbiylar ilm tarqatishlari, tarbiya berishlar va da’vat qilishlaridan oldin Muhammadiy xulqdan namuna olishi kerakmi?, albatta, bu ish o’ta zarur. Chunki, insonlar shunchaki quloqlari bilan ta’lim olmaydilar, balki, ko’zlari bilan o’rganadilar, shuning uchun murabbiy o’zi o’rnak bo’lishi zarur. Rasuli akram “Yuradigan (tirik) Qur’on”, deb sifatlanganlar. Qur’on nutq qiluvchi, borliq esa jimturuvchi Qur’on deyiladi. Biz odamlarni bu dindan ko’zlari bilan ko’rmay turib ta’sirlanmayotganlarini ko’ramiz, islomni tirik yurganini ko’rsalargina ya’ni, bu dinni hayotiga tadbiq qilgan mo’minni ko’rsalar, undan ta’sirlanadilar. Mana shunday mo’min sizga gapirsa, rost gapiradi, siz bilan muomala qilsa, ishonchli bo’ladi, nafsini tiyib, iffatini asraydi. Shundagina u mo’min boshqaga namuna bo’ladi.

So’zimiz so’ngini bir voqea bilan yakunlaymiz. Britaniyada bir voqea sodir bo’lgandi. Bir inson (imom) London tashqarisida Manchistrda ishlar edi. Hamma minadigan ulovga minib (ishga kelib ketardi). Bir kuni mashinaga minib, haydovchiga ko’p naqd pul berdi, haydovchi ortiqchasini qaytib berdi. O’rindiqqa o’tirgach, sanab ko’rsa, yegirma pinsa (shu joy pul birligi) ortiqcha ekan, ya’ni qaytimi ortiqcha ekan. Shunda (haligi imom) o’z nafsi bilan olisha boshladi, “Bu tashkilot (odam tashish uchun tayyorlangan markablar tashkiloti) juda katta tashkilot, uni milliart pullari bor, bu ozgina mablag’ga meni ehtiyojim bor, lekin sen bir masjid imomisanku”, deb o’zi bilan o’zi gaplashishda davom etdi. Bu suhbat haydovchiga ortiqchasini qaytargandagina nihoyasiga yetdi. Qo’lini jo’ntagiga solib, haydovchiga yegirma pinsani berdi, shunda haydovchi tabassum qildi. Uning tabassumi imomni vahimaga soldi. Nimaga tabassum qildi ekan?. Haydovchi imomga: “Sen bu masjidni imomi emasmisan?,-dedi. U: ha, imomiman, deb javob berdi. Haydovchi: Allohga qasamki, ikki kun oldin masjidga seni ziyorat qilgani borib, seni oldingda Allohga ibodat qilishga so’z berib qo’ygandim. Lekin, seni oldinga borishdan oldin bir sinab ko’rmoqchi bo’ldim, dedi. Qissa juda ta’sirli. Imomni nafs tutqini egallab olishiga oz qolgandi, shunda u: “Ey Robbim, men Islomning barchasini yegirma pinsaga sotib yuboray dedima!, deb, Allohga hamd aydi.

Bugungi kunda qancha-qancha musulmonlar dinini ochiq yolg’on bilan sotib yubormoqdalar?, bu haqiqiy muommodir. Demak, odamlar quloqlari bilan emas, ko’zlari bilan ta’lim olar ekanlar. Agar ular islomni oldilarida yurib ketayotganini ko’rmasalar, bu dinga qanoat qilmaydilar, unga ergashishga ikkilanib qoladilar. Shuning uchun har bir olim kishi avvalo Rasuli akram sallollohu alayhi vasallamdan o’rnak olishi kerak, shuning uchun murobbiy o’z nabiyi xulqi bilan xulqlanishi zarur, shuning uchun har bir musulmon dinga to’liq amal qilsihi kerak, ana shundagina u ham namunali, o’rnak olarli inson bo’ladi.

 

Manbalar asosida Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi

o’qituvchisi Muhibullayev Saidmuhammadxon tayyorladi